Vodiy javohiri – Farg‘ona yirik sanoat markaziga aylanmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti, hududlar rivoji bilan yaqindan tanishish maqsadida 11 iyul kuni Farg‘ona viloyatiga keldi.

Mamlakatimizda transport infratuzilmasi sohasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Birgina havo yo‘llari tarmog‘ida Samarqand, Termiz, Mo‘ynoq, Zomin aeroportlari yangilanib, ishga tushirildi. Toshkent va Urganch xalqaro havo portlari ta’mirlanmoqda, “Toshkent-Sharqiy” qayta qurilmoqda.

Joriy yil mart oyida Qo‘qon aeroporti ham yangidan ochilgan edi. 11 iyul kuni O‘zbekiston Prezidentining samolyoti ilk bor bu yerga qo‘ndi.

Mazkur aeroport 1977 yilda qurilgan bo‘lib, yaqin yo‘nalishlarga parvozlar amalga oshirilgan. Keyinchalik faqat harbiy havo kuchlari tomonidan foydalanilgan. Modernizatsiya natijasida ushbu aeroport orqali yana fuqaro aviatsiyasi parvozlari yo‘lga qo‘yildi. 

Davlatimiz rahbari bu yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. 

Aeroportda 100 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan yangi terminal qurilgan, uchish-qo‘nish yo‘lagi qoplamasi ta’mirlangan. Zamonaviy aeronavigatsiya uskunalari o‘rnatilgan. Bu ishlar natijasida aeroport A320-200 va ATR 72-600 rusumli samolyotlarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Prezidentimiz endi bu aeroport xalqimizga manfaat keltirishi kerakligini ta’kidladi. Buning uchun narx va xizmatlarni odamlarga qulay qilib, parvozlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ichki turizm imkoniyatlaridan foydalanish yaxshi samara berishi, xalqaro reyslarni ham yo‘lga qo‘yish mumkinligi qayd etildi.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

Mamlakatimizda kimyo sanoati jadal rivojlanmoqda. So‘nggi besh yilda bu sohada mahsulot ishlab chiqarish hajmi qariyb 2 barobarga oshib, 45 trillion so‘mga yetdi. Xususan, yangi quvvatlar hisobiga mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish hajmi 17 foizga ko‘payib, yiliga 1,4 million tonnadan oshdi. Bunda samarali investitsiya loyihalari katta o‘rin tutmoqda.

Sobiq Qo‘qon superfosfat zavodi moliyaviy sog‘lomlashtirish va diversifikatsiya qilish maqsadida 2019 yilda Singapurning “Indorama Holdings BV” kompaniyasiga investitsiya majburiyatlari bilan sotilgan edi. Uning negizida “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” korxonasi tashkil etildi. 70 million dollar xorijiy investitsiya jalb etilib, ishlab chiqarish texnologiyalari modernizatsiya qilindi. Ispaniya, AQSH, Xitoy, Hindiston, Turkiya va Rossiya davlatlarining yetakchi kompaniyalaridan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatildi. Qo‘shimcha 150 ta ish o‘rni yaratildi.

2021 yilda modernizatsiya ishlarining birinchi bosqichi doirasida ammoniylashgan superfosfat, suvda tez eruvchan kompleks mineral o‘g‘itlar, azot-fosfor-kaliyli (NPK) mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Zavod quvvati yiliga 75 ming tonnadan 450 ming tonnaga yetkazildi. 

Xomashyolar mahalliy korxonalardan olib kelinadi. Masalan, fosforit uni Qizilqumdan, sulfat kislotasi Olmaliqdan, ammoniy sulfat Chirchiqdan, ammiak "Farg‘onaazot" va "Navoiyazot"dan keltiriladi. Bu mahsulot tannarxini barqaror saqlash imkonini berayotir.

Yana bir muhim tomoni, modernizatsiya natijasida ishlab chiqarishga sarflanadigan elektr energiyasi va tabiiy gaz xarajatlarini 35-40 foizga qisqartirishga erishilgan. Bundan tashqari, atrof-muhitni ifloslantirmaslik uchun asosiy ishlab chiqarish sexlariga to‘rt bosqichli tozalash uskunalari o‘rnatilgan. Ilgari bu faqat ikki bosqichli bo‘lgan.

