Toshkentda aksilkorrupsiya sohasida Xalqaro media forum bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli forumni o‘tkazish tashabbusini Prezidentimiz korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimida ilgari surgan edi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorlik bo‘limi, Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati hamda qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Latviya, Singapur, Filippin, Avstriya, Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda O‘zbekiston yetakchi ommaviy axborot vositalari jurnalistlari, vazirlik va idoralarning matbuot kotiblari, xalqaro ekspertlar, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Forumning ochilishida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov O‘zbekistonda jurnalistlar va blogerlar mamlakatda aksilkorrupsiya siyosatini amalga oshirishda faol hissa qo‘shib kelayotganini ta’kidladi.
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish, shu yo‘l bilan kambag‘allikni bartaraf etish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirilayotgani va sezilarli natijalarga ham erishilayotganini qayd etdi.
Forumning asosiy maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalarining rolini oshirishdir. Bu borada global hamda mahalliy muammolar va yechimlarni muhokama qilish, jamiyatda shaffoflik va hisobdorlikni oshirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish, so‘z erkinligi va jurnalistlar himoyasini kuchaytirish maqsadida ommaviy axborot vositalari, davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligini mustahkamlash va xalqaro tashkilotlar vakillari o‘rtasida munozaralar va o‘zaro tajriba almashish uchun platforma yaratish, shuningdek, kelgusidagi rejalar, yangi istiqbollarni belgilab olish forumning asosiy vazifalari etib belgilandi.
– Bugun biz korrupsiyaga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalarining roli haqida gapiryapmiz, – dedi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasinig Hamkorlik bo‘limi rahbari Vim Riyepma. – Bu rolning aslida ikkita jihati bor. Birinchidan, ommaviy axborot vositalari korrupsiya holatlarini ochiqlashi mumkin, ular surishtiruv o‘tkazishlari va vaziyatni jamoatchilikka tushuntirib berishlari mumkin. Ikkinchidan, korrupsiyaga qarshi kurash sizdan va mendan boshlanadi. O‘zbekiston va butun dunyo bo‘ylab har bir insondan boshlanadi. Korrupsiyaga qarshi kurashda o‘z vazifangizni bajaring. Odamlardan ham xuddi shuni so‘rab qolaman – o‘zingiz va mamlakatingiz uchun korrupsiyaga yo‘q deb ayta oling.
Forum o‘z ishini yalpi majlis bilan davom ettirdi. Mazkur media forum ommaviy axborot vositalari, hukumat va fuqarolik jamiyati vakillari uchun korrupsiyaga qarshi kurashda sa’y-harakatlar va imkoniyatlarni birlashtirishda muhim platformaga aylanishi, xalqaro hamkorlikda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirishga va bu borada samarali strategiyalarni ishlab chiqishga xizmat qilishi qayd etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashda zamonaviy medianing yutuq va imkoniyatlari, muammo va kamchiliklari, ochiqlikni ta’minlash, jurnalistik surishtiruvlar o‘tkazish usullari va ma’lumotlar bilan ishlash, yangi texnologiyalardan foydalanish kabi qator muhim masalalar bo‘yicha yetakchi ekspertlar va amaliyotchilar bilan panel sessiyalar doirasida o‘zaro muloqotlar davom ettirildi.
Muloqotlar yakunida korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusini keng yoritishda jurnalistlarning malakasini oshirish, xususan, sohada surishtiruv jurnalistikasini rivojlantirish, global miqyosda korrupsiyaga qarshi kurashda asosiy vosita sifatida ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish bo‘yicha yangi yondashuv, tavsiya va strategiyalar ishlab chiqildi.
Shuningdek, forum ishtirokchilari o‘rtasida axborot va tajriba almashish uchun doimiy platforma yaratishga kelishib olindi.
Norgul Abduraimova, Nosir Haydarov (surat), Nishon Abduvoitov (video), O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 11.09.2024
- Ko'rishlar: 703
- Chop etish