Bugun O'zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganiga o'ttiz yil to'ldi
Til – bu jahon madaniyatining eng oliy yutug'i bo'lib, u insoniyatning ijtimoiy-iqtisodiy va ma'naviy kamoloti tarixini aks ettiruvchi ko'zgudir. Albatta, har bir shaxs o'z tilini tanlash huquqiga, xohlagan tilda muomala qilish va ta'lim olish huquqiga ega. Lekin millat bunday huquqqa ega emas. Millat uchun tilni tanlash huquqi yo'q. Uning uchun faqat bir asosli til borki, bu tilning yo'qolishi millat o'zining yo'q bo'lishi bilan barobar.
Shu o'rinda «millat» va «til» tushunchalarining o'zaro munosabatiga to'xtalib o'tish lozim.
Millat (lotincha: «natio» – «qabila», «xalq» so'zidan) – industrial davrning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-siyosiy va ma'naviy mushtarakligidir.
«Millat» tushunchasiga quyidagi ikki asosiy yondashuv mavjud:
birinchidan, muayyan davlat fuqarolarining siyosiy mushtarakligi;
ikkinchidan, yagona til va tafakkurga ega etnik mushtaraklik (bitta yoki birgalikda yashaydigan bir nechta etnoslar turmush kechirishining shakli).
Xalqaro huquqda millat milliy davlatning sinonimi hisoblanadi. «Millat» tushunchasini «milliylik» tushunchasi bilan almashtirib yubormaslik kerak.
Til millatni farqlaydigan universal belgi hisoblanmaydi: millatning noyobligi til noyobligi bilan albatta bir xil bo'lishi shart emas. Bir tilda so'zlashadigan millatlar (nemis, ingliz, arab, serb-xorvat) ham, shuningdek, hamma yoki deyarli barcha etnik guruhlar uchun o'zga tilda gaplashadigan millatlar (hindlar, Xitoy xanlari) ham mavjud. Muayyan millatning salmoqli qismi vakillari, lekin o'z millati tilini bilmaydigan xalqlar ham bor.
Dunyoda 7000 tadan ko'proq til bor deb hisoblanadi. Muomala rivojlanib borishi natijasida tillar har ikki haftada bittasi yo'qolib borish tezligida qisqarmoqda.
Jahonda 178 davlat davlat tiliga va/yoki rasmiy tillarga egadir. Ayrim mamlakatlarda (masalan, Albaniya, Frantsiya, Ukraina, Latviyada) davlat tili yagonadir. Boshqa mamlakatlarda (masalan, Afg'oniston, Belarus`, Bel`giya, Boliviya, Isroil, Hindiston, Paragvay, Finlyandiya, Shveytsariya, Janubiy Afrika Respublikasi) davlat tillari bittadan ko'pdir.
Iroq, Italiya, Ispaniya va Rossiya kabi ayrim mamlakatlarning butun hududida bitta davlat tili mavjud bo'lib, unga qo'shimcha ravishda ba'zi mintaqalarda ham davlat tillari (masalan, Tataristonda tatar tili) mavjud. AQSH kabi ba'zi davlatlar butun mamlakat uchun davlat tiliga ega emas, ammo mamlakatning bir qismida (masalan, AQSH shtatlarida) davlat tili bor. Nihoyat, Avstraliya yoki Eritreya kabi ba'zi mamlakatlarda davlat tili tushunchasi umuman yo'q. Bunday holatlarda amalda biror asosiy til, shuningdek, u yoki bu tillar qo'llanilishi belgilab qo'yilgan qator rasmiy hujjatlar mavjud bo'ladi.
Ayrim mamlakatlarda (Afrikadagi davlatlar, shuningdek, Filippin) o'tmish mustamlakasining
merosi sifatida ushbu davlatlar milliy tili bo'lmagan davlat tillari yoki o'qitiladigan tillar (masalan, frantsuz yoki ingliz tili) saqlanib qolgan. Bu mamlakatlarda, shuningdek aholining ko'pchiligi
gaplashadigan tillar ham muomalada bo'ladi.