Korxona yiliga 30 million dollar mahsulotni eksport qilish quvvatiga ega. Bugungi kunda MDH, Yevropa, Afrika va Osiyoning 16 davlatiga mineral o‘g‘itlar eksport qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari zavod bo‘ylab yurib, ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Korxona yirik kimyo klasteriga aylanib, nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy namuna bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Zavod xodimlari uchun zamonaviy uy-joylar qurish, kelajakda maktab va shifoxona loyihalarini ham nazarda tutish bo‘yicha fikr almashildi.

Korxona izchil rivojlanmoqda va keyingi bosqichlar bo‘yicha ham ish olib borilmoqda. Ikkinchi bosqich doirasida 50 million dollar investitsiya o‘zlashtirildi. Shveysariya, Germaniya, Hindiston, Xitoy va Italiyadan zamonaviy texnologik uskunalar keltirib o‘rnatildi. Ushbu bosqichda yiliga 24 million dollarlik kaliy sulfat, sulfat kislotasi va ammoniy-xlorid o‘g‘itlari ishlab chiqariladi. 120 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Uchinchi bosqich ishlari 2025-2028 yillarda amalga oshiriladi. Unda mono va dikalsiy fosfat, kaliy-nitrat, azot-fosfor-kaliyli kompleks mineral o‘g‘it, kalsiy xlorid, mono ammoniy fosfat, mono kaliy fosfat ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha qiymati – 100 million dollar. 235 ta ish o‘rni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari Farg‘ona viloyatida rejalashtirilgan yangi investitsiya loyihalari bilan tanishdi. 

Keyingi yetti yilda Farg‘ona viloyatiga qariyb 77 trillion so‘mlik investitsiyalar jalb etilgan. Ularning natijasida 116 mingta ish o‘rni va 4,5 milliard dollarlik eksport imkoniyati yaratilgan. 

Bu yil viloyatda 1,3 milliard dollarlik mingdan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. 

Endi Farg‘ona viloyatida xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 7 milliard dollardan ziyod 132 ta loyiha shakllantirilgan. Shundan 2,1 milliard dollarlik 25 tasi davlatimiz rahbariga taqdimot qilindi. 

Loyihalarga Avstriya, AQSH, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Quvayt, Yaponiya va Ozarbayjon kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Ular to‘qimachilik, oziq-ovqat, tibbiyot, elektrotexnika, qurilish materiallari, xizmat ko‘rsatish va boshqa tarmoqlarni qamrab olgan. 

Masalan, Xitoy investorlari bilan hamkorlikda Uchko‘prik tumanida qiymati 50 million dollarga keramik plitalar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Buning natijasida 500 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi. Quva tumanida Saudiya Arabistoni investorlari bilan birgalikda isitish va sovutish tizimlari ehtiyot qismlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Qiymati 50 million dollarlik ushbu loyiha yakunlangach, 350 kishining bandligi ta’minlanadi.

Mazkur 132 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 23 mingdan ortiq aholi ish bilan ta’minlanadi.

Prezidentimiz mutasaddilarga loyihalarning huquqiy-tashkiliy asoslarini tezlashtirish, investorlar uchun barcha sharoitlarni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.

Sharoit va talabchanlik tufayli bugun barcha hududlarda ish sur’ati yuqori. Bir korxona ishga tushib, boshqalari qurilayapti. Ayniqsa, sanoat tarmoqlarida loyihalar shunchalik ko‘pki, hammasiga ulgurish qiyin.

Shu bois davlatimiz rahbarining hududlarga tashrifi chog‘ida eng muhim loyihalarga to‘xtalish an’anaga aylangan. Farg‘ona viloyatida ham yangi korxonalarni ishga tushirish va qurilishini boshlash marosimi bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining avvalida so‘nggi besh yilda Farg‘onada sanoat hajmi 1,3 barobarga ko‘payganini qayd etdi. Eksport hajmi qariyb 2 barobarga oshib, 722 million dollarni tashkil etgan. 

