BMTning terrorizmga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish, asosiy erkinliklarini ilgari surish bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrifi doirasida 29 noyabr kuni bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Dastlab tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning martabali mehmon bilan uchrashuvida tomonlar O‘zbekiston va BMTning inson huquqlari sohasidagi ixtisoslashgan tuzilmalari bilan hamkorligiga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.
BMT maxsus ma’ruzachisi mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinligini ta’minlash, boshqa davlatlarda og‘ir ahvolga tushib qolgan shaxslarga samarali yordam ko‘rsatish, jumladan, Yaqin Sharqdagi urush hududlaridan odamlarni, ayniqsa, ayollar va bolalarni vatanga qaytarish borasidagi sa’y-harakatni yuqori baholadi.
Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. Afg‘oniston xalqiga tezkor insonparvarlik yordam ko‘rsatish zarurligi haqida umumiy fikr bildirildi.
Ni Aolayn xonim bilan “Taraqqiyot strategiyasi” markazida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Respublikamiz huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbariyati, jumladan, Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Mudofaa vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Ombudsman, Bosh prokuratura mas’ullari, parlament a’zolari, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Oliy sud va Konstitutsiyaviy sud vakillari ishtirok etdi.
Markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakov mehmonlarga “Taraqqiyot strategiyasi” markazi faoliyati haqida so‘zlab berdi. Xususan, markazda davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda xalqaro hamkorlar bilan mustahkam aloqa o‘rnatilgani, turli masalalar bo‘yicha ochiq muloqot asosida muhokamalar tashkil etib borilishi ta’kidlandi.
Tadbirda nufuzli xalqaro tashkilot vakilining mamlakatimizga tashrifi O‘zbekistonning bu borada olib borayotgan sa’y-harakati xalqaro maydonda e’tirof etilayotganidan dalolat ekani qayd etildi.
– O‘zbekiston hukumati taklifi bilan BMTning maxsus ma’ruzachisi sifatida yurtingizda birinchi bor bo‘lib turibman, – dedi Fionnuala Ni Aolayn. – Terrorizmga qarshi kurash butun dunyo kabi, mazkur mintaqa uchun ham dolzarb masala hisoblanadi. Ayni yo‘nalish inson huquqlari bilan chambarchas bog‘liqligi tufayli bu uchrashuvimiz juda muhim, deb o‘ylayman. Qolaversa, O‘zbekistonning oxirgi yillarda urush davom etayotgan joylardan fuqarolarni qaytarish va ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish borasidagi tajribasini o‘rganish maqsadimiz bor. Mamlakatingiz mintaqa doirasida xavfsizlikni mustahkamlash, jumladan, Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash orqali ham tashkilot faoliyatiga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Mehmon, shuningdek, O‘zbekiston so‘nggi yillarda Inson huquqlari kengashi doirasida juda ko‘p ijobiy ishlar qilgani va samarali hamkorlik izchil davom etishiga ishonch bildirdi.
Umuman, mamlakatimizning Inson huquqlari kengashiga a’zo bo‘lishi O‘zbekiston hukumati ushbu masalaga juda jiddiy qarayotganidan dalolat. Zero, respublikamiz aholisining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Shu bois yurtimizda yoshlarni avaylash, ularni yot g‘oyalardan himoya qilish, jumladan, kiberterrorizm asosida o‘g‘il-qizlar ongini zaharlash holatlaridan ogoh bo‘lish zarurligi e’tirof etildi.
BMT vakillari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov bilan ham uchrashdi.
Suhbat chog‘ida mehmonlarga Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan izchil va keng ko‘lamli islohotlar, xususan, inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, ushbu yo‘nalishlarda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirishga doir tizimli ishlar xususida ma’lumot berildi.
Delegatsiya a’zolari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyati, fraksiyalar va qo‘mitalar ish uslubi xususida ham batafsil axborot oldilar.
Ta’kidlanganidek, terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlarga aloqador fuqarolar murojaatini ko‘rib chiqish uchun Bosh prokuror raisligida Respublika idoralararo komissiyasi tashkil etildi. Komissiya xulosasi asosida fuqarolar jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi belgilandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan u yoki bu darajadagi turli guruhlarga aloqador hisoblangan 20 mingdan ziyod fuqaro huquqni muhofaza qilish idoralarining “maxsus ro‘yxati”dan chiqarildi, bunday “ro‘yxatlar”ni yuritish amaliyoti tugatildi.
2019-2021 yillar davomida “Mehr” gumanitar operatsiyasi doirasida Suriya va Iroq hududida og‘ir ahvolda qolgan, asosan, bolalar va ayollardan iborat 530 nafardan ziyod O‘zbekiston fuqarosi Vatanga qaytarildi. Ularga tibbiy, psixologik, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi, tinch hayotga qaytish, jamiyatga moslashish uchun zarur shart-sharoit yaratildi, uy-joy va ish berish choralari ko‘rildi.
Uchrashuv chog‘ida keyingi besh yilda siyosiy-huquqiy hamda sudlov tizimida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar ham e’tirof etildi.
Konstruktiv va o‘zaro ishonch ruhida o‘tgan uchrashuv yakunida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar berildi.
Shu kuni xorijiy tashkilot vakillari bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Adliya vazirligida ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
BMTning terrorizmga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish, asosiy erkinliklarini ilgari surish bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi davom etyapti.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA
- Qo'shildi: 30.11.2021
- Ko'rishlar: 3162
- Chop etish