Kecha Ozarbayjonning Boku shahrida BMT Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) doirasida Jahon yetakchilari sammiti yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
O‘zA muxbiri mazkur anjumanda ilgari surilgan takliflar, iqlim muammosi bilan bog‘liq dolzarb mavzular yuzasidan ekspertlar fikrini yozib oldi.
Sayfiddin Jo‘rayev, TDSHU Tahliliy tadqiqotlar markazi direktori:
– So‘nggi yillarda butun dunyoda bo‘lgani kabi, mamlakatimizda ham iqlim muammolarini bartaraf etish orqali taraqqiyotimiz uchun yangi shart-sharoit yaratishni strategik vazifa sifatida belgilanib, bu boradagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish vazifasi kun tartibidan mustahkam o‘rin oldi.
Prezidentimizning shu kunlarda Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha Jahon sammitida ishtirok etib, dunyo miqyosida strategik ahamiyatga ega tashshabbuslar bilan chiqqani yuqoridagi maqsad va vazifalarni amalga oshirish yo‘lida yana bir dadil qadam bo‘ldi, deyish mumkin. Mazkur tashabbuslarning mohiyati va istiqboli nimada?
Avvalo, yodga olish o‘rinli, BMT huzurida 1992 yil Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konvensiya tuzilgan. Ushbu jarayonning mantiqiy davomi sifatida Kioto protokoli va Parij kelishuvi qabul qilingan.
Mamlakatimiz 1993 yil 20 iyunda Konvensiyasiga qo‘shilib, 1999 yil Kioto protokolini ratifikatsiya qilgan, 2017 yil esa Parij bitimini imzolagan. Bunday yirik platforma orqali O‘zbekiston mintaqaga jiddiy zarar yetkazgan Orol dengizi ekotizmini tiklash uchun BMT Orol bo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi Trast fondini tashkil etish tashabbusi bilan chiqib, Markaziy Osiyoni iqlim o‘zgarishiga chidamli hududga aylantirishni maqsad qilgan.
Umuman, ayni jarayonda diyorimiz muntazam ilgari surayotgan amaliy tashabbuslar samara bermoqda. Davlatimiz rahbari 2023 yil 1 dekabr kuni BAAda bo‘lib o‘tgan COP28 oliy darajadagi sammitida iqlim o‘zgarishi masalasi bo‘yicha mamlakatning aniq pozitsiyasini bildirgan. Jumladan, dekarbonizatsiya, iqlim o‘zgarishiga moslashish, Orol dengizi ekotizmini saqlash va tiklash bo‘yicha hamkorlik kilish, COR doirasidagi va boshqa uchrashuvlarda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha umumiy standartlar yaratish uchun mintaqa mamlakatlarini birlashtirgan “Bir mintaqa, bir ovoz” strategiyasini taqdim etgan.
Bundan tashqari O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlariga, xususan, “yashil” energiyani rivojlantirish, chiqindini kamaytirish va suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish orqali erishish majburiyatini olgan.
Boku sammitida davlatimiz rahbari yangi global iqlim o‘zgarishi oqibatini birgalikda bartaraf etishga qo‘shilayotgan amaliy hissani kengaytirish maqsadida bir qator yangi – Iqlim tufayli yo‘qotish va zararni baholash bo‘yicha xalqaro markaz ta’sis etish, BMT shafeligida Daryo ekotizimining butunligi va ekologik xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlar to‘g‘risida deklaratsiya ishlab chiqish, yurtimizda BMT innovatsion agrosanoat xabini yaratish, Jahon iqlim poytaxtlari alyansini tashkil etish va tuzilmaning birinchi forumini Toshkentda o‘tkazish tashabbuslarini ilgari surib, Orol bo‘yi mintaqasida o‘tkaziladigan Raqamli “yashil” tashabbuslar global yoshlar festivaliga davlatlar vakillarini taklif etdi.
Ta’kidlash lozim, davlatimiz rahbarining tuzilmadagi faol ishtiroki, muammolarni hamkorlikda yechishga qaratilgan, strategik ahamiyatga ega modellar va mexanizmlar yaratish bo‘yicha amaliy taklif, tashabbuslari xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda.
O‘z navbatida, bunday hayotiy va samarali bayonotlar dunyo minbarlaridan turib baralla aytilishi mintaqadagi mavjud muammolarni yechishga jahon hamjamiyati salohiyati va resurslarini jalb etish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Shoislom Akmalov, O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi dotsenti:
– Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning “Tashqi siyosat” bobi 18-modda bilan to‘ldirilib, O‘zbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosat amalga oshirishi belgilandi.
