Bolalarni oilaviy zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytiriladi

Jinoyat kodeksining oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik to‘g‘risidagi 126-1-moddasi bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik bilan to‘ldirilmoqda.

Qonunchilik palatasining 16 iyuldagi yalpi majlisida oilaviy (maishiy) zo‘ravonliklardan himoyalash choralari kuchaytirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi.

Qonun loyihasi bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarning ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. 

Foto: Qonunchilik palatasi

Jinoyat kodeksining oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik to‘g‘risidagi 126-1-moddasi bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik bilan to‘ldirilmoqda.

Amaldagi normada er-xotin yoki oilada birga yashovchi boshqa shaxslarga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lsa-da, bu harakatlarni bolaga nisbatan sodir etganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan edi.

Jinoyat-protsessual kodeksining 583-moddasi “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi ariza sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirishidan oldin berilishi mumkin” mazmunidagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilmoqda. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ham bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

Majlisda qayd etilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashining oldini olish choralari samaradorligini oshirishga, oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhit yaxshilanishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Kun.uz

Powered by GSpeech