Bryusselda TDT mintaqaviy suv forumi bo‘lib o‘tdi

Bryusselda Turkiy davlatlar tashkiloti, Vengriya eksportni qo‘llab-quvvatlash agentligi (HEPA) va Qurg‘oqchilikning oldini olish instituti hamkorligida TDT suv forumi tashkil etildi.

“AzerTAJ” xabariga ko‘ra, anjumanda Belgiya Qirolligida akkreditatsiyadan o‘tgan TDTga a’zo davlatlar diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, yuqori martabali amaldorlar, ekspertlar, shuningdek turkiy va boshqa davlatlarda suv resurslarini boshqarishga oid dolzarb muammolarni hal etish va soha barqarorligini ta’minlashdan manfaatdor tomonlar ishtirok etdi.

Tadbirda kun tartibidan o‘rin olgan mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, barqaror suv texnologiyalarini ilgari surish va yashil rivojlanish uchun sarmoyaviy imkoniyatni o‘rganish masalalari muhokama qilindi.

TDT Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev o‘z nutqida suv tanqisligi va iqlim muammolarini hal qilishda mintaqaviy hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Tashkilotning qurg‘oqchilik va boshqa ekologik tahdidlarga chidamlilikni oshirish bo‘yicha innovatsion yechimlar, chora-tadbirlar ishlab chiqish yo‘lidagi faoliyati haqida ma’lumot berdi.

Suv texnologiyalariga doir samarali yechimlar taklif qilishda turkiy hamkorlikning o‘rni muhimligi e’tirof etildi. Muhokamalarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Yashil rivojlanish global instituti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ham faol qatnashdi.

Tadbir davomida TDT huzuridagi Qurg‘oqchilikning oldini olish instituti xodimlari ishtirokchilarga mazkur tuzilmaning faoliyati, maqsad va vazifalari, tashabbuslari haqida so‘zlab berdi.

Forum doirasida HEPA, Vengriya Ekologik korxonalar assotsiatsiyasi (GGGI) va KEXPORT klasteri o‘rtasida turkiy davlatlar uchun texnologik yechimlar joriy etish va mavjud salohiyatni oshirishga xizmat qiluvchi O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

G.Sattorova, O‘zA

Powered by GSpeech