Bugun ko‘pchilik Birlashgan Millatlar Tashkilotidan avval ham dunyodagi turli masalalarni hal qilish uchun xalqaro tashkilot bo‘lganini bilmaydi. Millatlar Ligasi deb nomlangan ana shu tashkilotni ham Birinchi jahon urushi g‘oliblari tashkil etgandi.
1945 yil kuzda Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng faoliyatini boshlagan bu tashkilot eng avval dunyoda boshqa urushga yo‘l qo‘ymaslik uchun tashkil etilgandi. Biroq u buning uddasidan chiqa olmadi.
Buning ustiga, urushning asosiy g‘oliblari bo‘lgan SSSR (hozir Rossiya), Britaniya, Fransiya, AQSh va Xitoy (1971 yilgacha Tayvan) tashkilot xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari bo‘lib olib, bugungacha dunyo siyosiy sahnasida xohlagan ishini qilib kelyapti.
BMT bir paytlar o‘zidan avval faoliyat ko‘rsatgan Millatlar Ligasi deb atalgan tashkilot o‘rniga tashkil etilgandi. Millatlar Ligasini ham 1919-1920 yillarda Birinchi jahon urushi g‘oliblari tuzgandi.
O‘shanda xalqaro tashkilotni tuzishdan maqsad eng avval dunyoda urushga yo‘l qo‘ymaslik edi. Biroq Millatlar Ligasi va uning vorisi bo‘lgan BMT bu masalada ojizlik qildi va dunyoda juda ko‘plab urushlar sodir bo‘ldi.
Millatlar Ligasining tashkil etilishi
1918 yil 11 noyabr kuni Fransiyaning Pikardiya regionida joylashgan Kompiyen shahrida Antanta ittifoqi va Germaniya tomoni tinchlik sulhi imzolaydi.
Shu tariqa, to‘rt yil davom etgan Birinchi jahon urushi tugaydi. Bu urushda Germaniya va uning ittifoqchilari mag‘lub bo‘ladi. Antanta davlatlari g‘alaba qozonadi.
Kompiyen sulhida Germaniya bosib olgan hududlarni tashlab chiqish, keyin ham o‘sha hududlarga da’vo qilmaslik, og‘ir qurollarni Antanta davlatlariga topshirish va g‘oliblarga tovon puli to‘lash majburiyatini oladi.
Oradan bir necha oy o‘tgach, 2019 yil 18 yanvar kuni Parijda Germaniya va uning ittifoqchilariga umumiy jazo berish, boshqa urushga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Parij tinchlik konferensiyasi o‘z ishini boshlaydi.
Avvaliga AQSh prezidenti Vudro Vilson tomonidan tashkil etilgan va Versal-Vashington tizimiga asoslangan tinchlik rejasi taqdim etiladi. Bu reja 14 banddan iborat bo‘lgani uchun tarixda «O‘n to‘rt band» nomi bilan qolgan.
Rejada dunyoning barcha hududlarida iqtisodiy hamkorlikning rivojlanishini ortga surayotgan to‘siqlar olib tashlanishi, armiyalar qisqartirilishi va boshqa urushga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi bandlar bor edi.
Shuningdek, Vilsonning rejasida Polshaning mustaqil davlatga aylanishi (o‘shangacha Polsha Rossiya imperiyasi tarkibida bo‘lgan) ko‘zda tutilgandi.
Bundan tashqari, Amerika prezidenti davlatlarning hududiy yaxlitligi va siyosiy mustaqilligini kafolatlovchi turli davlatlar va millatlar vakillari ish olib boradigan xalqaro tashkilot tuzishni ilgari surgandi.
O‘shanda konferensiyada so‘zga chiqqan davlatlar rahbarlari Birinchi jahon urushi insoniyat tarixida so‘nggi urush bo‘lib qolishi kerakligi va bundan buyon qurolli to‘qnashuvlarga boshqa yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlashadi.
Parijdagi konferensiya davom etar ekan, 1919 yil 25 yanvar kuni Birinchi jahon urushining asosiy g‘oliblari yangi xalqaro tashkilot tuzish haqidagi loyihani tasdiqlashadi.
