Amerika Qo‘shma Shtatlarining “The Diplomat” nashrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripovning “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi modelini taklif etmoqda” sarlavhali tahliliy maqolasi e’lon qilindi.
Muallif ko‘hna shahrimizda bo‘lib o‘tgan anjumanda mintaqa taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari belgilanib, hamjihatlik va strategik hamkorlik masalasi muhokama qilingani, Yevropa esa g‘oya va tashabbuslarni birgalikda amaliyotga joriy etishga tayyorligini bayon qilgan.
Materialda xalqaro tizim ishonch inqirozi, mojaro va iqtisodiy bo‘linish sharoitida Markaziy Osiyo yuragida joylashgan O‘zbekiston o‘zaro hurmat, samarali sheriklik va rivojlanish muammolarini birgalikda hal etishga qaratilgan kun tartibini namoyon etayotgani alohida ta’kidlangan.
– Markaziy Osiyo – shimolda Rossiya, sharqda Xitoy va janubda Afg‘oniston bilan chegaradosh hududga o‘n yilcha oldin mojaro va yopiq chegaralar mintaqasi sifatida qaralar edi, – deb yozadi E.Aripov. – Bugun esa barqaror, uzviy va ochiq hudud sifatida tan olinmoqda. Markaziy Osiyo – YeI sammitidan oldin O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari tomonidan davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy bitim hamda Abadiy do‘stlik deklaratsiyasi imzolanishi ham ayni o‘zgarishlarning yaqqol misolidir. Bu kelishuvlar ko‘p yillik chegara muammosini hal etib, mintaqaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochdi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsuloti o‘sishi 6 foizga yetishi kutilyapti. Bu global o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqori. Mintaqa iqtisodiy jihatdan taraqqiyotga erishmoqda: ichki savdo 4,5 barobar oshdi, o‘zaro investitsiya ikki karra ko‘paydi, qo‘shma korxonalar soni esa besh marta o‘sdi.
SMTI direktori ushbu taraqqiyot markazida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi tashqi siyosat konsepsiyasi turganini yozgan. Davlatimiz yetakchisi avval-boshdanoq “qo‘shnilar bilan muammosiz” tamoyilni ilgari surganiga e’tibor qaratgan.
AQSH nashri Markaziy Osiyo boy inson kapitali va o‘zlashtirilmagan tabiiy resurslarga egaligi, dunyodagi aniqlangan neft va gaz zaxirasining 7 foizi hamda salmoqli miqdorda yashil texnologiya va raqamli transformatsiya uchun zarur noyob metallarni o‘z bag‘rida saqlayotganini qayd etgan.
Zero, oxirgi yetti yilda YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo miqdori to‘rt barobar oshib, 54 milliard yevroga yetdi. Bu munosabat endi donor va qabul qiluvchi asosida emas, balki o‘zaro manfaatli hamkorlik shaklida rivojlanmoqda.
Maqolada Yevropa investitsiya bankining Toshkentda mintaqaviy ofisini ochish bo‘yicha kelishuv imzolanishi ham alohida e’tiborga molik voqea ekani ta’kidlangan. Bu YeIning mintaqada uzoq muddatli va chuqur hamkorlikka sodiqligini ko‘rsatadi. O‘zbekiston ayni jarayonda muhim hamkor sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Materialda, shuningdek, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoni yashil energiya, infratuzilma va innovatsiya uchun ustuvor sarmoya manzili sifatida ko‘rishga intilayotgani xususida so‘z borgan:
– YeI bizning mintaqamizda karbon bozorini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash niyatini bildirib, “Markaziy Osiyo – YeI toza energiya sherikligi”ni tuzish bo‘yicha O‘zbekiston tashabbusini olqishladi. Ko‘hna qit’a inson kapitalini rivojlantirishga faol investitsiya kiritmoqda. Erasmus+ dasturi doirasida Markaziy Osiyo talabalari uchun imkoniyatni kengaytirish, sun’iy intellekt, ulkan ma’lumot va fazoviy texnologiya sohasida akademik almashinuvni yo‘lga qo‘yish hamda raqamli ta’lim va innovatsiya dasturlari orqali yaqinlashish rejalarimiz ham bor.
Umuman, ko‘plab fakt, statistika va loyihalar tahliliga asoslangan maqolada mintaqamiz yangi siyosiy-iqtisodiy o‘sish sur’atini olganiga urg‘u berilgan. Binobarin, Markaziy Osiyo davlatlari o‘z manfaatini tobora ko‘proq yagona ovoz bilan ifoda etmoqda. Muallif xulosa tarzida Samarqand mana shu mintaqaviy ovozni namoyon etish, vaziyatni munosib baholash uchun qulay maydon bo‘lib xizmat qilgani, Markaziy Osiyo davlatlari aniq mexanizm, taklif va hamkorlik platformasini ilgari surganini keltirgan.
Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.
O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 14.04.2025
- Ko'rishlar: 199
- Chop etish