Davlat xizmatchilarining huquq va qonuniy manfaatlari qanday ta’minlanmoqda?

Davlat idoralarida xodimlarning qonuniy manfaatlariga rioya etilishi o‘rganib borilmoqda. Xo‘sh, ularning huquqlari qanday ta’minlanmoqda?

Bu savolga Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova javob berdi:  

– Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining hududiy filiallari tomonidan 2024-yil birinchi choragida davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi bilan bog‘liq o‘rganishlar o‘tkazildi.  

Aniqlangan holatlar bo‘yicha qator ta’sir choralari qo‘llanildi. Tahlillarga ko‘ra, o‘rganishlar davomida ishga qabul qilishda tanlov o‘tkazish tartibiga amal qilmaslik, davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatiga haq to‘lashda ularning huquqlari buzilgani holatlariga yo‘l qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi.    

Davlat fuqarolik xizmatchisiga mehnat ta’tillarini berishda, intizomiy jazo chorasini qo‘llashda qonunchilik talablariga amal qilmaslik holatlari uchradi.    

Ishdan bo‘shatish tartibiga rioya qilmaslik, jamoa shartnomasi qabul qilinmagani, davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalari va Odob-axloq komissiyasi tasdiqlanmagani kabi kamchiliklar uchradi.    

Inson resurslarini boshqarishga oid ma’lumotlar va hujjatlarni “hrm.argos.uz” elektron platformasi orqali shakllantirmaslik kabi qonunbuzilish holatlari ham aniqlandi.  

O‘rganishlar bo‘yicha kiritilgan ta’sir choralari natijasida 4 nafar davlat fuqarolik xizmatchisining mehnatiga haq to‘lashda ularning buzilgan huquqlari tiklandi. 14 ta noqonuniy buyruq bekor qilindi. 5 holatda tanlov komissiyasining xulosasi bekor qilinib, tanlov qayta o‘tkazildi.  

Faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 13 nafar aybdor shaxsga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. 16 nafar aybdor shaxsga nisbatan 16 million 900 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanildi.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA

Powered by GSpeech