O‘zA xorijiy diplomatlardan blits-intervyu oldi
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi yakuniga bag‘ishlangan sessiya – “O‘zbekiston tashqi siyosati: tinchlik, ochiqlik va taraqqiyot yo‘lida” mavzusidagi davra suhbatida mamlakatimiz tashqi siyosatining zamonaviy davrdagi fundamental asosi va strategik ustuvor yo‘nalishlari tahlil qilindi. Anjumanda siyosatchilar va ekspertlar, shuningdek chet davlatlarning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari ham ishtirok etdi.
O‘zA muxbiri tadbir boshlanishi oldidan diplomatlar bilan blits-intervyu tashkil qildi. Bildirilgan fikrlar zamirida “O‘zbekiston tashqi siyosati “hamkorlik orqali farovonlik” tamoyiliga asoslangani mamlakatning mintaqa va jahonda barqarorlik, farovonlikka intilishini ifodalaydi” g‘oyasi ustuvorlik kasb etdi:
Demiya Zuhayr Haddod (Iordaniya):
– Haqiqatan O‘zbekistonda juda qisqa muddat, ya’ni so‘nggi 8 yil ichida kuzatilgan rivojlanish barchani hayratlantirmoqda. Ayniqsa, transformatsiya jarayonini e’tirof etmay iloj yo‘q. Islohotlar samarasini barcha, jumladan so‘z erkinligi, demokratiya, iqtisodiyot, inson huquqi kabi asosiy yo‘nalishlarda ko‘ryapmiz. Va mana shu o‘zgarishlarning navbatdagi bosqichini endi, saylovdan keyin ko‘rishimizga ishonchim komil.
Olgan Bekar (Turkiya):
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi tufayli hozir O‘zbekistonda ulkan o‘zgarishlar yuz bermoqda. Bugun biz respublikani mintaqaviy barqarorlik va tinchlik ortida turgan muhim davlat sifatida bilamiz. Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi ham mamlakat taraqqiyotini dunyoga ko‘rsatmoqda.
Von Do Yon (Janubiy Koreya):
– O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligi ta’lim, iqtisodiyot, siyosat va madaniyat sohalarida keng rivoj topmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro maydondagi qator taklif, tashabbuslari tufayli respublika tashqi siyosatda yetakchi mamlakatlar qatoriga qo‘shildi. Bugun yurtingiz barcha yo‘nalishlarda katta yutuqlarga erishmoqda. Ushbu islohotlar O‘zbekistonni mintaqadagi eng tashabbuskor davlatga aylantirmoqda.
Oreliya Bushez (Fransiya):
– O‘zbekiston ochiqlik siyosati, xalqaro hamjamiyat, xususan jahon iqtisodiyotiga har tomonlama integratsiyalashuv, shuningdek ko‘p qirrali davlat qurish siyosatini qat’iyat bilan davom ettirayotganiga guvohmiz. So‘nggi yillarda mamlakat turli yo‘nalishlarda xalqaro hamkorlik ko‘lamini izchil kengaytirib bormoqda. Ayniqsa, Osiyodan tortib, Yevropa va Amerika davlatlarigacha, barcha sohalarda yangicha taklif, tashabbuslar ilgari surayotgan yurt sifatida dunyo hamjamiyati e’tirofiga sazovor bo‘lyapti. Bugun yirik loyihalar ustida ish olib borayotgan, turli mamlakatlarda madaniy salohiyatini namoyish etayotgan O‘zbekiston Yevropa davlatlari, jumladan Fransiya bilan ham yaqin hamkorlik o‘rnatgan.
Reynis Troksh (Latviya):
– Elchi bo‘lganimdan buyon O‘zbekistonning taraqqiyotga intilish yo‘lidagi kuchli sa’y-harakatiga shaxsan guvohman. Mamlakat dunyoga keng ochilmoqda. Shu o‘rinda Latviya bilan ham nafaqat an’anaviy qalin aloqalar saqlab qolingani, balki hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ham ko‘ryapmiz. Xalqlarimiz o‘rtasida yaxshi muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda ko‘plab o‘zbek talabalari Latviyada tahsil olyapti. Davlatimiz O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor. Biz buyuk davlat va jamiyat qurayotgan O‘zbekistonni yaxshi ko‘ramiz, yanada ko‘proq islohotlar amalga oshirishda respublikaga yordam berishga tayyormiz.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar:
– O‘ziga xos va keng ko‘lamli strategiyaga ega O‘zbekiston bugungi kunda demokratik jarayonlarda juda faol. Ayniqsa, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar respublikani Markaziy Osiyodagi eng muhim va strategik sherik sifatida biladi. Negaki, mamlakatda eng avvalo iqtisodiy barqarorlik shakllangan, tadbirkorlarga keng imkoniyat yaratilgan. Biz O‘zbekistonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 04.11.2024
- Ko'rishlar: 912
- Chop etish