Mamlakatimizda xotin-qizlar faolligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ma’lumotlariga ko‘ra, olis hududlardagi mahallalarda kamida 20 nafar ehtiyojmand xotin-qizni kasanachilik asosida ish bilan ta’minlagan tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida har yili bir marotaba qiymati 50 million so‘m miqdordagi loyihalar tanlovini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida loyihalar tanlovi o‘tkazilib, tanlovda ishtirok etgan 52 ta tadbirkorlik sub’ektining loyiha takliflari va hujjatlari tanlov komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilgan.
Tanlov komissiyasining qaroriga asosan eng yaxshi va asosli deb topilgan 12 ta tadbirkorlik sub’ekti loyihalariga 50 million so‘mdan grant mablag‘lari ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti talabgorlarini tanlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan bo‘lib, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti talabgorlarini tanlash, ularning hujjatlarini rasmiylashtirish va taqdim etish tartibi hamda yo‘nalishlar bo‘yicha talabgorlarning yutuqlari, ilmiy-ijodiy va amaliy ishlarini baholash mezonlari belgilab berilgan.
Talabgorlar 8 ta yo‘nalish — fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va jamoatchilik faoliyati bo‘yicha tanlovlar orqali saralanadi. Mukofot har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 2 nafardan vakillariga — jami 28 nafar talabgorga beriladi. Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, bugungi kunga qadar 452 nafar xotin-qiz ushbu mukofot bilan taqdirlangan.
Mutaxassisning ma’lum qilishicha, “Ayollar daftari”ning 5-bosqichini shakllantirishda 30 yoshdan oshgan 7,5 million nafar xotin-qiz xatlovdan o‘tkazilib, 1 million 265 nafari “Ayollar daftari”ga kiritilgan.
Daftarga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlarning 982 ming 387 nafariga yordam ko‘rsatildi. Xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlardan 548 ming 458 nafari yangi ish o‘rinlari va jamoat ishlariga joylashtirildi. Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlarning 35 ming 930 nafariga tadbirkorlik faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishlari uchun imtiyozli kreditlar ajratilgan.
Boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlardan 155 ming 24 nafariga bir martalik moddiy yordam berilgan. 1 ming 763 nafarining uy-joyi ta’mirlab berilgan. 1- va 2-guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlardan 175 ming 351 nafariga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilgan. 5 ming 437 nafar xotin-qizga ijara kompensatsiyasi to‘lab berilgan.
Shu bilan birga, qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand ayollardan 61 ming 759 nafariga moddiy yordam berilgan. 1 ming 470 nafariga tomorqadan unumli foydalanishi uchun amaliy hamda moddiy yordamlar ko‘rsatilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA
- Qo'shildi: 12.11.2024
- Ko'rishlar: 775
- Chop etish