Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi sakkiz yilda elektr ishlab chiqarish 38 foiz oshib, 81,5 milliard kilovatt soatga yetkazilgan. Xususiy sektorga keng yo‘l ochilgani tufayli 11,2 gigavattli qo‘shimcha quvvat yaratilgan. Natijada bu sektorning generatsiyadagi ulushi 24 foizga, “yashil” energiya hissasi esa 16 foizga yetgan. Shu davrda aholi daromadi 1,6 baravar o‘sgani, yangi turdagi maishiy texnikalardan foydalanilayotgani sababli xonadonlarda elektr iste’moli 21 milliard kilovatt soatdan oshgan.
Iqlim o‘zgarishi, atmosfera havosi ifloslanishi va boshqa dolzarb ekologik muammolar kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlarni taqozo etmoqda. Ana shunday choralardan biri qayta tiklanadigan manbalardan olinadigan elektr energiyasidan foydalanish — “yashil energetika”ga to‘liq o‘tishdir.
“Yashil energiya” foydasiga gazdan voz kechish nimaga olib keladi?
Qayd etilishicha, aholi zichligi yuqori bo‘lgan shaharlarda (masalan, Toshkentda) havoning ifloslanishi aholi salomatligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Gazdan elektr energiyasiga o‘tish esa nafas yo‘llari kasalliklarini kamaytirish orqali inson salomatligini yaxshilaydi. Qayta tiklanadigan manbalardan olinadigan elektr energiyasi — quyosh, shamol va gidroenergetikadan foydalanish — karbonat angidrid (CO₂) va metan gazlarini kamaytirishga yordam beradi. Misol uchun, quyosh panellari yoki shamol turbinalari yordamida elektr energiyasini ishlab chiqarishda, ekspluatatsiya bosqichida uglerod chiqindilari deyarli yo‘q.
Tabiiy gazni yoqish paytida har bir kubometr gaz uchun taxminan 2,75 kg CO₂ ajralib chiqadi. Bu jarayon, shuningdek, oz miqdorda metan chiqaradi, bu karbonat angidriddan 25-28 marta kuchli issiqxona gazidir. Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo panel (IPCC) ma’lumotlariga ko‘ra, qazib olinadigan yoqilg‘idan foydalanishni qisqartirish asr o‘rtalarida uglerod neytralligiga erishishning asosiy qadamlaridan biridir.
Havo sifati yaxshilanadi
Gaz qozonlari va pechlar o‘zidan NOₓ chiqaradi, bu esa yashash joylari va atrofidagi havo sifatini yomonlashtiradi. Ushbu birikmalar tutun va kislotali yomg‘irning shakllanishiga hissa qo‘shadi va salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Gazdan foydalanishdan voz kechish esa aholi punktlarida havo sifatini yomonlashtiradigan azot oksidi (NOₓ) kabi zaharli moddalar emissiyasini kamaytiradi. Chunki elektr isitkichlar va issiqlik nasoslari NOₓ yoki boshqa zaharli birikmalar chiqarmaydi. Bu, xonadonlar va shaharlarda havo sifatini yaxshilash uchun, ayniqsa, muhimdir.
Ovqat pishirish jarayonida gaz plitasi soatiga taxminan 0,2-0,3 kub metr tabiiy gazni yoqadi, bu soatiga 0,4-0,6 kg CO₂ tashlamalari ajralib chiqadi, degani. Elektr pech esa soatiga o‘rtacha 2-3 kVt / soat energiya (qayta tiklanadigan manbalardan olinadigan energiya) iste’mol qiladi, zararli tashlamalar esa deyarli yo‘q (soatiga 0,05 kg CO₂ dan kam).
Metan xavfi bartaraf etiladi
Tabiiy gazni qazib olish va tashish jarayonida kuchli issiqxona gazi — metan ajralib chiqadi. Metan sizib chiqishini nazorat qilish juda qiyin va uglerodning salbiy ta’sirini sezilarli darajada oshiradi. Elektr energiyasidan, ayniqsa, qayta tiklanadigan manbalardan foydalanish esa bu xavfni butunlay yo‘q qiladi.
Energiya samaradorligi oshiriladi
Zamonaviy elektr jihozlari (masalan, induksion pechlar, issiqlik nasoslari) gazga qaraganda ancha tejamkor, bu esa umumiy energiya sarfini kamaytiradi. Induksion pechlar energiya yo‘qotilishini kamaytiradi va samaradorligi taxminan 85-90 foizni tashkil qiladi, gaz plitalarida esa bu raqam taxminan 60 foizga teng.