Vilsonning rejasi to‘ldirilib, 26 ta bandga yetkaziladi va u konferensiyada ishtirok etayotgan 44 davlat vakillari tomonidan qabul qilinadi. Shundan so‘ng umumiy kelishuv imzolanadi.
Eng qizig‘i, AQSh ana shu kelishuvni ratifikatsiya qilmaydi va xalqaro tashkilotga qo‘shilmaydi. Chunki Vilson o‘z rejalarining biroz o‘zgartirilgani va to‘ldirilganini «hazm» qila olmaydi.
Tashkilotning birinchi rahbari britaniyalik Jyeyms Erik Drammond bo‘lgan. Bu shaxs Millatlar Ligasini 1933 yilgacha boshqargan.
1933 yildan 1940 yilgacha tashkilotga fransiyalik Jozef Liu Ann Avenol, 1940 yildan 1946 yilgacha unga irlandiyalik Shon Lester rahbarlik qilgan.
Millatlar Ligasi Kengashiga avvaliga Britaniya, Italiya, Fransiya va Yaponiya (Birinchi jahon urushining asosiy g‘oliblari) doimiy a’zo bo‘lishadi.
1926 va 1934 yillarda qo‘shilgan SSSR ham uning doimiy a’zosiga aylanadi. Tashkilotning asosiy tili ingliz va fransuz bo‘lgan. Shuningdek, tashkilot sun’iy o‘ylab topilgan esperanto tilini yoyish uchun harakat qilgan.
Hududiy masalalarning hal qilinishi
Birinchi jahon urushida dunyodagi to‘rtta yirik imperiya – Rossiya, Germaniya, Avstriya-Vengriya va Usmoniylar imperiyasi parchalanadi. Ko‘plab xalqlar o‘zini mustaqil deb e’lon qiladi.
Ana shunday vaziyatda yangi tashkil etilgan Millatlar Ligasi ayrim davlatlar orasida bahsli bo‘lib turgan hudud va chegara masalasini hal qilishi lozim edi.
Ana shu yo‘lda Avstriya-Vengriya imperiyasi tarkibida bo‘lgan chexlar va slovaklar bitta davlat – Chexoslovakiyaga birlashtiriladi.
1917 yilgacha Rossiya imperiyasi tarkibida bo‘lgan Finlandiya, Latviya, Litva, Estoniya va Polsha mustaqil davlatlarga aylanadi.
Vengriya tarkibida bo‘lgan va asosan ukrainalar yashaydigan Podkarpat o‘lkasi slavyanlar yashaydigan Chexoslovakiya tarkibiga kiradi.
Millatlar Ligasi o‘zini madaniyatli dunyo deb biladigan Yevropada birmuncha tartib o‘rnatadi. Biroq dunyoning boshqa hududlardagi mustamlaka bo‘lib turgan hududlarni ozod qilish, ularga mustaqillik berish haqida umuman gap yo‘q edi.
Tashkilotning ishi bir tarzda davom etar ekan, 1930-yillar boshlarida dunyodagi vaziyat o‘zgara boshlaydi. «Buyuk turg‘unlik» deb ataladigan iqtisodiy inqirozdan chiqib olgan AQSh 1933 yildan boshlab Markaziy va Lotin Amerikada, Tinch okeani havzasida o‘z ta’sirini oshiradi.
Yaponiya esa bu paytda Koreya yarimoroli va Manjuriyani, keyinroq Xitoy va Hindixitoydagi katta hududlarni bosib oladi.
Yevropada esa eng yirik davlatlardan biri bo‘lgan Germaniya tepasiga natsistlar rahnamosi Adolf Hitler keladi va qo‘shni davlatlarga xavf tug‘dira boshlaydi.
Ana shunday vaziyatda bir paytlar dunyoda urushga va boshqa kelishmovchiliklarga barham berish uchun tuzilgan Millatlar Ligasi ojiz qoladi.
Millatlar Ligasi aralashgan eng birinchi qurolli mojaro bu Janubiy Amerikada bo‘lib o‘tgan Boliviya-Paragvay urushi edi. Biroq tashkilot o‘shanda hudud masalasida kelisha olmayotgan bu ikki davlatni yarashtira olmagandi.
