Davlat ramzlari deganda, aksariyat yurtdoshlarimiz faqat Davlat bayrog'i, Davlat gerbi va Davlat madhiyasini tushunadilar. Binobarin, bu muhim timsollar qatoriga – davlatning nomi, Konstitutsiyasi va Prezidenti, poytaxti va milliy valyutasi, mukofot va unvonlari ham kiradi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning qator farmonlari asosida mamlakatimiz Mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangani davlat ahamiyatiga ega voqea hisoblanadi. Ushbu mukofotlarni topshirish marosimi O'zbekiston Prezidentining bevosita ishtirokida Ko'ksaroyda bo'lib o'tgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Davlatimiz rahbari shaxsan yuksak mukofotlarni topshirgan fidoyi yurtdoshlarimiz orasida O'zbekiston Qahramoni, taniqli adabiyotshunos olim va mohir tarjimon, mashhur adib va mehribon murabbiy Ibrohim aka G'afurov ham bor. Yurtboshimiz “O'zbekiston Qahramoni” unvoni guvohnomasi va “Oltin yulduz” medalini o'z sohibiga taqdim etar ekan, jumladan, shunday dedi:
– Men Erkin Vohidov va Abdulla Oripov bilan do'st edim. Abdulla Oripov bilan Zomin maktabini tashkil qilgan edik. Erkin akaning bir gaplari bo'lar edi: “agar o'zbek tilining buyukligini bilishni xohlasang, Ibrohimjondan so'rash kerak”, derdi. Ibrohim aka milliy adabiyotimizning ana shunday zabardast namoyandasi.
O'z navbatida, O'zbekiston Qahramoni Ibrohim G'afurov yuksak e'tibor va e'tirof uchun minnatdorchilik izhor etar ekan, avvalambor, “Yurtboshimiz 5 yil avval Prezidentlikka kirishganidan boshlab o'z lavozimini kabinetdan xalq orasiga olib kirdi. Prezident Shavkat Mirziyoev xalq ichiga kirdi, odamlarning ishonchini qozondi. Uzoq qishloqlarga, ta'lim auditoriyalariga, qo'shni davlatlar qalbiga kirib bordi bu inson”, dedi Ibrohim aka.
Prezidentimiz Yangi O'zbekiston g'oyasini ilgari surdi. Yangi Uyg'onishga ham bugungi avlod asos solishiga xalqimizni ishontirmoqda. Natijada yurtdoshlarimizda kuchli rag'bat va bunyodkorlik ruhi uyg'ondi. Ayrim mamlakatlarda ocharchilik yuz bergan bir vaziyatda O'zbekiston dunyoni kiyintirmoqda. Mamlakatimiz har tomonlama obod bo'lmoqda. O'zbekiston rahbari ma'naviyatni yuksaltirish masalasini BMTning yuksak minbarida ko'tarmoqda.
Ustoz Ibrohim aka yuz karra haq. Binobarin, keyingi yillarda butun jahon ahlini sarosimaga solgan koronavirus inqiroziga qaramay, Millat Sardori rahnamoligida O'zbekiston davlati va o'zbek xalqi hayotning turli sohalarida erishgan ulkan yutuqlarda Ibrohim G'afurovning ham o'ziga xos hissasi bor.
Ustoz bu haqda maqtanishni istamaydi, xolos. Chunki Ibrohim aka butun hayoti mehnat ichida o'tgan el-yurtning fidoyi bir ziyolisi, kamtarin va halol inson. Barcha ustozlari kabi milliy ma'naviyat va ma'rifat ravnaqi yo'lida tinim bilmay izlanadi. Yurtboshimiz ta'biri bilan aytganda, “Ibrohim G'afurov butun hayoti davomida xuddi Zahiriddin Muhammad Bobur kabi behalovat yashab, ilmu ijod qilib kelayotgan nozikta'b so'z zargaridir”.
