Vatanimiz hayotidagi qutlug' sana – Konstitutsiyamiz qabul qilingan kun har yili umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishi bejiz emas. Chunki 1992 yil 8 dekabrda mustaqil O'zbekiston Respublikasining birinchi Konstitutsiyasi qabul qilingani mamlakatimiz hayotidagi muhim tarixiy voqeadir.
Xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining noyob namunasi bo'lgan O'zbekiston Konstitutsiyasi Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti, fuqarolarimizning hukuq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarining mustahkam huquqiy kafolati sifatida yurtimizda bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish, O'zbekistonning xalqaro maydonda munosib o'rin egallashi borasida asosiy yuridik poydevor bo'lib kelmoqda.
Konstitutsiyaning yaratilishi va hayotimizga tatbiq etilishi tarixi haqida fikr yuritganda, avvalambor, 1990 yil iyun oyida tuzilgan Konstiitutsiyaviy komissiyaning ikki yillik mashaqqatli mehnati natijasida Konstitutsiyaning birinchi, ikkinchi loyihalari va so'ngra amaldagi varianti ishlab chiqilganini ta'kidlash lozim. Ushbu Komissiya a'zosi sifatida men ana shu tarixiy jarayonda bevosita ishtirok etganimni doimo faxr bilan eslayman.
Bugungi kunda birgina O'zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivida Konstitutsiyamizning yaratilishi tarixi bilan bog'liq muhim hujjatlar 19 ta jildda saqlanmoqda. Konstitutsiyaning yaratilishi tarixini atroflicha o'rganish, bu muhim huquqiy hujjatning mazmun-mohiyatini chuqur talqin va tahlil etish mustaqil O'zbekistonning eng yangi tarixini o'qib-o'rganishning tarkibiy qismi sifatida katta ahamiyat kasb etadi.
Chunki mustaqil O'zbekiston Konstitutsiyasining ishlab chiqilishi, muhokama etilishi va qabul qilinishi hamda rivojlantirilishi jarayonlari mamlakatimiz mustaqilligi tarixining bevosita uzviy qismidir.
Konstitutsiyamizning yaratilishi tarixiga nazar solinsa, Asosiy Qonun o'zbek xalqining mustaqillik sari uzoq yo'ldagi izlanishlari mantiqiy natijasi ekaniga komil ishonch hosil qilish mumkin.
Benjamin Franklin so'zlari bilan aytganda, “Konstitutsiya insonlarga faqatgina baxtli bo'lish huquqini beradi, uni ushlab qolish o'zimizga bog'liq”.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'biri bilan aytganda, «1992 yil 8 dekabrda mustaqil O'zbekistonimiz Konstitutsiyasining qabul qilinishi mamlakatimiz hayotida muhim tarixiy voqea bo'ldi». Konstitutsiya va milliy tiklanish, ma'naviyat va ma'rifat, huquqiy ong va huquqiy madaniyat, milliy o'zlik va azaliy qadriyatlar, bu ko'hna zamin odamlari ko'nglida ustuvor bo'lgan adolat va odillik, iymon va olijanoblik, bag'rikenglik va mardlik, insonparvarlik va tantilik kabi ulug' xislatlar Konstitutsiyadan munosib o'rin olgan.
Davlatimiz rahbari 2017 yil 19 sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqqani jahon hamjamiyatining diqqatini tortgandi. Mazkur xalqaro hujjat 2019 yilning 12 dekabrida qabul qilindi. BMT rezolyutsiyasi barchaning ta'lim olish huquqini ta'minlash, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko'maklashish, eng muhimi, bag'rikenglik va o'zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta'minlashga qaratilgani bilan e'tiborga molikdir.
Uch ming yildan ziyod tariximiz shundan guvohlik beradiki, olijanoblik va insonparvarlik, millatlararo va dinlararo totuvlikka intilish xalqimizning eng yuksak ma'naviy fazilatlaridandir. Istiqlol bizga ana shu ezgu an'analarni izchil davom ettirish va avloddan-avlodga tizimli o'tishini ta'minlash imkonini berdi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Muqaddimasida O'zbekiston xalqi ushbu Konstitutsiyani, jumladan, «fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta'minlash maqsadida» qabul qilgani alohida ta'kidlangan. Shu ma'noda, Asosiy Qonunimiz – biz uchun nafaqat muhim hayotiy qo'llanma, balki milliy g'urur-iftixor, kerak bo'lsa, ushbu zaminda istiqomat qilayotgan, jinsi, irqi, millati, tili, dinidan qat'i nazar, barcha insonlar uchun mustahkam bir huquqiy himoya hisoblanadi.