Bu strategik vazifa dunyo mamlakatlarini tashvishga solayotgan global muammolarni hal etishga yurtimiz mas’uliyat bilan yondashishini ham nazarda tutadi. Shu nuqtai nazardan Bokuda dunyoning 80 ga yaqin mamlakatdan davlat va hukumatning yuqori darajadagi vakillari, nufuzli xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan sammitda O‘zbekiston Prezidenti qatnashishi va muayyan takliflar kiritishi ayni ijodkorona tashqi siyosatning yorqin ko‘rinishiga misol bo‘la oladi.
Iqlim o‘zgarishi oqibatini keyingi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari ham o‘tkir his qilayotgan bir sharoitda Shavkat Mirziyoyev mazkur salbiy holat bugungi kunda asosiy global tahdidga aylanib, dunyo miqyosida geosiyosiy ziddiyat va keskinlik kuchayishiga bevosita ta’sir etayotgani, kambag‘allikka qarshi kurash, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash, ichimlik suvi va resurslardan foydalanish muammosi kuchayib borayotganiga alohida e’tibor qaratdi. Shu nuqtai nazardan Yangi O‘zbekiston yetakchisining, deyarli, barcha davlatlarga tegishli dolzarb bo‘hronga befarq emasligi, muammolarni bartaraf etishga diyorimiz beminnat hissa qo‘shishi mumkinligini bildirgani ahamiyatli.
Keyingi yillarda o‘lkamizda uglerod muvozanatiiga erishish bo‘yicha keng miqyosda islohot olib borilarkan, buning amaldagi in’ikosi sifatida 2030 yilgacha havoga issiqxona gazi chiqarishni uchdan bir qismga kamaytirish rejalashtirildi. Ayni majburiyat 2050 yilga qadar yanada kuchaytirilishi, “Yashil” energetika ulushi 40 foizga yetkazilishi ham muhim vazifa etib belgilangan.
E’tiborli jihati, COP29 doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon o‘rtasida “yashil” energiyani rivojlantirish va uzatish sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Tadbirda loyihaning ekologik ahamiyati alohida qayd etildi. Uzatiladigan energiya – shamol va quyosh mahsuli bo‘lib, qayta tiklanadigan va toza manba hisoblanadi, iqlimga ta’sirni yumshatish imkonini beradi.
O‘zbekistonning global yig‘ilishdagi ishtiroki, ilgari surgan pragmatik tavsiya va takliflari jahon va mintaqa miqyosida oxirgi yillarda amalga oshirayotgan tashqi siyosatimizning yorqin namunasidir. Muayyan siyosiy va iqtisodiy salohiyatga ega respublikamizning jahon hamjamiyati diqqat markazidagi muammolarni hal etishdagi bevosita ishtiroki mamlakatlar ahdlashgan rejalarni amalga oshirishga beminnat hissa qo‘shadi, deya talqin qilish mumkin.
Muxtor Nazirov, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori:
– Bugungi globallashuv zamonida dunyoda keskin ekologik vaziyat kuzatilmoqda, sayyoramiz miqyosida uch inqiroz: iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchaymoqda.
Ayniqsa, davrimizning asosiy muammosi sifatida, iqlim o‘zgarishi yechimi tarixiy burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin. Mazkur salbiy jarayonni to‘xtatish uchun hali vaqt bor. Faqat bu jamiyatning barcha sohalaridan misli ko‘rilmagan sa’y-harakat talab qiladi.
Ma’lumki, dunyo allaqachon muqarrar global isish ta’sirini boshdan kechirmoqda. Marjon qoyalar yemirilishi, dengiz sathi ko‘tarilishi, Arktika muzi eriy boshlashi, biologiya xilma-xilligi kamayishi, hosildorlik pasayishi, anomal issiqlik kuchayishi va kuchli yog‘ingarchilik shular jumlasidan.
Xalqaro ekspertlar fikricha, jahon bo‘ylab yashil kun tartibiga o‘tish borasida hozirgidek sust muvofiqlashtirilgan, geosiyosiy manfaatga tayangan sa’y-harakat davom etishi oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatga olib kelishi mumkin.
Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) so‘nggi hisoboti olimlar 50 yil oldin bildirgan xavotirni tasdiqlaydi: issiqxona gazi, ayniqsa, qazib olinadigan uglerod chiqindisi Yerning me’yoriy iqlimini zararli tarzda o‘zgartiradi.
Bunday o‘zgarish allaqachon kuzatilmoqda va bu salbiy tendensiya XXI asr ikkinchi yarmida ham davom etishi mumkin. Atmosferada bir muncha vaqt saqlanib qoladigan asosiy bug‘lanuvchi gaz – karbonat angidridning hozirgi yuqori miqdori tufayli dengiz sathi ko‘tarilishi va muzlik erishi uzoq davom etishi kutilyapti.