Avvalambor, Ibrohim aka “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”, “Milliy tiklanish” gazetalarida ishlagan kezlarida ushbu davriy nashrlarning ravon tili, maqbul sifati va yuksak saviyasidan gazetxon sifatida hamisha ko'nglim to'lgan. Ustoz turli nashriyotlarda xizmat qilganlarida ham, kitobsevar xalqimizga yuksak saviyali adabiy-badiiy asarlar taqdim etishga intilib kelgan.
Shu tariqa kamina Ibrohim G'afurovning ilmiy-ijodiy va badiiy muharrirlik faoliyati bilan yoshligimdan, ellik yildan buyon yaxshi tanish bo'lsam-da, o'zaro yaqin munosabatlarimiz Oliy Majlis deputatlari sifatida 1999-2008 yillardagi qonun ijodkorligi jarayonlari bilan bevosita bog'liq. Ibrohim aka bilan o'n yildan ortiq vaqt mobaynida bitta binoda, yondosh ish kabinetlarida qonun ijodkorligi faoliyati bilan shug'ullanganimiz menga faxr-iftixor bag'ishlaydi.
O'sha davrda Ibrohim aka mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining huquqiy asoslarini mustahkamlash yo'lida ulkan xizmat qildi. Ayniqsa, qonunlarimizning tili ravon, ifoda uslubi aniq va tushunarli bo'lishini ta'minlashda o'zining chuqur, qamrovdor bilimi va katta amaiy tajribasi bilan munosib hissa qo'shdi.
Ibrohim G'afurov nafaqat davlat arbobi, balki jamoat arbobi sifatida ham jamiyatimiz ravnaqida o'z in'ikosini topgan ezgu xizmatlari bilan faxrlansa arziydi. Gap shundaki, Ibrohim aka “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining yetakchisi sifatida ushbu siyosiy partiyaning shakllanishi, oyoqqa turishi, yuksak huquqiy maqomga – parlament partiyasi darajasiga erishishi yo'lida astoydil jonbozlik ko'rsatdi.
Ibrohim akaning deputat, siyosiy yetakchi, bosh muharrir sifatida olib borgan samarali faoliyati, shubhasiz, meni doim hayron qoldirgan. Ayni chog'da, shunday tig'iz ijtimoiy-siyosiy kun tartibiga qaramay, u kishi adabiyotshunoslik, tarjimonlik va tarjimashunoslik sohalari bilan bog'liq qizg'in ijodiy jarayonlardan hech qachon uzilib qolmagani, aksincha, hamisha adabu ma'rifat ummonining darg'alaridan biri bo'lib kelayotgani hayratimni yanada oshiradi.
Bu haqda so'z yuritganda, birinchi navbatda, Ibrohim G'afurovning adabiyotshunos maqomidagi ilk kitobi – “Go'zallikning olmos qirralari” 1963 yilda chop etilganini ta'kidlash lozim. O'tgan qariyb oltmish yil davomida bu sohada “Dil erkinligi”, “Hayo – xaloskor”, “Mangu latofat” kabi yana o'nlab kitoblari nashrdan chiqdi.
Ushbu kitoblarning ayrimlarida mumtoz adabiyotimizda odamiylik va umuminsoniy qadriyatlarning aks etishi chuqur tadqiq etilgan bo'lsa, boshqa birlarida adabiy avlodlarning maydonga kirib kelishi, adabiyotdan mustahkam o'rin olishi haqida keng mushohada yuritilgan.
Taniqli adabiyotshunos naqd yarim asrdan beri o'zbek adabiyoti jarayonlarini teran tahlil, tadqiq va talqin etib keladi. Badiiyatda haqqoniylik va insoniylik, adolat v milliy o'ziga xoslik, ilmiylik va xolislik printsiplarining namoyon bo'lishi holatlarini kuzatadi.