Konstitutsiyamizning 4-moddasida O'zbekiston Respublikasining davlat tili o'zbek tili ekani mustahkamlangani barobarida, O'zbekiston Respublikasi o'z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an'analari hurmat qilinishini ta'minlashi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishi qayd etilgan. Shu asosda hozirgi vaqtda mamlakatimiz ta'lim muassasalarida o'qish 7 tilda olib borilayotgani, gazeta va jurnallar 10 dan ortiq tilda chop etilayotgani, tele-radio ko'rsatuvlari va eshittirishlari esa 12 tilda efirga uzatilayotgani juda muhimdir.
Prezidentimiz 2019 yil 21 oktyabrda “O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonni imzoladi. Ushbu hujjatga muvofiq, o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun – 21 oktyabr sanasi “O'zbek tili bayrami kuni” deb e'lon qilindi.
Bosh Qomusimizning 8-moddasida «O'zbekiston xalqini millatidan qat'i nazar, O'zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi» degan norma belgilab qo'yilgan. Jahon konstitutsiyashunosligida yangilik bo'lgan ana shu konstitutsiyaviy talabdan kelib chiqib, o'z taqdirini O'zbekiston bilan bog'lagan, mamlakatimiz farovonligi yo'lida halol va vijdonan mehnat qilayotgan, o'zlariga bog'liq bo'lmagan holatlarga ko'ra fuqaroligi bo'lmagan shaxsga aylanib qolgan fuqarolarning hayotiy muhim masalalarini hal etishga alohida e'tibor qaratildi.
Konstitutsiyamizning 18-moddasi talabiga ko'ra, «O'zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo'lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar». Hozirgi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila bo'lib yashamoqda. Ular barcha soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilib, rivojlangan bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik huquqiy davlat qurishga va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga katta hissa qo'shmoqdalar.
O'zbekistonning boyliklari ko'p, lekin eng katta boylik, eng yuksak qadriyat – jamiyatda hukm surayotgan tinchlik, millatlararo do'stlik va hamjihatlikdir. Zero, bugungi davrda hayotning o'zi turli millat, e'tiqod va din vakillari o'rtasida o'zaro hurmat va hamjihatlik hukm surgan sharoitdagina umumiy xonadonimiz bo'lgan Vatanimiz va jamiyatimiz, har birimizning oila-ro'zg'orimiz, farzandlarimiz kelajagini ta'minlashga erishish mumkinligini ko'rsatib turibdi.
Shu nuqtai nazardan, 2017 yil 7 fevralda tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida ushbu masalaga alohida e'tibor qaratildi. Bu dasturilamal hujjatning beshinchi ustuvor yo'nalishi «Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglikni ta'minlash, chuqur o'ylangan, o'zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish» deb nomlangani bejiz emas.
Chunki davlatning mustaqilligi va suverenitetini, mintaqamizda xavfsizlik, barqarorlik hamda ahil qo'shnichilik muhitini mustahkamlash, jahon hamjamiyatida yurtimizning nufuzini oshirish yo'lida diniy bag'rikenglik va millatlararo totuvlikni yanada kuchaytirish, mamlakat atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaqin qo'shnichilik muhitini yaratishga qaratilgan o'zaro manfaatli va amaliy siyosat yuritish davr talabidir.
Bularning barchasi, o'z navbatida, aholi, ayniqsa, yoshlar ongida insonparvarlik qadriyatlarini, turli millat vakillari o'rtasida o'zaro hamjihatlikni yanada mustahkamlash, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarishni taqozo etdi. Shu sababli davlatimiz rahbarining 2017 yil 19 mayda «Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur hujjat haqida fikr yuritganda, avvlambor, shu paytga qadar faoliyat yuritib kelgan ikkita yirik tuzilma – Respublika baynalmilal madaniyat markazi va O'zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik va madaniy-ma'rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi negizida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi tashkil etilganini ta'kidlash lozim.