Soha vakillarining ta’kidlashicha, issiqlik nasoslari (havo, suv) an’anaviy gaz tizimlariga qaraganda kamroq energiya sarf qiladi. Masalan, bunday nasoslarning energiya konvertatsiya qilish samaradorligi 300-400 foizga yetishi mumkin.
Atmosferaga 6,5 million tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi
Yuqorida keltirib o‘tilgan omillar, umuman, butun dunyo ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish, iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yumshatish va boshqa dolzarb muammolarni bartaraf etish maqsadida to‘liq “yashil energetika”ga o‘tmoqda. Xususan, O‘zbekistonda ham 2030 yilga kelib ishlab chiqarishda qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushini 54 foizga yetkazish, 19 ming MVt quvvatga ega qo‘shimcha “yashil quvvatlar”ni qurish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 3400 MVt quvvatga ega 18 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda 1800 MVt quvvatga ega energiya saqlash tizimini ishga tushirish maqsad qilingan. Mazkur chora-tadbirlar “yashil energiya” ishlab chiqarish hajmini 12 milliard kVt/soatgacha oshirishi kutilmoqda. Bu 5 million xonadonning yillik iste’moliga teng bo‘lib, atmosferaga 6,5 million tonna zararli gazlar chiqishining oldini oladi.
Ayni paytda quyosh energetikasi salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha 8 ta davlat-xususiy sheriklik loyihasi amalga oshirilib, 1,3 milliard dollarlik 4,3 milliard kVt/soat (1,6 GVt) ishlab chiqarilmoqda.
Gaz plitalaridan bosqichma-bosqich voz kechish lozim
Amerika Qo‘shma Shtatlarida olib borilgan tadqiqotlar gaz plitalari turli kasalliklarga sabab bo‘lishini ko‘rsatmoqda. Xususan, 2023 yilgi tadqiqotlarda AQSH xonadonlarining qariyb 40 foizida joylashgan gaz plitalari mamlakatda bolalar astma kasalliklarining 12,7 foiziga, ya’ni 650 ming nafar bolaning shu kasallikka chalinishiga sabab bo‘lgan. Qolaversa, gaz plitasi yoqilganda va to‘liq quvvatda ishlasa, havoga bir qancha ifloslantiruvchi moddalar chiqarishi ham qayd etilgan.
Xorijiy nashrlarning yozishicha, gaz plitalaridan chiqadigan zararli moddalar har yili 40 ming nafar yevropalikning o‘limiga sabab bo‘lmoqda, bu avtohalokatlar natijasida vafot etganlar sonidan ikki baravar ko‘p. Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyadagi uy xo‘jaliklarida o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, gaz plitasidan foydalanish inson hayotini o‘rtacha ikki yilga qisqartiradi. Shu va boshqa tadqiqotlardan kelib chiqqan holda Yevropa Sog‘liqni saqlash ittifoqi barcha davlatlarni gaz pechlariga cheklov o‘rnatish va bosqichma-bosqich voz kechishga chaqirgan.
Yurtimizda aholi soni yildan-yilga oshib bormoqda. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 37 million 543,2 ming kishiga yetdi va 2024 yilda aholi o‘sishi 2 foizni yoki 743,4 ming kishini tashkil etdi (2025 yil 1 yanvar holatida). Aholi eng zich hudud esa Toshkent shahri hisoblanadi. Albatta, har kim eng qulay sharoitlarda yashashni istaydi va bunga haqli. Ammo tabiat haqida ham qayg‘urish, nafaqat o‘zimiz, balki atrof-muhit bilan hisoblashib yashash vaqti keldi.
2030 yilga borib, mamlakatimiz aholisi 41 millionga yetishi, iqtisodiyotimiz esa 1,5 karra o‘sishi kutilyapti. Shunga mutanosib ravishda, sanoatda 45 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish, xizmatlar hajmini 3 baravar oshirish, yirik Ma’lumotlar markazlarini ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Buning uchun, avvalo, barqaror elektr ta’minoti zarur. Hisob-kitobga ko‘ra, 2030 yilda 117 milliard kilovatt soat, 2035 yilda esa 135 milliard kilovatt soat elektr energiyasi talab etiladi. Ya’ni, hozirgidan 1,7 baravar ko‘p.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA
- Qo'shildi: 30.01.2025
- Ko'rishlar: 214
- Chop etish