Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” davlat dasturi hamda “O‘zbekiston – 2030" strategiyasining 2023-yilda bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti atroflicha muhokama qilindi.
Hisobotda keltirilganidek, 2023-yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 foizni tashkil qilgan. Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish yo‘nalishida ham qator ishlar amalga oshirilgan. Ya’ni, maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini oshirish yo‘nalishida 3-7 yoshli 2,1 million bola sifatli maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan. Yangi maktablarni qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish hamda ularda zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida 563 ta maktabda qurilish ishlari yakunlangan, 46 ta sport zali binolari qurilgan. Shuningdek, respublika bo‘yicha quvvati 116 ming nafar o‘ringa mo‘ljallangan 4 ming 402 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etilgan.
Aholi bandligini ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish yo‘nalishida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 1 mln. 779 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarning 993 ming 368 nafariga yordam ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, “Yoshlar daftari”ga jami 435 ming 316 nafar yosh kiritilib, ularning 388 ming 70 nafariga kontrakt to‘lovi, mehnat qurollari uchun mablag‘, muddatli harbiy xizmat badali, haydovchilik kurslari, kasb-hunarga o‘qish va davolanish kabi yo‘nalishlardagi xarajatlar uchun 444 mlrd. so‘m qoplab berilgan. Xususan, band bo‘lmagan 17,5 ming nafar yosh ilm-fan, zamonaviy kasblar va haydovchilikka o‘qitilgan. 31,5 ming nafar nogironligi bo‘lgan va bemor yoshlarga davolanish xarajatlari to‘lab berilgan, ishsiz bo‘lgan 18,5 ming nafar yoshga 60 mlrd. so‘mlik mehnat qurollari ajratilib, mahallaning o‘zida bandligi ta’minlangan.
Bundan tashqari, respublika bo‘yicha og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan turar joyga muhtoj jami 4 ming 138 nafar xotin-qiz uy-joy bilan ta’minlanib, 3 ming 488 nafar ehtiyojmand xotin-qiz maxsus jarrohlik amaliyotidan o‘tkazilgan.
Hududlarning sanoat salohiyatini to‘liq ishga solish maqsadida xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun 15 ming 171 ta savdo servis obyekti tashkil etilib, 96 ming 115 ta ish o‘rni yaratilgan.
Hisobotda keltirilishicha, “Yashil energiya” texnologiyalarini keng joriy qilish doirasida nasos stansiyalarining elektr energiyasi iste’molini kamaytirish maqsadi yo‘nalishida 177 ta nasos hamda 237 ta elektrodvigatellar yangisiga almashtirilgan. Ekologik vaziyatni barqarorlashtirish hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasini kengaytirish yo‘nalishida respublika bo‘ylab jami 219,1 mln. tup, shundan bahor mavsumida 127,7 mln. tup, kuz mavsumida 91,4 mln. tup manzarali va mevali daraxt, buta ko‘chatlari ekilgan.
Muhokamalarda deputatlar Davlat dasturi doirasida aholi o‘rtasida ishsizlikni kamaytirish, daromadlarni oshirish, fan va uzluksiz ta’limni rivojlantirish, xotin-qizlar, yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish, odamlarning turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan ishlar amalga oshirilganini yuqori baholadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 06.03.2024
- Ko'rishlar: 1838
- Chop etish