Keyinroq Millatlar Ligasi Italiya-Efiopiya urushiga, Ispaniyada fuqarolar urushiga ta’sir etishga urinadi. Biroq bu muvaffaqiyatsiz tugaydi.
Shuningdek, tashkilot Germaniya va SSSRning Sharqiy Yevropadagi bosqinchilik yurishlariga qarshi chiqadi. Jumladan, Germaniyaning 1938 yilda Chexoslovakiyaga, 1939 yil 1 sentabr kuni Polshaga bostirib kirganini qoralaydi.
Bundan tashqari, SSSRning 1939 yil 17 sentabr kuni Polshaga, 1939 yil 30 noyabrda Finlandiyaga bostirib kirganiga norozilik bildiradi.
1939 yil 14 dekabr kuni Millatlar Ligasining Jyeneva shahridagi bosh qarorgohida o‘tkazilgan yig‘ilishda SSSRni tashkilotdan chiqarib yuborish haqidagi rezolyutsiya qabul qilinadi.
Shu tariqa sovetlar vakili xalqaro tashkilotdan chiqarib yuboriladi. Ma’lumot uchun, SSSR Millatlar ligasiga 1934 yilda qo‘shilgandi. Ungacha tashkilotning aksariyat a’zolari bu davlatning vakilini Jyenevada ko‘rishni xohlashmagan.
Agar Millatlar Ligasining 1920-1946 yildagi tarixiga nazar tashlansa ayrim davlatlar tashkilotga keyinroq a’zo bo‘lganini, boshqalari esa chiqib ketganini ko‘rish mumkin.
Masalan, yirik davlatlardan Germaniya Millatlar Ligasiga 1926 yilda a’zo bo‘lgan. Hokimiyat tepasiga Hitler kelgach 1933 yilda tashkilotdan chiqib ketgan.
Vengriya 1922 yilda qo‘shilgan, 1939 yilda tark etgan. Avstriya 1920 yilda a’zo bo‘lgan, 1938 yilda chiqib ketgan. Yugoslaviya 1929 yilda qo‘shilgan, 1941 yilda tark etgan, 1944 yilda qayta a’zo bo‘lgan.
Shuningdek, ilk qo‘shilgan davlatlardan Braziliya 1926 yilda, Daniya 1940 yilda, Ispaniya 1939 yilda, Paragvay 1935 yilda, Ruminiya 1940 yilda, Chexoslovakiya 1940 yilda (nemislar bosib olgani uchun), Yaponiya 1933 yilda, Italiya 1937 yilda tashkilotni tark etgan.
Millatlar Ligasining tarkibiy bo‘limlari
Millatlar Ligasida bir necha bo‘lim alohida ish olib borgan. Jumladan, tashkilotda quyidagi bo‘limlar bo‘lgan:
· Xalqaro sudning doimiy palatasi;
· Qurolsizlantirish qo‘mitasi;
· Mandatlar komissiyasi;
· Intellektual hamkorlik bo‘yicha xalqaro tashkilot;
· Xalqaro sog‘liqni saqlash tashkiloti;
· Xalqaro mehnat tashkiloti;
· Giyohvand moddalar tarqalishini nazorat qilish bo‘limi;
· Qullikka va odam savdosiga qarshi kurash;
· Qochoqlar ishi bo‘yicha komissiya;
· Ayollar huquqi bo‘yicha qo‘mita;
Tashkilotning bu bo‘limlari dunyoning turli hududlarida og‘ir sharoitlarda ish olib boradi. Jumladan, xalqaro sog‘liqni saqlash tashkiloti tif kasalligini bartaraf etish bo‘yicha ancha ishlarni amalga oshiradi.
Qullikka va odam savdosiga qarshi komissiya esa odam savdosi va quldorlik saqlanib qolayotgan Afrika davlatlarida muvaffaqiyatli ishlaydi.
BMT tuzilgandan so‘ng Millatlar Ligasi tarkibida bo‘lgan aksariyat bo‘limlar yangi tashkilot safiga o‘tadi.
BMTning tashkil etilishi va Millatlar Ligasining tugatilishi
1943 yilda Ikkinchi jahon urushida vaziyat o‘zgaradi. Ustunlik nemislarga qarshi jang qilayotgan kuchlarga o‘ta boshlaydi.
