Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva Buyuk Britaniya Bosh vazirining Majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha maxsus vakili Jastin Bedford bilan muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuvda ijtimoiy-mehnat munosabatlari va aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasidagi ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Maxsus vakilga mamlakatimizda ijtimoiy sohalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada qator ijtimoiy huquqlar belgilangani, majburiy mehnat va bolalar mehnatining har qanday ko‘rinishi taqiqlangani, qulay mehnat sharoitlarini yaratishga xizmat qiladigan Mehnat kodeksining yangi tahriri haqida batafsil maʼlumotlar berildi.
Muloqot davomida odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida o‘zaro tajriba almashish, mazkur yo‘nalishdagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, zamonaviy qullikka qarshi kurash borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.
Britaniya tomoni 2023 yil oxirida Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya sifatida qayta tashkil etilgan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining faoliyatini yuqori baholadi.
Tomonlar mehnat munosabatlari sohasida yangi qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalardan foydalanish va sohaga innovatsion uslublarni joriy etish yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI
- Qo'shildi: 26.01.2024
- Ko'rishlar: 2338
- Chop etish