Mamlakatimizda migratsiya geografiyasini kengaytirish asnosida Yevropa Ittifoqi davlatlari, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Koreya, Kanada, Turkiya kabi iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlar bilan yaqin hamkorlikni izchil rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilyapti.
Buyuk Britaniya mehnat bozori O‘zbekiston uchun nisbatan yangi hisoblanadi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan qirollikning bir qator ish beruvchilari bilan olib borilgan muzokara natijasida muayyan kelishuvlarga erishilgan.
Natijada 2022 yildan ushbu davlatga fuqarolarimizni ishga jo‘natish yo‘lga qo‘yildi. Raqamlarga murojaat qilamiz: 2022 yil 80 nafarga yaqin, 2023 yil esa 1900 nafardan ziyod yurtdoshimiz Buyuk Britaniyaga qishloq xo‘jaligi sohasida ishlash uchun jo‘natilgan.
Birlashgan Qirollik qishloq xo‘jaligi sohasida mavsumiy ishlash maqsadida Ayni payt 16 yanvar kuni ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar uchun 22-27 yanvar kunlariga belgilangan ish beruvchi vakillar ishtirokidani tanlov davom etmoqda.
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarini malakasini oshirish markazida Namangan, Farg‘ona, Andijon, Sirdaryo, Jizzax, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan da’vogarlar sinovdan o‘tkazildi.
Agentlik tomonidan shaffoflikni ta’minlash, tanlov jarayonini kuzatib borish maqsadida jurnalistlar uchun perss-tur tashkil etildi.
Matbuot tadbirida ta’kidlanishicha, muassasa tomonidan xorijda ishlash istagini bildirgan yurtdoshlarimizni dunyoning rivojlangan davlatlariga yuborish bo‘yicha tizimli va samarali ish olib borilyapti.
Ushbu yo‘nalishda xorijning vakolatli davlat tashkilotlari va salohiyatli ish beruvchilari bilan doimiy muzokara olib borilishi natijasida 2023 yil 19 davlatning 90 ga yaqin tashkiloti bilan hamkorlik kelishuvi imzolanib, uyushtirilgan tartibda O‘zbekiston fuqarolari xorijga ishga jo‘natilmoqda.
Tanlovda ish beruvchi vakillari tomonidan nomzodlar chet tilini bilishi va kasbiy malakasiga ko‘ra saralanmoqda.
– Buyuk Britaniyaga ishga yuborish to‘g‘risidagi e’lonni eshitib, onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tdim va bugungi tanlovda ishtirok etyapman, – deydi namanganlik Shuhrat Hasanboyev. – Shaffof tashkil etilgan suhbatdan oldin xorijdagi ish jarayoni haqidagi tavsiyalar bilan batafsil tanishdik. Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tib, xorijda ishlab kelaman, oilam moddiy ta’minotini yaxshilash bilan birga ingliz tilini ham chuqurroq o‘rganib qaytaman, degan umiddaman.
Xorijlik vakillar qayd etishicha, hamkorlik davom etishi uchun migrantlar qonunni buzmasligi, mehnat shartnomasi shartiga rioya qilishiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Buyuk Britaniya hukumati va ish beruvchilar ishonchi keyinchalik O‘zbekistondan yanada ko‘proq fuqarolarni ishga jalb qilish imkoniyatini oshiradi.
– Agentligimiz xavfsiz, tartibli va qonuniny mehnat migratsiyasini amalga oshirish maqsadida fuqarolarni xorijga tashkiliy tarzda ishga yuboryapti, – deydi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mutaxassisi BoburTemurboyev. – Buyuk Britaniyaga jo‘natish dasturi 2022 yil boshlangan. Birinchi yil yuzga yaqin fuqaro ishga yuborilgan, o‘tgan yil esa bu raqam ikki mingga yetdi. Joriy mavsum esa besh mingga yaqin xorijda ishlash istagidagi vatandoshimizni rivojlangan davlatlarga ishga joylashtirishni rejalashtirganmiz. Mazkur loyiha doirasida mehnat migrantlari mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga olti oy muddatga yuborilmoqda. Ishchilar soatbay ishlaydi va shu asosda maosh oladi. Haftasiga kamida 32 soat, ko‘pi bilan 60 soat ishlash mumkin.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Agentlik tomonidan 2023 yil 38 mingdan ko‘p fuqaromiz xorijiy davlatlarda manzilli ishga joylashtirilgan.
Go‘zal Sattorova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA
- Qo'shildi: 26.01.2024
- Ko'rishlar: 2957
- Chop etish