Ibrohim aka nafaqat mashhur adabiyotshunos, balki yetuk va zukko tarjimashunos hamdir. Olimning 2008 yilda “Tarjimonlik mutaxassisligiga kirish” o'quv qo'llanmasi va 2012 yilda hammualliflikda “Tarjima nazariyasi” darsligi nashr etilgan. Bu asarlar mamlakatimiz oliy o'quv yurtlarining tarjimonlik fakul`tetlari talabalariga mo'ljallangan bo'lib, o'quv jarayonida qo'l kelayotgani tahsinga loyiqdir.
Tarjima – ma'rifat qo'ng'irog'i, deydilar. Rostdan ham, tarjimaning ma'rifat tarqatish borasidagi ahamiyati beqiyosdir. Tarjima, avvalo, turli tilda so'zlashuvchi xalqlarni yaqinlashtirishga, bir-biridan o'rganishga, ularning do'stligi va hamkorligiga xizmat qiladi.
Bu o'rinda Ibrohim G'afurov jahon adabiyotining nodir asarlari, xususan, E.Xemingueyning “Chol va dengiz” qissasi hamda “Alvido, qurol” romanini, G.Markesning “Buzrukning kuzi”, J.Joysning “Uliss”, Nozim Hikmatning “Surur” romanlarini o'zbek tiliga tarjima qilgani alohida qayd etish lozim. Shuningdek, Chingiz Aytmatov qalamiga mansub “Qiyomat” (“Kunda”), “Qulayotgan tog'lar” romanlari va “Chingizxonning oq buluti” qissasi Ustoz Ibrohim akaning tarjimasida milliy adabiyotimiz xazinasidan joy oldi.
Ibrohim G'afurov “Panchatantra” nomli besh dostondan iborat hind eposi va Konfutsiy hikmatlarini, F.Nitshening “Zardo'sht tavallosi” nasriy dostonini, Sartr, Folkner, Edgar Po, V.Rasputin, A.Soljenitsin kabi jahon adabiyoti namoyandalari qalamiga mansub qissa va hikoyalarni ham maroq bilan ona tilimizga o'girib, o'zbek kitobxonlariga tuhfa etdi.
Olis tarix shundan dalolat beradiki, Sharq xalqlari adabiyotida badiiy mahorat darajasining yuksakligi, odatda, ijodkorning xamsachilik, ya'ni «Xamsa» yozish bilan bog'liq dostonnavislik an'anasini rivojlantirishga qo'shgan hissasi asosida baholangan. G'arbda, xususan, nasroniylik dunyosida esa yozuvchi ijodining zabardastligini belgilashda "Besh buyuk kitob" ("Bibliya"ning dastlabki beshta kitobi misolida) tamoyilidan kelib chiqiladi.
Shu ma'noda, Fyodor Dostoevskiy "Besh buyuk kitob" – "Jinoyat va jazo", "Telba", "Qimorboz" (boshqa ro'yxatlarda – “O'smir”), "Iblislar" va "Aka-uka Karamazovlar" romanlarini yaratgan iqtidorli muallif sifatida nafaqat rus adabiyoti, balki jahon adabiyotida o'z yuksak o'rni hamda mavqeiga ega yozuvchi hisoblanadi.
F.Dostoevskiyning "Besh buyuk kitob" turkumiga kirgan mashhur romanlarining barchasi birinchi bo'lib nemis tiliga o'girilib, keyin Yevropaning boshqa tillariga tarjima qilingan. Ammo, bu turkum Vil`gel`m Vol`fson yoki boshqa nemis tarjimonlari tomonidan ham haligacha to'liq tarjima qilinmagan.
Bu yuksak marrani birinchi bo'lib zabt etish frantsuz tarjimoni Andre Markovichga nasib etgan. A.Markovich o'n yildan ko'proq vaqt oralig'ida – 1991-2002 yillarda Dostoevskiyning "Besh buyuk kitob" turkumiga kirgan mashhur romanlarini frantsuz tiliga to'liq tarjima qilgan.
