4 aprel kuni diyorimizda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Anjumanning asosiy natijasi yakuniy qo‘shma deklaratsiyada aks etdi.
O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi faolligi, nufuzli xalqaro forum va konferensiyalarni muvaffaqiyatli o‘tkazayotgani, yetakchi mamlakatlar bilan teng huquqli muloqot olib borayotgani yurtimizni global sahnada tanitmoqda.
Yevropa Ittifoqi yetakchilari Samarqandda ikki mintaqa hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan qator takliflarni ilgari surdi. Xususan, Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta YeI Markaziy Osiyo bilan o‘zaro manfaatli, chuqur va istiqbolli sheriklik qurishga tayyorligini ta’kidladi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy mehmondo‘stlik va go‘zal yurtdagi qabul uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. Ilk sammitimiz qadimiy Samarqandda – mintaqada muhim o‘rin tutgan maskanda o‘tkazilgani ramziy ma’noga ega. Men zamonaviy Samarqand tarixi yangi sahifasiga guvoh bo‘lganimdan faxrlanaman. Zero, bugun hamkorligimiz yangi – strategik darajaga ko‘tarilmoqda.
Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning besh davlati o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Boshqacha aytganda bizni bog‘lab turuvchi mustahkam rishtalar ahamiyatini to‘liq anglash payti keldi. Bugungi xalqaro vaziyatda qonun-qoidaga asoslangan, samarali va adolatli multilateral tizimning ahamiyati beqiyos.
Uchrashuvimiz ko‘p tomonlama sheriklikni yanada mustahkamlash imkonini yaratib, tinch va farovon jahon tartibini qo‘llab-quvvatlashga umumiy intilishimizni tasdiqlaydi.
O‘zbekistonning Samarqand iqlim forumiga mezbonlik qilishi alohida diqqatga sazovor. Bu tashabbus mintaqa uchun o‘ta muhim ahamiyat kasb etadigan iqlim o‘zgarishi va suv resurslarini boshqarishdek global muammoda hamkorlik juda zarurligini ko‘rsatadi. Zamonamizning eng dolzarb tahdidlardan biri sifatida ayni masalaga faqat uzviy harakat orqali yechim topishimiz mumkin.
Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo uchun asosiy investorlardan biri, mintaqaning ikkinchi yirik savdo hamkori. Endi hamkorligimizni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish vaqti keldi. Iqlim o‘zgarishi faqat mintaqa manfaati emas, balki dunyo barqarorligi, xavfsizligi va farovonligi uchun ham umumiy harakatni talab qiladi.
Qayd etish kerak, suv tanqisligi, havo ifloslanishi, tabiiy muhit buzilishi va biologiya xilma-xilligi yo‘qolishi har ikki tomon uchun jiddiy tahdid.
So‘nggi yillarda Ittifoq 2019 yil qabul qilingan Markaziy Osiyo strategiyasi, 2023 yil tasdiqlangan hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha Yo‘l xaritasi hamda Yevropa Ittifoqi Global darvozasi strategiyasi doirasida hamkorlikni faollashtirdi. Hozir raqamli texnologiya, transport va xom ashyo sohasida yangi yo‘nalishlarni o‘rganyapmiz.
Umumiy strategik sheriklik samaradorligini oshirib, aniq natijaga ega tizim yaratishimiz shart. Bugungi dunyoda xavfsizlikka oid muammo chuqurlashmoqda. Bunday tahdidlar transchegaraviy tusga ega. Hech bir mintaqa ayni xavfdan xoli emas. Shuning uchun ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro miqyosda hamkorlikni yanada mustahkamlashimiz zarur.
YeI Markaziy Osiyo uchun xavfsizlik sohasida ko‘p yillik sherik. Chegarani boshqarish va giyohvand moddalarga qarshi kurashish dasturlari mintaqaga intilishimiz in’ikosi. Shuningdek, terrorizmning moliyaviy manbalarini to‘sish va radikallashuv oldini olishda ham birga ishlaymiz.
Muntazam ravishda o‘tkaziladigan giyohvand moddalarga qarshi amaliyot sohadagi hamkorlikni kuchaytirish imkonini beradi. Ayniqsa, birgalikda terrorizm va zo‘ravon ekstremizmga qarshi maxsus muloqot boshlashga kelishganimizdan mamnunman. Bu umumiy xavfsizlik tahdidini yo‘qotishga yo‘naltirilgan muhim qadam.
Fursatdan foydalanib, Qirg‘iziston va Tojikistonni 13 mart kuni imzolangan tarixiy chegara bitimi munosabati bilan qutlayman. Bu nafaqat ikki davlat, balki butun mintaqa uchun ulkan yutuq. Notinch zamonda nizolarni shunday tinch yo‘l bilan yechish namunasi juda zarur.
Afg‘oniston bilan bog‘liq terrorizm, zo‘ravon ekstremizm va giyohvand moddalar savdosi xavfi Yevropa uchun ham jiddiy tahdid tug‘dirmoqda. Markaziy Osiyo bu muammoni bartaraf qilishda ulkan tajribaga ega. Demak, birgalikda mintaqa barqarorligini ta’minlash ustida ishlashimiz mumkin.
Bugungi dunyoda ma’lumotni suiste’mol qilish maqsadida tarqatilayotgan soxta xabarlar – dezinformatsiya kuchayib bormoqda. Yevropa Ittifoqi bu tahdidni juda jiddiy qabul qilib, ichki va tashqi hamkorlar barqarorligini mustahkamlashga sodiq.
Hozir Ukrainada adolatli va barqaror tinchlikka erishish uchun yangi imkoniyat paydo bo‘lgan. Bu jarayonni birgalikda qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Yevropa Ittifoqi jarayonga hissa qo‘shishga tayyor. BMT Nizomida belgilab qo‘yilgan tamoyillar faqat qog‘ozdagi so‘zlar emas, insoniyat tinchligi, xalqlar farovonligini ta’minlashga qaratilgan umumiy va’dalarimizdir.
Ilk sammitimiz ishonchga asoslangan mintaqaviy hamkorlik jahon sahnasida barqarorlashtiruvchi vazifasini bajarishi mumkinligining yaqqol namunasidir. YeI Markaziy Osiyo bilan o‘zaro manfaatli, chuqur va istiqbolli sheriklikka tayyor. Biz kelajakka umid va ishonch bilan qaraymiz, shiorimiz – “Kelajakka sarmoya” iborasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.
Munosabatlarimiz hech qachon bu darajada mustahkam bo‘lmagan. Endi yanada yuqori maqsadlar sari odimlash fursati yetdi. Qo‘shma strategik sheriklikning yangi sahifalarini birgalikda yozamiz!
Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.
O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 07.04.2025
- Ko'rishlar: 341
- Chop etish