Buning aksi sifatida irland tilini keltirish mumkin. Ushbu tilda mamlakatning faqat uchdan bir qismidan kamroq aholi gaplashsa ham, u milliy til va ushbu davlatning birinchi davlat tili hisoblanadi. Aholining ko'pchiligi gaplashadigan ingliz tiliga kelganda, u Irlandiyaning Konstitutsiyasida faqat ikkinchi davlat tili deb belgilangan.
Hamisha ham davlat tili
maqomi ushbu til rasmiy ish yuritishda huquqiy jihatdan keng qo'llanilishini anglatmaydi. Jumladan, Frantsiyaning arab tilida gaplashuvchi sobiq mustamlakalari (Marokash, Jazoir, Tunis, Mavritaniya,
Livan) rasmiy ravishda frantsuz tilini davlat tili yoki rasmiy til deb atamaydi. Shunga qaramasdan, bu til mazkur davlatlarda rasmiy jihatdan keng qo'llaniladi.
Janubiy Afrika Respublikasida o'n bitta rasmiy til yoki Boliviyada o'ttiz yettita davlat tili bo'lishiga qaramasdan, ularning ayrimlarigina rasmiy darajada ishlatiladi.
Kanada, Bel`giya va Shveytsariyada federal darajadagi rasmiy til federatsiyaning sub'ekti yoki munitsipalitet darajasida rasmiy maqomga ega bo'lmasligi va, hatto, ta'qib qilinishi mumkin (Frantsuz tili xartiyasi, Bel`giyaning ma'muriy bo'linishi).
Rossiya tarkibiga kiruvchi Kareliyadan boshqa barcha respublikalarda qo'shimcha ravishda o'z davlat tillari joriy etilgan. Shunisi qiziqarliki, karel tiliga davlat tili maqomini berishning odatiy tartibini qo'llashning (respublika Konstittsiyasiga shunchaki o'zgartirish kiritishning) imkoniyati yo'q. Chunki bu yerda lotin yozuvi qo'llaniladi va uni rasmiy joriy etish uchun alohida federal qonun qabul qilinishi kerak.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohi Nyu-Yorkda joylashganligi sababli amalda ingliz tili boshqa tillarga nisbatan ustunlik qilib, til kamsitilishi holatlari uchraydi. Shuning uchun 2007 yilda ispan tilida gaplashuvchi mamlakatlar BMTga ispan tili BMTda teng qo'llanishini ta'minlash talabi bilan da'vo arizasi berganlar.
Jahonda hamma narsa taraqqiy etib bormoqda va tillar ham bu jarayondan orqada qolmayapti. Ayrim tillar eskirib, o'tmishga aylanmoqda, boshqalari esa kitoblar va fil`mlar uchun o'ylab topilmoqda.
Hozirgi paytda 400 tadan ko'proq til yo'qolib ketmoqda, deb hisoblanadi. Til so'nggi eltuvchisi bilan birga o'ladi. Shuning uchun yozuv qo'llanmaydigan elatlar tillari eng avvalo yo'q bo'lish xavfi ostidadir.
Tillar yo'qolib ketishining asosiy sabablaridan biri – ularning o'z eltuvchilar soni notekis taqsimlanganidadir. Jumladan, jahon aholisining 80 foiz ulushiga 80 ta til to'g'ri keladi, 3 ming 500 ta tilga esa – Yer yuzidagi aholining atigi 0,2 foizi to'g'ri keladi.
Tillar yo'qolib borishining yana bir asosiy sababi – globallashuv va migratsiya jarayonlaridir. Odamlar qishloqlardan shaharlarga ko'chib ketadi va oqibatda o'z millati tilini yo'qotadi.
Agar tilni shu tilda so'zlashadigan bolalarning 70 foizdan kamrog'i o'rganadigan bo'lsa, u yo'qolib borayotgan til hisoblanadi. YUNESKOning «Yo'qolib ketish xavfi ostidagi jahon tillari atlasi» ma'lumotlariga qaraganda, Yevropada taxminan 50 ta til yo'qolib ketish xavfi ostidadir. YUNESKO 2009 yilda Rossiya hududida muomalada bo'lgan 136 ta til yo'q bo'lib ketish tahdidi ostida ekanini qayd etgan.
