Munosabat
Joriy yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarni o‘z ichiga qamrab olgan muhim hujjat – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi farmoni loyihasi bo‘yicha ayni kunlarda keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamasi bo‘lib o‘tmoqda.
2025 yil Davlat dasturi loyihasi bilan aholimiz “Taraqqiyot strategiyasi” markazining uzbekistan2030.uz onlayn platformasi orqali batafsil tanishib, fikr-mulohazalarini bildirishmoqda. Portalga kelib tushgan takliflar Markaz ekspertlari tomonidan tahlil qilinib, Respublika komissiyasiga taqdim etib borilmoqda.
Davlat dasturi loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining parlament palatalarining birinchi yalpi majlislari, Hukumatni shakllantirish bo‘yicha yig‘ilishdagi tashabbuslar, shuningdek, “O‘zbekiston- 2030” strategiyasida nazarda tutilgan vazifalar asosida ishlab chiqilgan.
2025 yil Davlat dasturi loyihasida 295 ta amaliy chora-tadbir, 87 ta normativ-huquqiy hujjat ro‘yxati, shuningdek, 269 ta maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilgan. Shuningdek, hujjat bilan atrof-muhitni asrash yo‘nalishida vazirlik va idoralar tomonidan birinchi navbatda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar rejasi, atrof-muhitni asrash bo‘yicha xalqaro hamkorlik yo‘nalishida chora-tadbirlarni amalga oshirish rejasi hamda “Yashil turizm” dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari rejasi tasdiqlanishi kutilmoqda.
Birinchi ustuvor yo‘nalish – har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish borasida 76 ta amaliy chora-tadbirni amalga oshirish, 10 ta normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, 99 ta maqsadli ko‘rsatkichga erishish kutilmoqda. Unga ko‘ra, joriy yilda umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga 500 nafar xorijiy mutaxassisni jalb etish, Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi 100 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabiga olis hududdan qatnaydigan o‘quvchilar uchun bepul avtobus қатновини yo‘lga qo‘yish, shuningdek, nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari sonini 600 taга yetkazish choralarini ko‘rish hamda 3,5 ming kambag‘al oila farzandlarini oliy ta’lim tashkilotlariga grant asosida qabul qilish belgilanmoqda.
Shu bilan birga, ushbu yo‘nalishda Fanlar akademiyasini rivojlantirish strategiyasi, 2030 yilgacha mo‘ljallangan “Oila farovonligi” milliy dasturi, 2025-2030 yillarga mo‘ljallangan kambag‘allikni qisqartirish strategiyasi bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.
Ikkinchi ustuvor yo‘nalish – barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash borasida 85 ta chora-tadbirni amalga oshirish, 24 ta normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish, 75 ta maqsadli ko‘rsatkichga erishish kutilmoqda.
2025 yilda iqtisodiy o‘sishni kamida 6 foiz darajada ta’minlash, yillik inflyatsiya darajasining 7-8 foizdan oshmasligini ta’minlash choralarini ko‘rish, 42,5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish, 307 ta yirik va ahamiyatli loyihani va 2025-2028 yillarda 3,3 GVt quvvatga ega yangi gidro elektr stansiyalarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, 110 ming xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar qurish, “Yangi O‘zbekiston” massivlari sonini 55 taga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Ushbu yo‘nalishda O‘zbekistonda qora metallurgiya sanoatini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi, “Jamoat transportini rivojlantirish strategiyasi”, O‘zbekistonning 2025-2030 yillarga mo‘ljallangan Milliy eksport strategiyalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar va “Ulush kiritish asosida uy-joy qurish to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.
Uchinchi ustuvor yo‘nalish – suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish borasida 57 ta chora-tadbirni amalga oshirish,
27 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish, 34 ta maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish kutilmoqda.
Ularga Toshkent shaharida atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi sohalariga ixtisoslashtirilgan muzey, 14 ta hududda qarovsiz hayvonlarni saqlash va parvarishlashga mo‘ljallangan pitomniklarni (priyut) hamda Xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llar bo‘yida elektromobillarni zaryadlash stansiyalarini tashkil etish kabilar kiradi.
Shuningdek, “Yashil” texnikumlar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 200 million tup daraxt ekish, 2025-2027 yillarda tuman (shaharlar) markazlarida “Soyali sayr ko‘chalari” tarmog‘ini yaratish ko‘zda tutilgan.
Sohil va daryo bo‘ylarida 80 ta infratuzilma ob’ekti va 110 километрдан ortiq sog‘lomlashtirish yo‘laklari qurilishi, Shinjon ekologiya va geografiya institutining Markaziy Osiyodagi qo‘shma ilmiy-tadqiqot markazini tashkil qilish, “Ekofaol fuqaro” maqomini olganlarga davlat xizmatlaridan foydalanishda 10 foiz chegirma va banklarda iste’mol krediti olishda chegirma taqdim etish qayd etilgan.
Bu yo‘nalishda “Yashil oila” maqomini olgan oilalarga har yili lotereya orqali 14 ta elektromobil beriladi, “Eng toza mahalla” va “Eng yashil mahalla” tanlovi g‘oliblariga esa 500 million so‘m ajratiladi.
Shu bilan birga, ushbu yo‘nalishda “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori, 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan plastik bilan ifloslanishni kamaytirish bo‘yicha Milliy dastur, “Atrof-muhit monitoringi to‘g‘risida”gi va “Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risida”gi, “Biologik xavfsizlik to‘g‘risida”gi qonunlar, 2026-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhit monitoringi dasturi, Atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.
To‘rtinchi ustuvor yo‘nalish – qonun ustuvorligini ta’minlash, “xalq xizmatidagi” davlat boshqaruvini tashkil etish 34 ta chora-tadbirni amalga oshirish, 22 ta normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish, 40 ta maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish kutilmoqda.
Unda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi xizmatlar sonini 780 taga yetkazish, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, tahlil markazlari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda davlat organlarida masofaviy ishni tashkil etish va moslashuvchan ish tizimini takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarorini, “Sudyalar hamjamiyati organlari to‘g‘risida”gi va “Sudyalar maqomi to‘g‘risida”gi, “Daktiloskopik ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonunlarni hamda Prokuratura organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish belgilanmoqda.
So‘nggi beshinchi yo‘nalish – “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom эттирishда esa 43 ta chora-tadbirni amalga oshirish, 4 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish, 21 ta maqsadli ko‘rsatkichga erishish kutilmoqda.
Bunda JST va savdo siyosatini o‘rganish, tahlil qilish markazi (think tank) hamda savdo himoyasi bo‘linmasini (Trade defence unit) tashkil etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda “Diplomatik xizmat to‘g‘risida”gi qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025 yilda harbiy yig‘inlarni tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorini tayyorlash kutilmoqda.
Umuman, hujjat loyihasi “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi ekanligini ko‘rishimiz mumkin.
Eslatib o‘tish lozim, mazkur hujjat bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi “Taraqqiyot strategiyasi” markazining uzbekistan2030.uz onlayn platformasida 22 yanvarga qadar davom etadi.
Muxtasar aytganda, ushbu yilning muhim hujjati loyihasi muhokamasida barcha yurt yurtdoshlarimizni faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan holda ishtirok etishi lozim. Zero, aholimiz tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar Davlat dasturining yanada takomillashishi, puxta, mukammal hujjatga aylanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Anvarjon Mirkomilov,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i.
O‘zA
- Qo'shildi: 20.01.2025
- Ko'rishlar: 180
- Chop etish