Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli gazetalaridan biri, O‘zbekiston Milliy axborot agentligining hamkori – “Jenmin jibao” Xitoyning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyunning “Xitoy – O‘zbekiston do‘stligi insonlar yuragida chuqur ildiz otgan” nomli maqolasini e’lon qildi.
Xitoylik diplomatning fikr bildirishicha, 2023 yil ikki mamlakat munosabatlari rivojlanishi tarixida o‘ziga xos yil bo‘ldi.
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning rahbarligida Yangi O‘zbekiston qurilishi, milliy islohotlarni chuqurlashtirish borasida ulkan muvaffaqiyatga erishildi, – deyiladi maqolada. – Iqtisodiyot ravnaq topmoqda, jamiyat rivojlanmoqda, xalq turmushi yaxshilanmoqda, mamlakatning xalqaro nufuzi kundan-kun ortib bormoqda.
Yuy Szyun davlatimiz rahbari yil davomida “Xitoy – Markaziy Osiyo” birinchi sammiti va “Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro hamkorlik forumida ishtirok etish uchun ikki marta Xitoyga tashrif buyurganini, unda XXR Raisi Si Szinpin bilan uchrashib, hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashganini alohida qayd etgan.
Materialda, shuningdek, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi amaliy hamkorlik barcha sohalarda rivojlanib borayotgani keltirilgan. 2023 yilning 11 oyi davomida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yangi rekord darajaga yetdi va 12,2 milliard dollarni tashkil etdi.
– 2024 yil Xitoy – O‘zbekiston aloqalari ulkan rivojlanish salohiyati va hamkorlikning keng istiqbolini ochib beradi, – deya elchining fikrlaridan iqtibos keltirilgan. – Ayni paytda Xitoy ham, O‘zbekiston ham milliy taraqqiyot va tiklanishning muhim bosqichida bo‘lib, ikki tomonlama munosabat hamda turli sohalardagi hamkorlik yangi imkoniyatlar ochyapti.
Gazetada yozilishicha, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muhim kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, yuqori darajadagi ikki tomonlama munosabatlarni barqaror rivojlantirish muhim.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 23-25 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA
- Qo'shildi: 22.01.2024
- Ko'rishlar: 2738
- Chop etish