Davlat organlari va idoralari axborot xizmati rahbarlari uchun milliy konferensiya o‘tkazilmoqda

AOKA hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qori Kengesi hamkorligida 18-20-aprel kunlari Nukus shahrida vazirlik va idoralar matbuot kotiblari uchun konferensiya tashkil etilmoqda.

Tadbirning ochilish marosimida Agentlik direktori A.Xodjayev ishtirokchilarni qutlab, sohadagi islohotlar, natijalar hamda muammo va yechimlar haqida raqamli ko‘rsatkichlar bilan batafsil to‘xtaldi.

"Oxirgi paytlarda axborot makonida turli feyk va yolg‘on axborotlar soni ko‘payib, foydalanuvchilar orasida aniq, xolis va haqqoniy manbaga bo‘lgan talab tobora oshib bormoqda. Bunday talabni qondirishda davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari muhim o‘rin tutadi.

Axborotlashgan jamiyatda milliy kontent yaratish, bu jarayonlarda davlat organlari axborot xizmatlari imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, yaxshi uslub va infotexnologiyalardan foydalanish masalasi birinchi o‘ringa ko‘tarilmoqda.

XXI asrda axborot xurujlari eng katta tahdidlardan biriga aylandi. Axborot xavfsizligini ta’minlash milliy xavfsizlik sohasidagi muhim vazifa bo‘lib qolmoqda", deya ta’kidladi nutqi davomida A.Xodjayev.

Bugun o‘z ishini boshlagan konferensiyada doirasida o‘tkaziladigan panel sessiyalarida:

respublikada va hududlardagi axborot xizmatlarining o‘zaro hamkorligi: mavjud muammo va kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish yo‘llari;

tashkilot imijini yaratish, jamoatchilik bilan aloqalarni tashkil qilishda rahbar va axborot xizmati hamkorligi mavzularida taqdimotlar, keng munozarali suhbatlar bo‘lib o‘tmoqda.

Matbuot kotiblari o‘z chiqishlarida axborot xizmatlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash orqali xalqaro indikatorlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatish, doimiy muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ijtimoiy tarmoqlar, OAV, media bilan ishlash mexanizmlarini zamonga muvofiqlashtirish, shuningdek, media texnika vositalaridan samarali foydalanish usullarini o‘rganish bo‘yicha ham treninglar o‘tkazildi.

 

Rasmiy xabarlar

Powered by GSpeech