Buning natijasida Respublika baynalmilal madaniyat markazi, 138 milliy madaniy markaz, O'zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik va madaniy-ma'rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi, shuningdek, 34 do'stlik jamiyati yagona Qo'mita negizida birlashdi.
Endilikda ushbu Qo'mita jamiyatda millatlararo totuvlik va bag'rikenglikni ta'minlash, tinchliksevar siyosatni, mamlakat hayotining barcha sohalarida erishilgan yutuq va muvaffaqiyatlarni keng targ'ib qilish, xalqaro hamjamiyat, shu jumladan, chet eldagi hamyurtlarimiz diasporasi bilan do'stlikni mustahkamlashga doir davlat siyosatini izchil amalga oshirmoqda.
Ayni chog'da, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo'yicha o'rinbosarlari tegishli hududlarda millatlararo munosabatlarni rivojlantirish va xorijiy mamlakatlar bilan do'stona aloqalarni yo'lga qo'yish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish bilan shug'ullanmoqda.
Bu yo'nalishdagi barcha ezgu ishlar mamlakatimizda millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, tinchlik va barqarorlikni ta'minlash bo'yicha yaxlit tizimni rivojlantirishga, shuningdek, “xalq diplomatiyasi” vositasida chet eldagi vatandoshlar bilan munosabatlarni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 noyabrda qabul qilingan “Millatlararo munosabatlar sohasida O'zbekiston Respublikasi davlat siyosati kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni bilan millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosatini izchil amalga oshirish va yanada takomillashtirishga qaratilgan bir qator dolzarb vazifalar belgilab berildi.
Avvalo, Harakatlar strategiyasiga muvofiq, millatlararo munosabatlar sohasida O'zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari belgilab berildi. Shuningdek, Prezidentimiz Farmoni bilan mazkur sohada ikkita dasturiy hujjat – Millatlararo munosabatlar sohasida O'zbekiston Respublikasi davlat siyosati kontseptsiyasi hamda 2019-2021 yillarda Millatlararo munosabatlar sohasida O'zbekiston Respublikasi davlat siyosati kontseptsiyasini amalga oshirish bo'yicha «Yo'l xaritasi» tasdiqlandi.
Kontseptsiya va «Yo'l xaritasi» sifatli va o'z vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirish hamda monitoring qilish O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo'yildi.
Millatlararo munosabatlar sohasida O'zbekiston Respublikasi davlat siyosati kontseptsiyasida qayd etilganidek, “millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosati — jamiyatda millatlararo munosabatlarni takomillashtirish va tartibga solish sohasida davlatning tizimli faoliyatidan iborat bo'lib, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini, ularning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar qonun oldida tengligini ta'minlashga qaratilgan”.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, O'zbekiston Konstitutsiyasi va Harakatlar strategiyasi asosida ishlab chiqilgan va tasdiqlangan ushbu Kontseptsiya inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashga, O'zbekistonning birligi va yaxlitligini mustahkamlashga, uning hududida yashovchi millat va elatlarning etnik-madaniy o'ziga xosligini saqlashga, jamiyatda millatlararo bag'rikenglik, totuvlik va tinchlikni saqlab turishga yo'naltirilgani bilan nihoyada muhimdir. Bu hujjat, ta'bir joiz bo'lsa, ayni sohadagi islohotlarning yangi, yuksak bosqichini boshlab berdi.
Bu, o'z navbatida, Harakatlar strategiyasi 1992 yilda qabul qilingan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining normalarida belgilab berilgan ustuvor yo'nalishlar doirasidagi demokratik yangilanish hamda modernizatsiya jarayonlarining mantiqiy va qonuniy, izchil va uzviy davomi ekanini, ushbu dasturiy hujjat davlatimiz va jamiyatimizni rivojlantirishning mutlaqo yangi bosqichiga asos solganini yaqqol tasdiqlaydi.
Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori
- Qo'shildi: 03.12.2019
- Ko'rishlar: 10542
- Chop etish