Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi chaqiriq Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish masalasini shaxsan nazoratga olishini ta’kidladi. Davlat rahbari bu masalaga alohida e’tibor qaratgani bejiz emas.
Har bir bola – kelajagimiz poydevori. Ularning xavfsizligi va huquqlari ta’minlanmasdan turib, barqaror rivojlanish haqida gapirib bo‘lmaydi. Ushbu masala nafaqat inson huquqlari, balki jamiyatning ma’naviy va ruhiy sog‘lomligi uchun ham dolzarb ahamiyatga ega.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senatining parlament saylovidan keyingi birinchi majlisida bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish masalasini shaxsan nazoratga olishini e’lon qildi. «Madaniyatimizga xos bo‘lmagan bunday illatlarga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishimiz va ayovsiz kurashishimiz shart», – dedi davlatimiz rahbari. Mamlakat yetakchisi bu masalaga alohida e’tibor qaratgani bejiz emas. Odatda «aytilmaydigan muammo» sanaladigan mazkur masala bilan bog‘liq holatlar rasmiy raqamlarda ham ancha ilgarilab ketgan.
Bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik masalasi: raqamlar
Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili axborot xizmati joriy to‘qqiz oylik faoliyat yuzasidan ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, 2024 yilning o‘tgan to‘qqiz oyida Bolalar ombudsmani kotibiyatiga bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi yuzasidan jami 800 ta (oyiga o‘rtacha 88 ta) yozma murojaat kelib tushgan bo‘lib, 2023 yilda ushbu ko‘rsatkich 443 ta (oyiga o‘rtacha 37 ta)ni tashkil etgan. Shuningdek, og‘zaki murojaatlar yuzasidan telefon orqali 1 ming 80 ta (oyiga o‘rtacha 120 ta) huquqiy tushunchalar berilgan.
Bolalar ombudsmani so‘rovi va keyingi kuzatuvi doirasida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 33 ta ma’muriy va 24 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, 7 nafar bolaga himoya orderi berilgan, 10 nafar pedagog intizomiy jazoga tortilgan. 8 nafar pedagog bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan, shuningdek, yana bir qator qo‘shimcha choralar amalga oshirilgan.
Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan yangi qonun
Davlatimiz rahbari majlisda qayd etganidek, yaqinda bolaning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr qimmatiga tajovuz qiladigan, jismoniy va ruhiy azob yetkazishi mumkin bo‘lgan barcha holatlarda davlat tomonidan tegishli huquqiy va ijtimoiy choralar ko‘rilishi qonun bilan mustahkamlab qo‘yildi. Ya’ni, 14 noyabr kuni «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun (O‘RQ–996-son) qabul qilindi.
Qonunga ko‘ra, quyidagilar bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning shakllaridir:
– jismoniy zo‘ravonlik;
– jinsiy zo‘ravonlik;
– ruhiy zo‘ravonlik;
– g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik;
– ekspluatatsiya qilish;
– ta’qib etish (bulling).
Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllari taqiqlanadi. Davlat bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish uchun tegishli huquqiy, ma’muriy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa choralarni ko‘radi.
Qonunga muvofiq:
– zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarning huquqlari belgilanmoqda;
– bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha yakka tartibdagi chora-tadbirlar belgilanib, jumladan, zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga himoya orderi berish tartibi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shunga ko‘ra, himoya orderi ichki ishlar organlari tomonidan beriladi va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga yoki uning qonuniy vakiliga vakolatli davlat organi ishtirokida topshiriladi. Himoya orderi 30 kun muddatgacha beriladi va rasmiylashtirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.
Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi. Agentlik yordam ko‘rsatish, maslahat berish mexanizmi va chora-tadbirlari to‘g‘risida axborot olinishini, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik hollarining oldi olinishini ta’minlash maqsadida O‘zbekistonning butun hududida tunu kun ishlaydigan ishonch telefoni ishlashini ta’minlaydi.
Ishonch telefoni orqali olingan axborotni oshkor etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga oid qonunning qabul qilinishi nafaqat muhim huquqiy qadam, balki jamiyatimizda insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlash yo‘lidagi katta yutuqdir. Prezidentning ushbu masalani shaxsan nazoratga olgani esa davlatning bolalar xavfsizligi va farovonligi masalasidagi qat’iy siyosatini namoyon etadi.
Endilikda, yangi qonun asosida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar jamiyatdagi har bir fuqaroning mas’uliyatini oshiradi. Bolalarimizni himoya qilish – nafaqat davlat, balki har birimizning burchimizdir. Bu qonun yosh avlod uchun yanada sog‘lom, xavfsiz va hurmatga asoslangan muhit yaratishga xizmat qiladi.
Umidjon Qurbonov, O‘zA
- Qo'shildi: 27.11.2024
- Ko'rishlar: 631
- Chop etish