SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT)ning X xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi 5 sentyabr kuni poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” Xalqaro forumlar saroyida o‘z ishini davom ettirdi. Unda SHHT va MDHga a’zo davlatlar vakolatli organlari, xalqaro tashkilotlarning vakolatli tuzilmalari delegatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi.
“Terrorizmga qarshi kurashishda umumiy sa’y-harakatlar” mavzusidagi to‘rtinchi sessiya doirasida xalqaro tashkilotlar (BMT Xavfsizlik kengashining tahliliy qo‘llab-quvvatlash va sanksiyalar monitoringi guruhi), Rossiya, Belarus, Qozog‘iston xavfsizlik va maxsus xizmat organlari hamda Xitoy va Italiya ilmiy-ma’rifiy muassasalari vakillarining ma’ruzalari tinglandi.
Ishtirokchilar terrorizmni moliyalashtirish, xususan pul oqimlari monitoringi samaradorligini oshirish hamda shubhali pul o‘tkazmalarini aniqlash, MDH Aksilterror markazi va SHHT MATT platformalarida terrorchilik tashkilotlari va terrorizmni moliyalashtirishga daxldor bo‘lgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Terrorchilik tashkilotlarining o‘z jinoiy faoliyatini moliyalashtirishda qo‘llayotgan zamonaviy shakl va usullari muhokama qilindi.
Tadbir ishtirokchilari terrorizm va ekstremizm bilan bog‘liq pul oqimlarini yanada samarali aniqlash va ularga chek qo‘yish maqsadida SHHT va MDHga a’zo davlatlar vakolatli organlari, xalqaro tashkilotlar o‘rtasida axborot almashinuvini davom ettirish zarur, degan yakdil fikr bildirdi.
“Ekstremizm mafkurasi - davlatlar suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga tahdid” mavzusidagi beshinchi sessiyada xalqaro tashkilotlar (SHHT Xalq diplomatiyasi markazi, BMT Xavfsizlik kengashining tahliliy qo‘llab-quvvatlash va sanksiyalar monitoringi guruhi), O‘zbekiston, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Xitoy vazirlik va ilmiy-ma’rifiy muassasalari (O‘zR DXX Akademiyasi, Belarus strategik tadqiqotlar instituti, Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi, Moskva davlat lingvistika universitetining Ibero-Amerika dasturlari markazi, Yevroosiyo tadqiqotlar markazi hamda RF Tashqi ishlar vazirligi Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti) vakillari chiqish qildi.
Unda ishtirokchilar axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda tarqalayotgan ekstremizm mafkurasi, xususan ijtimoiy tarmoqlar va turli veb-manbalarda ekstremistik kontentni aniqlash va tahlil qilish, virtual olamda radikallashuvga qarshi kurashish maqsadida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish masalalarini muhokama qildi.
Xavfsizlikning bugungi chaqiriq va tahdidlari ko‘lami va xususiyatidan kelib chiqib, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda qo‘shma say’-harakatlarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, mazkur anjuman xalqaro terrorizmga qarshi hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda MDH va SHHT mamlakatlari o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Ekstremizm va radikalizmning tarqalishiga qarshi chora-tadbirlar sifatida ekspertlar tomonidan axborot almashish va raqamli makonda ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha xalqaro standartlar va bayonnomalarni ishlab chiqib, joriy qilish taklif etildi.
Sessiya yakunida ishtirokchilar ochiqlik va o‘zaro ishonch tamoyillari asosida xalqaro huquq me’yorlariga tayangan holda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash istagini bildirdi.
O‘zA
- Qo'shildi: 06.09.2024
- Ko'rishlar: 1076
- Chop etish