Investitsiyalar miqdori ham yil sayin o‘sib bormoqda. 2018 yilda viloyatda bor-yo‘g‘i 90 million dollar sarmoya o‘zlashtirilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 1 milliard 300 million dollar bo‘lgan. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 470 taga yetgan. 

Viloyatda 6 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar hisobidan 110 ta va yana 1,1 milliard dollarlik 22 ta mahalliy loyiha bo‘yicha ishlar jadal ketmoqda. Ularda 20 mingdan ortiq ish o‘rni bo‘ladi.

– Ilgari viloyatda 6 ta loyiha qilish amrimahol edi. Bugun 6 milliard dollarlik loyihalar haqida gapirayapmiz. Nima uchun? O‘sdik, rivojlandik, investorlarni ishontirdik, sharoit yaratdik. Bunday ishlarni yana davom ettiramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Birgina “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida 370 million dollarlik yuzga yaqin loyiha bajarilib, 9 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Ular tomonidan joriy yilning birinchi yarmida 1 trillion 500 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 60 million dollarlik eksport qilindi.

Kuni kecha qabul qilingan Prezident qaroriga ko‘ra, ushbu sanoat zonasi Quvasoy shahri bo‘ylab 210 gektarga kengaytiriladi. Unda qiymati 1 milliard dollarlik 185 ta loyiha joylashtirilib, 12 mingta ish o‘rni yaratiladi. Bundan tashqari, Qo‘qon shahrida 230 gektar maydonda “O‘zbekiston – Xitoy” maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi.

Viloyatdagi muvaffaqiyatli loyihalardan biri – Singapurning “Indorama” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi mineral o‘g‘itlar zavodi. Endi uning yuqori samarador kompleks o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha ikkinchi bosqichi ishga tushirilmoqda hamda uchinchi bosqichi boshlanmoqda. Bularning natijasida yiliga 300 ming tonnadan ortiq mahsulot ishlab chiqarilib, qo‘shimcha 50 million dollarlik eksport ta’minlanadi.

Marosimdagi yana to‘rtta loyiha energetika sohasida. Ular – Beshariq tumanida quyosh elektr stansiyasi, O‘zbekiston tumanida elektr energiyasini saqlash tizimi, Farg‘ona tumanida kichik gidroelektrstansiyalari. 

Iqtisodiyotimizda elektr energiyaga bo‘lgan talab yiliga o‘rtacha 6 foizga oshib bormoqda. Shu bois an’anaviy manbalar bilan birga qayta tiklanuvchi quvvatlar ham rivojlantirilmoqda. 

So‘nggi uch yilda 2 milliard dollar xorijiy investitsiya hisobiga quvvati 2,4 gigavatt bo‘lgan 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi tarmoqqa ulandi. Yil yakuniga qadar yana 12 ta stansiyaning qariyb 2,6 gigavatt quvvatlari ulanadi. Shuningdek, hozirgi kunda jami 19 milliard dollarlik, 18,3 gigavattli 32 ta “yashil” loyiha amalga oshirilmoqda. Muhimi, bunday loyihalar har bir viloyatda bor. 

Xususan, Farg‘onaning Beshariq tumanida Germaniyaning “Hyper Partners” kompaniyasi bilan 500 megavattli quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlanmoqda. 350 million dollarlik mazkur loyihaning dastlabki 200 megavatti shu yilning o‘zida tarmoqqa ulanib, kelgusi yilda to‘liq ishga tushiriladi. Unda yiliga 1 milliard 600 million kilovatt soat yoki 675 ming xonadonning bir yillik iste’moliga teng “yashil” energiya ishlab chiqariladi. Natijada 466 million metr kub tabiiy gaz tejaladi.

O‘zbekiston tumanida 144 million dollar xorijiy investitsiya hisobiga 150 megavattli ilk elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etiladi. Xitoyning “Gezhouba Group” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi ushbu majmua shu yil yakuniga qadar ishga tushiriladi. U elektr energiyasiga talab ortgan vaqtda avtomatik ishga tushib, energetika tizimi barqarorligini ta’minlaydi.

Ushbu zamonaviy stansiyalar energetika xavfsizligini ta’minlashga, iqtisodiy samaradorlikni oshirishga, ekologik barqarorlikni yaxshilashga xizmat qiladi.

