Bosh prokuraturaning Fuqarolik sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash boshqarmasi tomonidan tazyiq va zo‘ravonlik hamda jinsiy jinoyatlar oqibatida jabr ko‘rgan jabrlanuvchilarga (voyaga yetmaganlar va xotin-qizlar) yetkazilgan ma’naviy zararlarni aybdor shaxslardan undirish bilan bog‘liq holatlar tahlil qilinib, umumlashtirildi.
Aniqlanishicha, Respublikada 2022-2023 yil va joriy yilning o‘tgan davrida jinoyat natijasida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar soni 1 ming 831 tani tashkil etgan.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, ma’naviy zarar uni yetkazishda aybdor bo‘lgan shaxsdan undiriladi va ma’naviy zararni qoplash miqdori jabrlanuvchiga yetkazilgan jismoniy va ma’naviy azoblarning xususiyati, shuningdek, ayb tovon to‘lashga asos bo‘lgan hollarda zarar yetkazuvchining aybi darajasiga qarab belgilanadi.
Prokurorlar tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar manfaatida jinoyat natijasida yetkazilgan ma’naviy zararlarni aybdor shaxslardan undirish haqida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga jami 3,8 milliard so‘mlik 74 da’vo arizasi kiritilgan.
Bosh prokuratura axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, tazyiq va zo‘ravonlik hamda jinsiy jinoyatlar oqibatida jabr ko‘rgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish doimiy nazoratda.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 24.07.2024
- Ko'rishlar: 1327
- Chop etish