Odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi ishlar tizimlashtirilib, ushbu jinoyatdan jabrlanganlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, xorijdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini huquqiy himoya qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Bu Senat yalpi majlisida “Odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida qayd etildi.
Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abduhakim Eshmurodov qonun bo‘yicha ma’ruza qilib, o‘g‘irlash, zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qo‘llash orqali odam savdosi jinoyatini sodir etganlik uchun jazo chorasi kuchaytirilayotganini alohida ta’kidladi. Qonun bilan odam savdosi jinoyatini homilador ayolga nisbatan sodir etgan shaxslarga og‘irroq jazo choralarini belgilovchi o‘zgartirishlar kiritilishini qayd etdi.
Senator Qutbiddin Burxonov 2019 yilda 94 ta odam savdosi jinoyati sodir etilgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib bu 144 tani tashkil etganini ta’kidladi. Ushbu jinoyatlar sodir etish maqsadiga ko‘ra tahlil qilinganda esa, so‘nggi yillarda ayollarni yomon yo‘llarga jalb qilish maqsadida bunday jinoyatlar sodir etilishi ko‘paygani kuzatildi. Ushbu jinoyatlarning aksariyati O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida sodir etilmoqda. Jabrlanuvchilar esa, ijtimoiy tarmoqlar orqali O‘zbekiston Respublikasi vakolatli idoralariga o‘zlarining huquqlarini himoya qilishni so‘rab murojaat etib kelmoqda.
Senator Orzigul Qozixonova: Qonun bilan odam savdosi jinoyati ob’ekti bo‘yicha og‘irlashtiruvchi band sifatida homilador ayolga nisbatan sodir etilishining kiritilishi, o‘ylaymanki, yuqoridagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ladi. Olingan ma’lumotlardan shuni ko‘rish mumkinki, odam savdosiga qarshi kurashishda alohida yo‘nalishlardan biri bu – chaqaloqlar savdosi hisoblanadi.
Birgina, Farg‘ona viloyatida IIB va Milliy gvardiya xodimlari hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbir davomida 24 yoshli ayol voyaga yetmagan 1 yoshli farzandini 1,5 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, ushbu summadan 500 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ushlangan. Bu kabi holatlar ko‘p. Aniqlanmagan holatlar ham talaygina. Chaqaloqlarni sotish jinoyatlarining sabablari o‘rganilganda, 19 holatda oilaviy sharoitning og‘irligi va bolani boqishga imkon yo‘qligi, 3 holatda uy-joy olish maqsadida, 9 holatda o‘z aybini yashirish va 10 holatda esa moddiy manfaat uchun bunga qo‘l urilgani ma’lum bo‘lgan. Shu kabi ayanchli holatlarning oldini olishda ko‘rib chiqilayotgan qonun juda muhim va dolzarb. Chunki qonun bilan odam savdosi jinoyati uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Senator Dilbar Suvonova: Afsuski, dunyo bo‘ylab ko‘rilayotgan keng qamrovli choralar hamda olib borilayotgan targ‘ibot ishlariga qaramay, har yili millionlab insonlar «zamonaviy qullik», ya’ni odam savdosi qurboniga aylanib qolmoqda. Ular orasida ayniqsa ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar borligi achinarli. Buning asosiy sababi ilmsizlik, ma’naviy qashshoqlik, tubanlik, ochko‘zlik, yengil hayot tarzini o‘ziga kasb qilish, dunyoga haddan tashqari hirs qo‘yish va nafsiga qul bo‘lishdir.
Senator Munojatxon Yo‘lchiyeva: Inson insonni sotishi naqadar ayanchli holat ekanini hammamiz bilamiz. Ammo, ming afsuski, oramizda shunday qabih ishlarni qiladigan nobakor insonlar ham mavjud. Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi muqarrar bo‘lishi kerak.
Senator Komila Karomova: Eng achinarlisi, o‘z hayotini barbod qilib bo‘lgan ba’zi bir ayollar boshqa ayollarning ham hayotini barbod qilish orqasidan mo‘maygina daromad orttirish niyatida aynan shu jinoyatni sodir etmoqda. Bunday ayollarning xatti-harakatlarini aslo oqlab bo‘lmaydi. Shu nuqtai nazardan Jinoyat kodeksiga fohishalik bilan shug‘ullanishga jalb etish maqsadida sodir etilgan bo‘lsa, degan normaning kiritilishi ayni muddao bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zotan, O‘zbekistonning sha’ni, obro‘si, nufuzi, uning nurli istiqboli va buyuk kelajagi hamda farzandlarimizning farovon hayot kechirishlari uchun hammamiz birdek mas’ulmiz.
Senatorlar ma’qullagan qonun odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olishga, ularga qarshi samarali kurashishga, bunday qilmishlar uchun mutanosib jazo choralari belgilanishiga, qolaversa, bolalar va xotin-qizlar huquqlarini samarali himoya qilishga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, Nosir Haydarov (surat), O‘zA
- Qo'shildi: 23.12.2024
- Ko'rishlar: 232
- Chop etish