O'zbekiston vakili – Ibrohim G'afurov Fyodor Dostoevskiy qalamiga mansub "Besh buyuk kitob" tarkibiga kirgan romanlarning barchasini to'liq tarjima qilishga musharraf bo'lgan dunyodagi ikkinchi solih tarjimondir.
F.Dostoevskiyning "Besh buyuk kitob"ini asliyat va tarjimasini o'zaro qiyoslab o'qib chiqqan talabchan kitobxon sifatida shuni alohida ta'kidlashni istardimki, Ibrohim G'afurov tarjimalarida ushbu sohaga oid talab va mezonlarning barchasiga muvaffaqiyatli darajada amal qilingan.
Bu jarayonda, teatr iborasi bilan aytganda, tarjimon Ibrohim G'afurov yozuvchi Fyodor Dostoevskiyning obraziga kirishi, ya'ni u kabi fikrlashi, so'zlashi, keng dunyoqarashga ega bo'lishi, hayotni uningdek tadqiq qila bilishi kerak edi. Shunday ham bo'ldi: uzoq yillar va 5 ta salmoqli roman tarjimasi asnosida Ustoz Ibrohim aka tom ma'noda Dostoevskiyning timsoliga aylana oldi!
Yana bir muhim holat: F.Dostoevskiy yuksak iqtidor sohibi ekani bilan bir qatorda, taqvodor va e'tiqodli inson ham bo'lgan. Shuning uchun adib qalamiga mansub "Besh buyuk kitob" tarkibiga kirgan romanlarning g'oyaviy mazmunida diniy-ma'rifiy yo'nalish ustuvor o'rinda turgani tabiiy. Aslida, sobiq sovetlar zamonida Dostoevskiyning hayoti va ijodini o'rganish masalasi maktab darsliklariga kiritilmaganini ham ayni shu omil bilan izohlasa bo'ladi.
Shunday ekan, xudosizlik siyosati "ot surgan" zamonda, ya'ni 1977 yili – "Jinoyat va jazo", 1981 yili "Telba" romanlarini o'zbek tiliga tarjima qilgan va kitob holida nashr etilishiga erishgan Ibrohim akaning ma'naviy jasoratiga tasannolar deyishimiz kerak.
Boshqacha aytganda, Fyodor Dostoevskiy asarlarini o'zbek tiliga tarjima qilish misolida Ibrohim G'afurov o'zining:
birinchidan, nafis badiiy didi;
ikkinchidan, yuksak ma'naviy jasorati;
uchinchidan, teran ma'rifiy zakovatini namoyon etdi.
Aynan shuning uchun ham, Ibrohim G'afurov “O'zbekiston Qahramoni” unvoni uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorchilik bildirar ekan, bu oliy mukofot joriy yilda butun dunyoda tavalludining 200 yilligi keng nishonlanayotgan ulug' adib Fyodor Dostoevskiy ijodiga berilgan yuksak baho ham ekanini qayd etgani bejiz emas.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, Ibrohim akaga o'xshagan halol insonlar hayoti, mehnati, umri misolida xalqimizga, yoshlarimizga hamisha o'rnak va namunadir. Umr bo'yi bitta yozuv stoli, ruchka va kitob to'la xonadan boshqa biror narsani o'zi uchun ep ko'rmagan shunday inson, albatta, O'zbekiston Qahramoni bo'lishga loyiq.
Fursatdan foydalanib, mamlakatimiz qalam ahliga yuksak g'amxo'rlik ko'rsatib, muntazam qo'llab-quvvatlayotgani uchun O'zbekiston Prezidentiga chin qalbdan minnatdorchilik bildiramiz. Ustoz Ibrohim akani oliy unvon bilan muborakbod etamiz!
Akmal Saidov,
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari
- Qo'shildi: 06.09.2021
- Ko'rishlar: 3719
- Chop etish