Mazkur rezolyutsiya Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimizda hayotga tatbiq etilayotgan, shahar va qishloq hududlarini koʻkalamzorlashtirish orqali bioxilma-xillikni saqlash va tiklashga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy dasturi konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan.
Hujjatda davlatimiz rahbari tomonidan Bosh Assambleyaning 78-sessiyasi va BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha 28-konferensiyasida iqlim oʻzgarishiga va yerlarning degradatsiyasiga qarshi samarali kurashish boʻyicha bildirgan asosiy takliflari oʻz ifodasini topgan.
Rezolyutsiyaga 100 dan ortiq aʼzo davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari, Ozarbayjon, Avstriya, Belgiya, Bahrayn, Vengriya, Germaniya, Italiya, Iordaniya, Indoneziya, Qatar, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Latviya, Moʻgʻiliston, Marokash, Oʻmon, BAA, Pokiston, Portugaliya, Rossiya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Fransiya va dunyoning turli mintaqalarini ifodalovchi boshqa davlatlar hammualliflik qildi.
Rezolyutsiyada oʻrmonlarni barqaror boshqarish va daraxt oʻtqazishning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik afzalliklari har tomonlama qayd etilgan. Ularning biologik xilma-xillikni oshirish, iqlim oʻzgarishi va havo ifloslanishi oqibatlarini yumshatish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qoʻshgan hissasi, jumladan, kambagʻallikka barham berish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashdagi hissasi alohida taʼkidlanadi.
Rezolyutsiyaning oʻziga xos xususiyati uning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi soʻnggi ilmiy yoʻnalishlarga muvofiqligidir. Shuningdek, ekologik toza va ekotizimga asoslangan usullardan foydalangan holda biologik xilma-xillikni saqlash va koʻpaytirish maqsadida BMTga aʼzo mamlakatlarga daraxt ekish sohasida aniq tavsiyalar beriladi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»