Biznes-ombudsman: tadbirkorlar huquqlari qonun himoyasida

Iqtisodiyotimizda xususiy mulkning o‘rni va rolini tubdan oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish borasida islohotlar davom ettirilmoqda.

Ushbu vazifalarni bajarishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) tomonidan ham bir qator ishlar amalga oshirilayotir.  

Biznes-ombudsmanning Toshkent shahar bo‘limiga joriy yilning o‘tgan davrida tadbirkorlardan 520 murojaat kelib tushdi.  

Ularning asosiy qismini yer va binolar, soliq munosabatlari, sud qarorlari, ruxsatnomalar, litsenziya va hujjatlarni rasmiylashtirish, bank, moliya va kredit masalalari, infratuzilma hamda surishtiruv-tergov masalalariga oid murojaatlar tashkil qildi.  

Murojaatlarni o‘rganish jarayonida ularda keltirilgan vajlarni chuqur o‘rganish va imkon qadar qanoatlantirishga e’tibor qaratilmoqda. Xususan, “Green Metals” mas’uliyati cheklangan jamiyati (nomi o‘zgartirilgan) rahbarining Soliq kodeksi va Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan “Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida” gi nizom talablari buzilgan holda o‘tkazilgan tekshiruv natijasida qo‘shimcha soliq hisoblash bo‘yicha qaror qabul qilinganligidan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaati o‘rganib chiqildi.  

O‘rganish natijasida aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan soliq organining qarori bekor qilinib, jamiyat hisob varag‘idagi 202 million 356 ming so‘m qo‘yilgan qo‘shimcha soliq summasi olib tashlandi.  

Biznes-ombudsmanning Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlari tomonidan davlat idoralari faoliyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar va tahlillar, shuningdek, murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasiga ko‘ra joriy yilning 1-choragi davomida tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini buzgan 53 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilib, aybdorlarga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llash haqida qarorlar chiqarildi.  

Jumladan, “Elite Home” mas’uliyati cheklangan jamiyatining (nomi o‘zgartirilgan) soliq boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan sayyor soliq tekshiruvlaridan norozi bo‘lib qilgan murojaatini o‘rganish davomida aniqlangan qonun buzilish holati bo‘yicha tekshiruvga mas’ul bo‘lgan xodimlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 241-2-moddasi ya’ni tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini tekshirish va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish tartibini buzish holati bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, huquqbuzarlarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.  

Bundan tashqari, davlat idoralarining 19 nafar xodimiga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar ko‘rib chiqish uchun sud va boshqa idoralarga yuborildi. Tadbirkorlarning manfaatini ko‘zlab iqtisodiy sudga da’vo ariza, davlat idoralariga taqdimnoma va  xulosalar kiritildi.  

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, bu borada aniqlangan qonun buzilish holatlarini zudlik bilan bartaraf etish hamda aybdor shaxslarning javobgarlik masalasini hal etish kelgusida ham faoliyatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.  

Jamshid Bekmuhamedov,

Biznes ombudsman devoni yetakchi inspektori.

O‘zA

Powered by GSpeech