Sohadagi yana bir yo‘nalish – suv resurslaridan samarali foydalanish. So‘nggi yetti yilda 630 million dollar investitsiya hisobiga 400 megavattdan ortiq yangi quvvatlar barpo etilib, gidroelektrstansiyalar quvvati 2,2 gigavattga yetkazildi.

Izlanishlar davom ettirilib, yurtimizda 56 megavatt quvvatli 200 ta kichik va mikroGESlar qurish imkoniyati aniqlandi. Bu borada alohida dastur qabul qilindi. Uning doirasida Farg‘ona tumanining chekka hududlarida 2 ta kichik GES barpo etildi. Birinchisi, Shohimardon qishlog‘ida qurilgan 2,2 megavattli, ikkinchisi, Yuqori Vodil qishlog‘idagi 430 kilovattli stansiyalardir. Ular yaqin mahallalardagi aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

Davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, bitgan korxonalar faoliyatini va yangi loyihalar qurilishini boshlab berdi.

So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Qo‘qon universitetida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 avgustdagi qarori asosida tashkil etilgan ushbu ta’lim maskani 6 ming 400 o‘ringa mo‘ljallangan. O‘quv binolari, 500 o‘rinli 2 ta talabalar turar joyi hamda axborot-kutubxona markazida yoshlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Talabalarga 233 nafar professor-o‘qituvchi saboq bermoqda.

Bu yerda xorijiy universitetlar bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, 80 ga yaqin xorijiy universitet bilan shartnomalar imzolangan. Universitet Turkiy tilli davlatlar universitetlari kengashi a’zosi. O‘tgan o‘quv yilida Kengashning ta’lim grantlari asosida 22 nafar o‘qituvchi Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘istonda malaka oshirib qaytdi. 15 nafar xorijlik o‘qituvchi esa Qo‘qon universitetida malaka oshirdi.

Hududda olti qavatli, ikki ming o‘ringa mo‘ljallangan yangi o‘quv binosi qurilmoqda. Bu yerda o‘quv xonalari, fan laboratoriyalari, tipografiya joylashadi. Shuningdek, ikki qavatli yoshlar IT akademiyasi barpo etilmoqda. Ularni shu yil sentyabrda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

2022 yilda universitetning turizm fakulteti uchun ming o‘rinli yangi bino barpo etilgan.

Davlatimiz rahbari milliy uslubdagi ushbu majmuani ko‘zdan kechirdi. Xorijdan professorlarni taklif etib, dual ta’lim tizimini keng qo‘llash, turizm tashkilotlari buyurtmasi asosida talabalarni maqsadli tayyorlash zarurligi ta’kidlandi. Bu sohada yetuk nazariy va amaliy bilimlarga ega kadrlar ishlashini ta’minlaydi.

Shu yerda Farg‘ona turizm halqasini yaratishga oid konsepsiya taqdimot qilindi.

O‘tgan yili Farg‘onaga 430 ming xorijiy turist kelgan. Lekin viloyatning tarixi, so‘lim tabiatiga nisbatan qaralsa, bu kam.

Farg‘ona turizm halqasidan maqsad xorijiy va mahalliy turistlarning viloyatda qolish muddatini 3 kundan 7 kungacha uzaytirish, tashrif ob’ektlari sonini 2 barobar oshirishdir. Buning uchun Farg‘ona, Oltiariq, Quva, Uchko‘prik tumanlaridagi diqqatga sazovor joylar turizm yo‘nalishlariga kiritiladi. Umuman, halqada 577 ta maskan bo‘ladi, 50 dan ortiq savdo-xizmat turlari taqdim etiladi.

Prezidentimiz universitet yonidagi Tepaqo‘rg‘on arxeologiya yodgorligini ham ko‘zdan kechirdi.

Yodgorlik shahar yoshini aniqlagani hamda qadimgi o‘rda o‘rnida joylashgani bilan ahamiyatlidir. Ya’ni, bu yer Qo‘qon shahrining eng qadimiy asosidir.

