Prezident “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganligi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunni imzoladi.
Mazkur hujjat bilan 7 ta qonunga davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga bunday yordam ko‘rsatish uchun jinoyat, fuqarolik ishlari va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha, hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda advokatning ishtirok etishini ta’minlash tartibini belgilashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgarishlarga muvofiq:
- surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan tartibda gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining himoyachisi sifatida davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatning ishtirok etishini ta’minlash choralarini ko‘radi;
- surishtiruvchi, tergovchi, prokuror davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi, sud esa ajrim chiqaradi va advokatning ishga kirishish vaqtini belgilaydi;
- yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qaror yoki sud ajrimi “Yuridik yordam” axborot tizimiga kiritiladi;
- advokat axborot tizimi orqali avtomatik tarzda tanlanadi;
- advokatning ishda ishtirok etishi tasdiqlangan paytdan e’tiboran unga ishga kirishish uchun kamida 4 soat vaqt berilishi kerak;
- tegishli ishda o‘zining ishtirok etishini tasdiqlagan advokat prokurorning qarori va sudning ajrimida belgilangan muddatda ishga kirishishi shart;
- advokat gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining iltimosiga ko‘ra yoki ularning roziligi bilan boshqa shaxslar tomonidan taklif qilingan hollarda, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatni jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 12.03.2024
- Ko'rishlar: 2289
- Chop etish