Yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi Sohibqiron Amir Temur haqida gap ketganda, eng avvalo, u ko‘z oldimizda adolatli va marifatli davlat rahbari, mukammal darajadagi harbiy salohiyatga ega qo‘shinlar sarkardasi hamda xalqimiz tarixining mangu mashalasi siymosi sifatida namoyon bo‘ladi.
O‘zA xalqaro maydonda o‘z o‘rniga ega turli soha mutaxassislari fikri orqali Sohibqiron Amir Temur siymosi xususida mulohaza yuritishga qaror qildi.
Sergey Paxomenko,
Latviya universiteti dotsenti, tarixchi olim
— Bilasizmi, ko‘pchilik tarixiy manbaalarda Amir Temur nomi ayniqsa, Yevropa tomonlarda «Temurlang» deb bayon etilgan va adolatli shoh sifatida etirof etilib, qilgan ishlaridan minglab misollar keltiriladi. Haqiqatdan ham Amir Temur imperiyasida qonun har qanday vaziyatda ustun qo‘yilgan va inson manfaatlariga xizmat qilgan.
Shuni takidlab o‘tish lozimki, qadim-qadim zamonlardan beri turkiy xalqlarning ham oila, mol-mulk, meros, davlat bilan fuqaro o‘rtasidagi munosabatlarni muvofiqlashtirib turuvchi, jinoyat va jazo masalalariga tegishli qonun-qoidalari bo‘lgan. Bu qonunlar yillar mobaynida xalqning milliy mentaliteti, urf-odatlari, axloqiy qarashlari bilan uzviylikda rivojlanib, mukammallashib borgan.
Ulusning taqdiri, raiyatning turish-turmushi ko‘p jihatdan markaziy davlat apparatining qanday bo‘lishi, uning viloyat, shahar, tuman va katta-kichik qishloqlardagi idoralarining ish yuritishiga bog‘liq. Shuningdek, ushbu idoralarda xizmat qilib turgan mansabdorlarning nasl-nasabli, imon-insofli, ishbilarmon bo‘lishlari ham katta ahamiyatga ega va bunga Amir Temur alohida etibor bergan. O‘z atrofiga sadoqatli, aql-farosatli, sabr-matonatli kishilarni to‘plagan va ularga ko‘proq ishongan.
Shuning uchun ham bu siymo nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro hamjamiyatda ham yuksak etirof etiladi. Hatto YUNESKO rahbarligida ko‘pgina xorijiy mamlakatlarda Amir Temur tavallud kunlari keng nishonlab kelinadi.
Umuman olganda, jasorat va mardlik, adolat va oliyjanoblik bilan dunyoning yarmini egallagan shunday buyuk sarkardasi borligi bilan o‘zbeklar har qancha faxrlansa arziydi.
Zeynep Gurjanli,
“Nasil bir Ekonomi” nashri muharriri (Turkiya)
— Jahonga mashhur sarkarda Temur tabiatan og‘ir, bosiq, teran fikrli, idrokli hamda nihoyatda ziyrak kishilardagi qobiliyat, fazilat, ayniqsa, yuksak samimiyatni tezda fahmlab oladigan inson bo‘lgan. Yengilmas sarkarda o‘zining ilk harbiy faoliyatini qo‘l ostidagi navkarlari bilan ayrim viloyat amirlariga xizmat qilishdan boshlagan, ularning o‘zaro kurashlarida qatnashib, jasorat ko‘rsatgan, janglarda chiniqqan. O‘sha paytlarda harbiy mahorati va oliyhimmatliligi shuhratini oshirib, keyinchalik uning dong‘i butun dunyoga yoyilgan.
U Movarounnahrda siyosiy vaziyat keskinlashgan, uning mustaqilligini taminlash zaruriyati ko‘ndalang bo‘lib turgan tarixiy sharoitda siyosiy kurash maydoniga kirib keladi.
Ma’lumot tariqasida aytib o‘tsam: XIV asrning ikkinchi yarmida dunyoga ikki buyuk hukmdorning nomi ovoza bo‘ladi. Birinchisi, Movarounnahr zaminidan mo‘g‘ullarni quvib, o‘zining jasurligi va zakiyligi bilan ulkan saltanat barpo etgan Sohibqiron Amir Temur bo‘lsa, ikkinchisi Kichik Osiyodagi (hozirgi Turkiya) barcha bekliklarni o‘ziga bo‘ysundirib, Bolqon yarim orolida joylashgan davlatlarni birin-ketin fath etgan, yashindek tez qozongan g‘alabalari bilan Yevropa mamlakatlarini zir titratgan, Usmoniylar imperiyasi sultoni Boyazid Yildirim edi. Lekin bu ikki turkiy qavm hukmdorlari o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchilik oxir-oqibatda urushni keltirib chiqargan. Ular o‘rtasida kechgan jang tarixga “Anqara jangi” nomi bilan kirgan bo‘lib, bu voqea 1402-yilning 20-iyulida boshlangan va Temurning g‘alabasi bilan yakunlangan.
Turkiya Respublikasi asoschisi Mustafo Kamol Otaturk Amir Temur haqida shunday yozadi: “Menimcha, jahonda o‘tgan sarkardalarning eng ulug‘i Amir Temurdir. U hech qachon biror urushni ko‘r-ko‘rona, faqat harbiy omadga ishonib boshlamagan. U har bir harbiy yurishga jiddiy, puxta, aniq hisob kitob asosida uzoq yillar davomida hozirlik ko‘rgan. Masalan u Anqara jangida Boyazid ustidan qozongan g‘alabasiga aql bilan erishdi”.
