Joriy yilning 10 dekabr kuni BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida qurolli mojaroli hududlardan qaytarilgan shaxslarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashining faoliyatiga bag‘ishlangan yuqori darajali brifing tashkil etildi.
Tadbir SMTI va O‘zbekistonning BMTdagi Doimiy vakolatxonasi tomonidan BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi va BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi ko‘magida o‘tkazildi.
Brifingda BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Vladimir Voronkov, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha Mintaqaviy markazi rahbari Kaha Imnadze, BMT Bosh kotibi yordamchisi Xaled Xiari, BMT Aksilterror markazi direktori Mauro Miediko, BMTning terrorizm bo‘yicha sobiq maxsus ma’ruzachisi, Minnesota universiteti (AQSH) professori Fionnuala Ni Aolain, BMT huzuridagi Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining (XQXQ) doimiy kuzatuvchisi Letitsiya Kurtua, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari diplomatik missiyalari rahbarlari so‘zga chiqdi.
Tadbir BMTga a’zo davlatlar vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi. Brifingda Osiyo, Afrika, Yevropa, Shimoliy va Lotin Amerikasining 50 dan ortiq davlati, shuningdek, 10 ga yaqin xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Reabilitatsiya va reintegratsiya masalalari bo‘yicha mintaqaviy ekspert kengashi 2024 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi shafeligida tashkil etilgan. Kengash Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari ekspertlari va mutaxassislarini birlashtirdi. Uning platformasida reintegratsiya qilingan shaxslarning normal va to‘laqonli hayotga muvaffaqiyatli integratsiyalashuvini ta’minlaydigan bilimlar, usullar va dasturlar jamlanadi.
Xalqaro majburiyatlarni bajarish doirasida O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib o‘z fuqarolarini qurolli mojaroli hududlardan repatriatsiya qildi. 2019 yildan beri 530 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari, asosan ayollar va bolalar, Vatanga qaytarildi. Ularga tibbiy, ijtimoiy va ruhiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, kasb-hunarga o‘qitish va ishga joylashtirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqildi.
Muhokamalar davomida BMT Bosh kotibining Yaqin Sharq va Osiyo—Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha yordamchisi Xaled Xiari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga qo‘shgan hissasi va ushbu masalada olib borayotgan siyosati qat’iyligi uchun minnatdorchilik bildirdi. Shu asnoda Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Mintaqaviy ekspertlar kengashi alohida qayd etildi.
Kengashning ahamiyati haqida so‘z yuritar ekan, BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkov "Tashkilot TQKB SMTI bilan birgalikda Mintaqaviy ekspertlar kengashi kotibiyati vazifasini bajarayotganidan faxrlanadi," deya ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi muhokamalar Mintaqaviy ekspertlar kengashi xalqaro sa’y-harakatlarni safarbar qilish markazi bo‘lib, qaytarilayotgan shaxslarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish sohasidagi ilg‘or amaliyot va uslublarga namuna bo‘la olishini tasdiqlaydi.
Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha Mintaqaviy markazi rahbari Kaha Imnadze ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi boshqa davlatlar uchun namuna bo‘la oladi. "Mintaqaviy ekspertlar kengashi dunyoning boshqa qismlarida ham takrorlanishi mumkin bo‘lgan noyob tashabbusdir. Men Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz, BMT va mintaqaviy tashkilotlarni eng yaxshi yechimlarni topish uchun ushbu platformadan foydalanishda davom etishga chaqiraman", deya qo‘shimcha qildi u.
Rossiya va AQSHning BMTdagi elchilari ham Kengash faoliyatini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdilar. Markaziy Osiyo davlatlari o‘z fuqarolarini mojaroli hududlardan qaytarish bo‘yicha sezilarli sa’y-harakatlarni amalga oshirgani siyosiy iroda va o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarga sodiqlik namunasi ekanligi ta’kidlandi.
Ishtirokchilar O‘zbekistonning qaytarilgan shaxslarni reintegratsiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarida mahalliy jamoalarning (mahallalar) rolini yuqori baholadilar.
BMT Bosh kotibi yordamchisi Xaled Xiarining fikricha, o‘zbek modelining o‘ziga xosligi shundaki, reintegratsiya bo‘yicha barcha ishlar "pastdan yuqoriga" olib boriladi, qaytarilgan shaxslarning ehtiyojlari hisobga olinadi. Shu bilan birga, mahalliy hamjamiyat ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirishda asosiy bo‘g‘inga aylandi.
So‘zga chiqqanlar, shuningdek, repatriatsiya bo‘yicha o‘zbek modeli inson huquqlari va bolalarni himoya qilish masalalariga yo‘naltirilganligini ta’kidladilar.
BMTning sobiq maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston boshidanoq qaytarilgan bolalarga "himoya ostidagi, jamiyatga qaytariladigan millat bolalari" deb munosabatda bo‘lgan pozitsiyani egallagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu muvaffaqiyat kaliti bo‘ldi.
YUNISEFning qurolli nizolarda bolalarni himoya qilish bo‘yicha mutaxassisi Ketrin Kokko ham xuddi shunday fikrni bildirdi. Ekspertning fikricha, bolalarning repatriatsiyasi O‘zbekistonning bola huquqlariga sodiqligini ko‘rsatdi.
Umuman olganda, tadbirning barcha ishtirokchilari bir ovozdan Mintaqaviy ekspertlar kengashi tashkil topganiga qisqa muddat bo‘lganiga qaramay, reabilitatsiya va reintegratsiya sohasidagi dolzarb muammolarni muhokama qilish va yechimlarni ishlab chiqish uchun asosiy platformaga aylanganini ta’kidladilar.
Shu bilan birga, ta’kidlanganidek, "O‘zbekiston repatriatsiya dasturining o‘ziga xos xususiyati, shuningdek, uning muvaffaqiyati garovi bu jarayon doirasidagi barcha chora-tadbirlar ustidan O‘zbekiston Prezidentining shaxsiy nazoratidir".
Tadbir davomida keyingi yil Kengashdagi raislik Qozog‘istonga o‘tishi e’lon qilindi. Shu munosabat bilan Qozog‘istonning BMTdagi diplomatik vakolatxonasi rahbari Qayrat Umarov Ostona Mintaqaviy ekspertlar kengashining navbatdagi raisi sifatida O‘zbekiston rahbari tashabbusini yanada muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirishini ta’kidladi.
Muhokamalar yakunida ishtirokchilar Mintaqaviy ekspertlar kengashi faoliyati bilan jahon hamjamiyatini tanishtirish amaliyotini davom ettirishni zarurligini yakdillik bilan ta’kidladilar. Shu asnoda, BMTning asosiy tadbirlaridan biri — 2025 yil iyun oyida Nyu-York shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha yuqori darajadagi haftalik doirasida alohida sayd ivent o‘tkazish qayd etildi.
O‘zA
- Qo'shildi: 11.12.2024
- Ko'rishlar: 409
- Chop etish