JMT favqulodda ob-havo, iqlim, suv hodisasidan o‘lim va iqtisodiy yo‘qotish xaritasiga ko‘ra, so‘nggi 50 yil ichida ob-havo bilan bog‘liq ofat tufayli iqtisodiy yo‘qotish miqdori keskin ortgan. Karib havzasida kuzatilganidek, bir dovul mamlakatning yillik yalpi ichki mahsulotini 800 foiz kamaytirishi mumkin. Afrikada qurg‘oqchilik va toshqin YAIMni 20 foizgacha pasaytirgan.
Iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofat toshqin, bo‘ron, qurg‘oqchilik, muz erishi va dengiz sathi ko‘tarilishi tufayli qirg‘oq chuchuk suv resursi sho‘rlanishi kabi suv bilan bog‘liq hodisalarda aks etadi. Oxirgi 20 yil ichida 2 milliard odam yirik vayron qiluvchi suv toshqini, 1,5 milliard kishi qurg‘oqchilik va 700 million kishi halokatli tropik bo‘rondan aziyat chekdi. Hatto, Belgiya, Xitoy, Germaniya, Ispaniya, Hindiston kabi davlatlarda minglab odamlar o‘limiga sabab bo‘ldi. Kuchli qurg‘oqchilik va o‘rmon yong‘ini bugungi kunda Braziliya, Kanada, Rossiya va AQSHga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Alp, And, Himoloy va Rokki tog‘larida eriyotgan muz dunyoning turli burchaklaridagi ko‘plab yirik daryolardan toza suv ta’minoti to‘xtashi tahdidini yuzaga chiqarmoqda. Tahlillar ko‘rsatdiki, iqlim o‘zgarishini yumshatish, ayniqsa qazib olinadigan yonilg‘i sarfini kamaytirish va o‘rmon kesishni to‘xtatish insoniyat va biosferaning uzoq muddatli farovonligini ta’minlash uchun juda muhim.
To‘g‘ri, iqlim o‘zgarishining eng salbiy ehtimoli oldini olish uchun muayyan ijobiy qadamlar ham qo‘yilyapti. Hayotimizga quyosh va shamol energiyasi, issiqlik nasosi, elektr va bioyoqilg‘i bilan ishlaydigan transport vositalari va to‘yimli oziq-ovqat kabi yangi yumshatish texnologiyalari kirib keldi. 32 davlat so‘nggi 15 yil ichida chiqindini muvaffaqiyatli kamaytirishga erishdi va bu yurtlar iqtisodiyoti o‘sishda davom etyapti.
Prezidentimiz COP29 sammitidagi nutqida ta’kidlaganidek, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini Markaziy Osiyo chuqur his qilmoqda. Bu ayniqsa, aholi turmushi sifatini oshirish va milliy taraqqiyot strategiyalarini ro‘yobga chiqarishda yangi to‘siqqa aylanmoqda.
O‘zbekistonning bu boradagi xavotiri Orol fojiasi oqibatini bartaraf etish yo‘lida ko‘rilayotgan choralar, Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi salbiy ta’siri va suv bilan ta’minlanganlik darajasi kamayishi bilan bog‘liq ma’lumotlarda namoyon.
Markaziy Osiyo shunday hududki, mintaqadagi ekologiya muammolari umumiy va ayni payt ayrimlari umumbashariy darajada dolzarb. Mintaqadagi hech bir davlat bu muammolarni mustaqil hal qila olmasligi samarali sa’y-harakatlarni birlashtirish zaruratini oshiradi.
Masalan, mintaqamizning yuqori oqimdagi gidroenergetika va quyi oqimdagi qishloq xo‘jaligi ehtiyoji tufayli cheklangan resurslarni adolatli taqsimlash juda dolzarb. Suv uchun raqobat quyi va yuqori oqimda joylashgan qo‘shni davlatlar o‘rtasida keskinlik manbaiga aylanishi ehtimoli mavjud. Binobarin, O‘zbekiston rahbariyatining suv bilan bog‘liq mintaqaviy muammolarni hal qilishga konstruktiv yondashuvi bois, bu boradagi munosabatlar oxirgi payt ijobiy tomonga keskin burildi.
Yaqin kelajakda aholi demografiyasi mintaqaning cheklangan suv resurslariga bosim o‘tkazishi mumkin. Shu ma’noda Markaziy Osiyoda suv resurslari, energetika, ekologiya va iqtisodiyot sohalarida kompleks yondashuvga asoslangan samarali hamkorlik platformasi mudom zarur bo‘lib qolaveradi.
O‘tkir ALIMOV tayyorladi.
O‘zA
- Qo'shildi: 14.11.2024
- Ko'rishlar: 741
- Chop etish