Mustahkam intizom, har bir jangchi tomonidan harbiy harakatlar olib borish qoidalariga rioya qilinishi, diplomatik vositalardan ustalik bilan foydalanish kabi omillar raqib ustidan zafar-u g‘alabani ta’minlagan. Tan olib aytish kerak, Amir Temur o‘zining butun hukmronligi davrida biron marta ham mag‘lubiyatga uchramagan. Bunday taqdir har qanday qo‘lida qilich ko‘targan bahodirning qo‘lidan kelavermaydi.
Shri Lakshmaji Rao,
Hindiston Madaniy aloqalar konsulligining Haydarobod bo‘limi rahbari
— Bir safar O‘zbekistonga sayohatga borganimda o‘zbek tarixchi olimlari chop etgan ”Amir Temur o‘gitlari” kitobi qo‘limga tushib qoldi. Unda Amir Temurning 188 ta o‘giti sharqona tarbiya manbai sifatida taqdim etilgandi. Bu o‘gitlar davlatni boshqarish, rahbarni tanlash, harbiy qoidalar, falsafiy, huquqiy, iqtisodiy, psixologik, pedagogik, shaxsni o‘rganish va har bir odamga bo‘lgan munosabatlar, yosh avlodni to‘g‘ri tarbiyalash kabi mohiyatlarni o‘z ichiga oladi. Amir Temur o‘gitlari nihoyatda murakkab va ko‘p qirrali manbaa bo‘lganligi uchun ham ahamiyatlidir. Mana olib qarang:
“Ishbilarmon, mardlik va shijoat sohibi, azmi qatiy tadbirkor va hushyor bir kishi ming-minglab tadbirsiz, loqayd kishilardan yaxshidir”.
“Sodiq va vafodor do‘st ulkim, o‘z do‘stidan aslo ranjimaydi, do‘stining dushmanini o‘z dushmani deb biladi. Agar kerak bo‘lsa undan jonini ham ayamaydi”.
“Bir kunlik adolat – yuz kunlik toat-ibodatdan afzaldir”.
Yuqoridagi o‘gitlarni tahlil qilgan holda aytish mumkinki, Amir Temur nafaqat yirik siyosatchi, yurtparvar, balki ziyrak inson bo‘lganligini ham fahmlash mumkin. O‘z xalqining kuch-qudrati va salohiyatiga bo‘lgan ulkan ishonch, ularni buyuk bunyodkorlik ishlari yo‘lida birlashtira olish salohiyati Amir Temurni buyuklik cho‘qqisiga olib chiqdi.
Shunisi aniq fakt: Temuriylar sulolasi Hindiston, Pokiston, Afg‘oniston va Bangladesh hududlarida 300-yildan ortiq vaqt davomida hukmronlik qilib keldi. 1526-yilda Amir Temurning evarasi Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistonda markazlashgan boburiylar davlatiga asos solgan. Dunyoning yetti mo‘jizasidan biri deya e’tirof etiluvchi “Toj Mahal” qasri ham nasli Temuriylar avlodiga borib tutashadigan Shoh Jahon tomonidan qurdirilgan.
Ishonchim komilki, Sohibqiron siymosi va Temuriylar saltanati insoniyat tarixi uchun bebaho xazina bo‘lib qoladi.
Muhammad Malik,
Osmaniya universiteti tadqiqotchisi (Yaman)
— Amir Temurning xislatlaridan biri shu ediki, u biror bir masalani hal etishdan oldin shu sohaning bilimdon olimlari bilan maslahatlashar, so‘ng aniq qaror qabul qilar edi. Uning olimlar bilan qiladigan maslahatlari har xil darajada va turli shakllarda bo‘lgan. Odatda, Amir Temur tibbiyot, matematika, astronomiya, tarix fanlari vakillari, adabiyotshunoslik ilmi namoyandalari, biologiya va din sohasidagi mashhur olimlar bilan suhbatlar o‘tkazgan. Shuningdek, u riyoziyot, handasa, memorchilik, musiqa kabi sohalarni rivojlantirishga katta etibor qaratgan. Temur badiiy adabiyotga, xususan, sheriyatga qiziqqan va diqqat berib undan bahramand bo‘lganligi aytiladi. O‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyning yozishicha, Amir Temurning podshohlik davridan etiboran turkiy adabiyot keng taraqqiy eta boshlaydi. Sarkarda Temur Samarqandda, Buxoroda, Keshda, Marvda, O‘trorda ko‘plab masjid va madrasalar qurdirgan. Memorchilik faniga asoslanib, sharqning arxitektura ansambli asosida mamuriy binolarni bunyod ettirgan. Ayniqsa, u obodonchilik ishlariga alohida etibor qaratib Samarqandda “Bog‘i Dilkusho”, “Bog‘i Chinor”, “Bog‘i Behisht”, “Bog‘i Baland” “Davlatobod”, “Bog‘i Nav”, “Bog‘i Shamol”, “Bog‘i Jahonnamo”, “Bog‘i Maydon” kabi chorbog‘lar va ulardagi go‘zal ko‘shklarni yaratganki, bugungi kunda ham bu maskanlar biz xorijliklarni doimo o‘ziga maftun etib turadi.
O‘tkir ALIMOV tayyorladi,
O‘zA
- Qo'shildi: 09.04.2024
- Ko'rishlar: 2511
- Chop etish