O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hay’atining navbatdagi kengaytirgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev raisligida o‘tgan majlis videoselektor tarzida tashkil etildi.
Hay’at majlisida prokuratura organlarining mamlakatda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida 2024 yilning 1-yarmidagi faoliyati natijalari ko‘rib chiqildi.
Tanqidiy ruhda o‘tkazilgan hay’at majlisida Bosh prokuror ma’ruza qilib, joriy yil o‘tgan davrida prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan xato - kamchiliklarga to‘xtalib o‘tildi.
Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan 102 mingga yaqin nazorat hujjati qo‘llanilib, 236 ming fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan.
Nazorat tadbirlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan fuqarolarga va davlat manfaatlariga yetkazilganligi aniqlangan 1,8 trillion so‘mlik zararning undirilishi ta’minlangan.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilib, bevosita prokurorlar tomonidan 420 ming tupdan ziyod daraxt ekildi hamda barcha hududlarida “Prokuror bog‘lari” barpo etilmoqda.
Tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab - quvvatlash, qulay biznes muhitini yaratish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, eksport hajmini oshirish kabi iqtisodiyot rivojidagi dolzarb yo‘nalishlarda tizimli tadbirlar amalga oshirilib, qariyb 8 ming nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklangan, 15 ming nafardan ortig‘iga muammolarini bartaraf etishda ko‘maklashilgan.
Byudjet tushumlari prognozi ijrosi yuzasidan kundalik nazorat o‘rnatilib, 84,2 trillion so‘mlik reja 85,7 trillion so‘mga yoki 102 foizga bajarilishi hamda byudjetga qo‘shimcha 9,6 trillion so‘mlik tushumlar tushirilishi ta’minlangan.
Yoqilg‘i - energetika sohasida qonuniylikni ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan qariyb 50 mingta reyd tadbiri davomida, 48 mingdan ortiq noqonuniy holatlar fosh etilib, 217 milliard so‘m zarar undirilgan.
Prokuror nazorati tadbirlari o‘laroq, davlat dasturlariga kiritilgan
140 ta ob’ektning o‘z muddatida foydalanishga topshirilishi, 2,4 trillion so‘m mablag‘ tejalishi ta’minlangan.
Yer resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni ta’minlash masalalariga ham to‘xtalib, bu borada o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida o‘zboshimchalik bilan egallanganligi aniqlangan 1 ming 442 gektar yer maydonlari zaxirasiga qaytarilishi ta’minlangan. 1 ming 752 gektar yer maydonlarini talon - toroj qilish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 961 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, xalq bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolarning qiynayotgan muammolarini hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilib, hisobot davrida 137 mingta murojaat bevosita prokuraturada hal etilgan va qariyb 30 ming nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklangpn.
Majlisda barcha xodimlar xotirjamlikka berilmasdan, yuklatilgan vazifalarni to‘laqonli va so‘zsiz ijro etishlari, tashabbuskor va fidoyi bo‘lishlari shartligi qat’iy belgilandi.
Muhokama natijasiga ko‘ra, faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga tegishli choralar ko‘rildi.
N. Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 22.07.2024
- Ko'rishlar: 1192
- Chop etish