O‘sha yili SSSR, AQSh, Buyuk Britaniya davlat rahbarlari Iosif Stalin, Franklin Ruzvelt va Uinston Cherchill Tehronda uchrashadi.
Dunyodagi barcha mustaqil davlatlarni qamrab oladigan hamda Yer yuzidagi siyosiy jarayonlarni nazorat qiladigan yangi xalqaro tashkilot tuzish g‘oyasi ilk bor Tehron konferensiyasida muhokama qilinadi.
1944 yil 28 avgustda Vashington shahri yaqinidagi Dumbarton-Oks shaharchasida yuqoridagi uch davlat delegatsiyasi ishtirokida yangi tuziladigan xalqaro tashkilotga kimlarni a’zo qilish masalasida konferensiya o‘tkaziladi va ko‘pgina masalalar kelishib olinadi.
1945 yil 4-11 fevral kunlari Yaltada o‘tgan konferensiyada yana Stalin, Ruzvelt, Cherchill yangi xalqaro tashkilotni tuzish masalasida muzokaralarni davom ettiradi.
O‘sha yili 25 aprelda AQShning San-Fransisko shahrida dunyoning 50 davlatidan kelgan delegatsiya Birlashgan Millatlar Tashkilotini tuzish uchun yig‘iladi.
26 iyunda o‘tkazilgan konferensiyaning so‘nggi kunida delegatsiyalar tomonidan 1945 yil 24 oktyabrdan kuchga kiradigan BMT ustavi imzolanadi. Shu tariqa, 1945 yil 24 oktabr kuni BMT faoliyatini rasman boshlaydi.
San-Fransisko konferensiyasiga yetib bora olmay BMT ustavini 15 oktyabrda imzolab, ro‘yxatga keyin qo‘shilgan Polsha bilan birga dunyoning 51 davlati uning ilk ta’sischilari bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, o‘sha paytda SSSR BMTda o‘z tarafdorlarini ko‘paytirish uchun Ukraina va Belarus nomidan alohida ariza beradi. Shu tariqa bu ikki respublika SSSR tarkibida bo‘lsa ham BMTning ilk ta’sischilari safiga kiradi.
BMT o‘z ishini boshlagan paytda Millatlar Ligasi ham faoliyat ko‘rsatar edi. 1946 yil 8 aprel kuni Jyenevada Millatlar Ligasining so‘nggi assambleyasi o‘tkaziladi.
Unda qatnashganlar Millatlar Ligasiga tegishli bo‘lgan vazifa va majburiyatlarni yangi tashkil etilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotiga o‘tkazish haqidagi rezolyutsiyani qabul qilishadi.
1946 yil 18 aprel kuni Millatlar Ligasi assambleyasi tashkilot o‘z faoliyatini to‘xtatishi uchun ovoz beradi. Shu tariqa 36 yil faoliyat ko‘rsatgan xalqaro tashkilot o‘z faoliyatini tugatadi.
Shundan so‘ng Millatlar Ligasining barcha vazifa va majburiyatlari BMTga o‘tadi. Biroq yangi tashkilot ham dunyoda tinchlik o‘rnata olmadi. Ko‘p o‘tmay Xitoyda, Koreya yarimorolida, Hindixitoyda va dunyoning boshqa hududlarida fuqarolar urushlari boshlanib ketdi.
Bu yil BMT tashkil etilganiga 79 yil to‘ldi. Tashkilotning Xavfsizlik kengashiga hanuzgacha urushning AQSh, Rossiya, Britaniya, Fransiya va Xitoy doimiy a’zo hisoblanadi.
Ancha yillardan buyon tashkilotni isloh qilish va dunyoda sodir bo‘ladigan qurolli mojarolar bo‘yicha keskinroq qarorlar chiqarish va amaliy choralar ko‘rish haqidagi taklif ortga surib kelinmoqda.
Xavfsizlik kengashiga doimiy a’zo bo‘lgan besh davlat ikkita qutbga bo‘linib, o‘zaro raqobatlashib, bir-birining takliflariga veto qo‘yish bilan band. Buning jabrini esa dunyo ahli tortmoqda.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 11.10.2024
- Ko'rishlar: 960
- Chop etish