Eng ommalashgan 40 ta tilda Yer yuzidagi aholining taxminan uchdan ikki qismi gaplashadi.
Davlat tili – eng avvalo, muayyan davlat Konstitutsiyasi tilidir. Shuning uchun kodifikatsiyalashgan Konstitutsiyaga ega bo'lmagan davlatlar davlat tiliga ham ega emas, deb hisoblash mumkin.
Ko'pincha davlat tili (rasmiy til) mazkur davlatning eng ko'p sonli xalqi (etnik guruhi) tili bo'ladi. Ayni paytda qator davlatlar qonunchiligida rasmiy davlat hujjatlari boshqa tillarda ham nashr etilishi kerakligi belgilab qo'yilgan.
Rasmiy til – bu davlat yoki xalqaro tashkilotda imtiyozli maqomga ega bo'lgan til. Rasmiy til davlatning hududida foydalanilishi mumkin bo'lgan boshqa tillarga nisbatan qonun tomonidan o'rnatilgan eng yuqori huquqiy maqomga ega bo'ladi.
Davlatning rasmiy tiliga nisbatan ko'pincha «davlat tili» atamasi qo'llaniladi. Biroq ayrim davlatlarning rahbarlari va hukumat institutlari ushbu ikki tushunchani farqlashni talab qiladi.
YUNESKO ekspertlari 1953 yilda «davlat tili» va «rasmiy til» tushunchalarini farqlashni taklif etdi:
birinchidan, davlat tili – mazkur davlat doirasida siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda integratsiyalashtirish funktsiyasini bajaradigan, ushbu davlatning ramzi bo'lgan tildir;
ikkinchidan, rasmiy til – davlat boshqaruvi, qonunchilik, sud ishi tilidir.
Ushbu ikki tushuncha tushuntirish tavsiya xususiyatiga ega bo'lib, barcha mamlakatlar uchun majburiy emas. Davlat tili (rasmiy til) bilan ozchilikni tashkil etuvchi millatlarning bolalari maktabda o'qitiladigan va ish yuritishda qo'llanishi mumkin bo'lgan, rasmiy tan olingan tilni farqlash zarur.
Mintaqaviy til – bu rasmiy maqomi bir yoki bir nechta ma'muriy sub'ektlar: federal okruglar, viloyatlar, o'lkalar, shtatlar, munitsipalitetlar, tumanlar, qishloqlar yoki davlatning ma'muriy belgilab qo'yilgan boshqa mintaqalarida butun davlat hududida amalda bo'lgan rasmiy til (davlat tili) bilan birga qo'llaniladigan til yoki tillardir.
«Mintaqaviy til» tushunchasining o'zi siyosatchilar va tilshunoslar uchun til bilan sheva tushunchalarini farqlash qiyin bo'lgan yaqin qardosh tillar yoyilgan holatlarda, ayniqsa, muayyan qiyinchiliklar tug'diradi. Bunday holat Xitoyda, Frantsiyada, janubiy slavyan va qisman Germaniya
mintaqalarida, roman tilida so'zlashuvchi mamlakatlarda kuzatiladi.
Mintaqaviy va ozchilikni tashkil qiluvchi millatlarning tillari quyidagi mezonlarga muvofiq bo'lishi taqozo etiladi:
birinchidan, muayyan davlat hududida ozchilikni tashkil qiluvchi millatlarga mansub, mazkur davlat fuqarolarining ayrim hudularda an'anaviy foydalanadigan tili bo'lishi;
ikkinchidan, bu til davlat tilidan (rasmiy tildan) jiddiy ravishda farq qilishi kerak.
Shunday qilib, Konstitutsiyalarda til masalasi muhim o'rin tutadi. Jumladan, Konstitutsiyada muayyan tilning huquqiy maqomi belgilab beriladi.
(Akademik Akmal Saidovning
“O'zbekiston Konstitutsiyasi tarixi” kitobidan)
- Qo'shildi: 21.10.2019
- Ko'rishlar: 7894
- Chop etish