Joriy yilning 10 dekabr kuni BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida qurolli mojaroli hududlardan qaytarilgan shaxslarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashining faoliyatiga bag‘ishlangan yuqori darajali brifing tashkil etildi.
AQSHning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Devid Jonson bilan suhbat:
— Qurolli mojaroli hududlardan qaytarilgan insonlarni reintegratsiya qilishda fuqarolik jamiyati va hukumatning maqsadli sa’y-harakatlari qanday birlashtirayotgani haqidagi taqdimotlar bilan katta e’tibor bilan tanishdim.
Ushbu shaxslarni Vatanga qaytarish, ularni o‘zbek jamiyatiga reintegratsiya qilish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi haqida taqdim etilgan ma’lumotlar hayratlanarli.
O‘zbekiston bu ishlarni, ayniqsa, bolalar va ayollarga nisbatan amalga oshirayotgani juda muhim, ze’ro ularning aksariyati qurolli mojaroli hududlarda, repatriatsiyaga muhtojlik holatiga tushib qolishga munosib emas edi.
Eng muhimi, O‘zbekiston bu boradagi sa’y-harakatlarni davom ettirmoqda. Shu bois Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarini o‘z fuqarolarini repatriatsiya qilish va reintegratsiya qilish borasidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Ma’lumot uchun: Brifing SMTI va O‘zbekistonning BMTdagi Doimiy vakolatxonasi tomonidan BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi va BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi ko‘magida o‘tkazildi.
Brifingda BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Vladimir Voronkov, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha Mintaqaviy markazi rahbari Kaha Imnadze, BMT Bosh kotibi yordamchisi Haled Hiari, BMT Aksilterror markazi direktori Mauro Miediko, BMTning terrorizm bo‘yicha sobiq maxsus ma’ruzachisi, Minnesota universiteti (AQSH) professori Fionnuala Ni Aolayn, BMT huzuridagi Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining (XQXQ) doimiy kuzatuvchisi Letisiya Kurtua, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari diplomatik missiyalari rahbarlari so‘zga chiqdi.
O‘zA
- Qo'shildi: 11.12.2024
- Ko'rishlar: 343
- Chop etish