(“Adolat himoyasida” medialoyihasi: 6-maqola)
Poytaxtlik Toshtilla Abdullaeva Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz rahbariyati, Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo'limi xodimlariga o'z minnatdochiligini izhor etgani kelgan ekan.
– Bir guruh firibgarlarning aldoviga ishonib, bor-yo'g'imdan ajralib qolgandim, – hayajon bilan gapiradi u. – Buning ustiga Toshkent shahar Yunusobod tuman sudi afv etishni tatbiq etib, jazodan ozod etgan bo'lsa ham meni jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topgan edi. Farzandlarim, nevaralarim, qarindoshlarim, mahalla-ko'y oldida yuzimni yerga qaratishgandi.
Yetti yil davomida murojaat qilmagan idoram qolmadi hisob. Ulardan deyarli bir xil – sud hukmi qaroriga havola qilingan javoblar olardim, xolos. Nihoyat Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz rahbariyati qabuliga kelgach, adolat qaror topishiga umid qila boshladim. Ularning murojaatlari asosida O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan Oliy sudga mening ishim bo'yicha isbotlanishi lozim bo'lgan barcha holatlar to'la tekshirilmaganligi va to'plangan dalillarga yetarlicha qonuniy baho berilmaganligi hisobga olinib, nazorat tartibida protest kiritildi.
Natijada mening ishim nazorat tartibida O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoiy ishlar bo'yicha sudlov hay'atida ko'rib chiqildi hamda murojaatim yuzasidan Jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar sudi appelyatsiya instantsiyasining 2017 yil 26 sentyabrdagi qarori bekor qilindi va ish appelyatsiya instantsiyasining boshqa tarkibida yangidan ko'rib chiqish uchun yuborildi.
Toshkent shahar sudi appelyatsiya instantsiyasining 2019 yil 13 iyundagi ajrimi bilan sodir etilgan jinoyatga daxlim ham, menda nazarda tutilgan jinoyat alomatlari (jinoyat tarkibi) bo'lmaganligi uchun ham Jinoyat ishlari bo'yicha Yunusobod tuman sudining o'zimga nisbatan chiqargan hukmi bekor qilindi, jinoyat ishim harakatlari tugatildi.
Shuningdek, Markazga birinchi bosqich sudi chiqargan hukmidan norozi bo'lgan M.Madrahimov, R.Rajapov, A.Vaisovning murojaatlarida ham qonun buzilishi holatlariga yo'l qo'yilganligi bayon etilgan edi.
Ular tegishli hujjatlar asosida o'rganib chiqilishi natijasida apellyatsiya instantsiya sudlarining ajrimi bilan birinchi bosqich sudlarining ayblovlari qayta kvalifikatsiya qilinib, belgilangan jazo muddatlari o'zgartirilishiga erishildi.
Fuqarolar Inson huquqlari bo'yicha milliy markaziga o'zlarining ijtimoiy-iqtisodiy, mulkiy, mehnat huquqlari bo'yicha ham tez-tez murojaat qilib turishadi. Bu murojaatlarda bayon etilgan muammolar ijobiy hal etilishi uchun tegishli idora va muassasalar bilan birgalikda barcha zarur choralar ko'riladi.
Masalan, Soliq akademiyasini imtiyozli tugallagan, “Mehribonlik uyi”ning sobiq tarbiyalanuvchisi E.Akramova davlat byudjeti hisobidan berilishi lozim bo'lgan moddiy yordamni olishda amaly yordam so'rab murojaat qilgan edi. O'zbekiston Bosh prokuraturasi ushbu masalani nazorat tartibida o'rganib chiqdi va kompensatsiya pullari E.Akramovaga to'liq to'lab berilishi ta'minlandi.
Markazning fuqarolar murojaatlari ijrosini ta'minlash uchun ko'rgan choralari tufayli Surxondaryo viloyat hokimligi Termiz tumanida yashovchi Z.Abdujalilovaning arizasi asosida uning oilasida ikki nafar nogiron borligi hisobga olingan holda bularning Toshkent shahrida davolanishlari uchun order taqdim etdi. Bu oila a'zolari uy-joyga muhtojligi uchun mehnat layoqati cheklangan fuqarolarga beriladigan uylar ro'yxatiga kiritildi.
Shuningdek, Mehribonlik uylarining sobiq tarbiyalanuvchilari bo'lgan D.Ivanov, F.Valieva SH.Eshmirzaev va I.Sheglovaning murojaatlarida bayon etilgan masala ham ijobiy hal etildi. Ularga biriktirilgan xonadonlarni ta'mirlash uchun Angren shahri mahalliy byudjet va homiylar mablag'lari hisobidan 90 million so'm ajratdi.
Toshkent Davlat pedagogika universitetining maxsus pedagogika fakul`teti talabaligiga qabul qilingan chin yetim G.Bo'rieva Markaz murojaati asosida Qashqadaryo viloyati Yakkabog' tumani hokimining qarori bilan to'liq davlat ta'minotiga olingan.
“Hunarmand” uyushmasi a'zosi, yakka tartibdagi hunarmand M.Xamraevning Buxoro viloyat G'ijduvon tuman davlat soliq inspektsiyasi tomonidan asossiz ravishda soliq qarzdorligiga duchor qilinganligi to'g'risidagi shikoyati ham Markaz aralashuvi bilan ijobiy hal qilindi. Usta hunarmandning buzilgan huquqlari tiklandi, asossiz hisoblangan soliq qarzdorligi bekor qilindi va unga davlat tomonidan belgilangan imtiyozlar tatbiq etilishi ta'minlandi.
Erkin Ernazarov,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali
bosh muharririning o'rinbosari
- Qo'shildi: 01.01.2020
- Ko'rishlar: 4994
- Chop etish