Indoneziyada “Suv – umumiy farovonlik uchun!” shiori ostida 10 - Butunjahon suv forumi bo‘lib o‘tayotir. Unda O‘zbekiston parlamenti a’zolari ham ishtirok etmoqda.
Mazkur xalqaro forum har uch yilda bir marta o‘tkaziladi. Forum doirasida bir nechta mavzuga doir mintaqaviy sessiyalar, shuningdek, parallel tadbirlar va ikki tomonlama suhbatlar bo‘lib o‘tadi.
Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish va ekologiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov forumda ma’ruza bilan so‘zga chiqdi. Ishtirokchilarga Markaziy Osiyo mintaqasidagi suv resurslari holati hamda O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi sharoitida suv muammolarini hal qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
26 mayga qadar davom etadigan forum davomida xalqaro ekspertlar, olimlar, parlament a’zolari suv resurslarini tejash, suv tanqisligining oldini olish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, bunda sanitariya talablariga rioya etish masalalariga e’tibor qaratmoqda.
Iqlim o‘zgarishiga chidamli bo‘lish uchun suv resurslarini oqilona boshqarish, sohani moliyalashtirish hamda transchegaraviy suv muammolariga barham berish, qurg‘oqchilikning oldini olish uchun bu xavfdan erta ogohlantirish tizimlarini rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 22.05.2024
- Ko'rishlar: 1620
- Chop etish