Xo‘qand milodiy era boshlarida nafaqat yirik shahar, balki kichik davlat poytaxti bo‘lgan. U haqda ko‘plab tarixiy manbalarda yozilgan. Qo‘rg‘on xarobaga aylangach, uzoq yillar davomida qabriston bo‘lgan. Bu yerda ko‘plab alloma, adib va mudarrislar dafn etilgan.

Ushbu yodgorlik 2019 yilda moddiy madaniy meros ob’ektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan. 2022 yilda olib borilgan arxeologik qazuv ishlari natijasida yodgorlik arkining tuzilishi aniqlangan.

Davlatimiz rahbari mazkur arxeologik yodgorlikni rekonstruksiya va konservatsiya qilib, "ochiq osmon ostidagi muzey"ga aylantirish tashabbusini bildirdi.

– Ziyorat o‘zi xayrli ish. Lekin millat tarixini ziyorat qilish yanada ulug‘ ne’mat. Bu yerda ana shunday sharoit yaratish kerak. Bu odamlarga, ayniqsa, yoshlarimizga ham bilim, ham g‘urur beradi. Qo‘rg‘on haqida chet ellardagi manbalarni o‘rganib, ma’lumotlarni boyitib borish ham zarur, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari Bag‘dod tumanidagi Yuksalish mahallasida bo‘lib, aholi turmush sharoiti bilan tanishdi.

Hunarmandchilik, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan bu mahallada 3 ming 300 nafarga yaqin aholi yashaydi. 560 dan ortiq xonadonning barchasida tomorqa, o‘ndan ortiq issiqxona bor. Ulardan omilkorlik bilan foydalanib, ikki martalab hosil olinmoqda.

Yana ba’zi oilalar yog‘och o‘ymakorligi, temirchilik, kashtachilik bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda mahallada tadbirkorlik sub’ektlari soni yigirmatadan oshdi. Maktab, bog‘cha va poliklinika bor. Ularda hudud aholisining bir qismi doimiy ish bilan band.

O‘tgan yili 131 kishi ishga joylashtirilgan. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 22 ta loyihaga 240 million so‘m kredit ajratilgan.

Davlatimiz rahbari mahalladagi “Gulnora Matqulobod bodomlari” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Bag‘dodda bodom yaxshi o‘sadi. Korxona 11 ta mahalladagi 500 dan ortiq xonadonlarga bodom tarqatib, sotuvga tayyorlatadi. Bir kunda 3 tonnagacha mahsulot qayta ishlanadi. Hozirda po‘sti yumshatilgan mazali bodomlar poytaxtimiz va viloyatlarga yetkazib berilmoqda. Tadbirkor ayol endi uni eksport qilishni rejalashtirayotganini aytdi.

Prezidentimiz tadbirkor va kasanachi ayollar bilan samimiy suhbatlashdi. Tashabbuskorligi va mehnatsevarligi, islohotlarga kamarbasta bo‘lib, xotin-qizlarni ishli qilayotgani uchun ularga minnatdorlik bildirdi.

Mahalla byudjetida 83 million so‘m bor. Ko‘chalar obod, xonadonlar saranjom-sarishta. Mahalla markazida huquq-tartibot idorasi, chiqindi yig‘ish punkti barpo etilgan.

Shu yil 25 iyun kuni davlatimiz rahbari huzurida o‘tgan yig‘ilishda mahallalarda servis kompaniyasi tashkil qilish choralari belgilangan edi. Shu asosida bu yerda ham “Yuksalish ” mahalla-servis kompaniyasi tashkil etildi.

Servis kompaniyasi Bag‘dod tumanidagi 5 ta mahallaga xizmat ko‘rsatadi. 24 soatlik ish yo‘lga qo‘yilgan. 22 nafar ishchi, o‘nga yaqin yuk tashish va maxsus transportlar, ta’mirlash anjomlari el xizmatida.

To‘lovlarni undirishda “Mening uyim” elektron dasturidan foydalaniladi. Uning idorasi hovlisida hunarmandlar uchun ham sharoit yaratilgan.

Bu tajribani kengaytirib, mahallalarni obod qilish, bandlik va ozodalikka alohida e’tibor qaratish muhimligi ta’kidlandi.

Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida aholi zich yashaydi. Yaqin kelajakda bu nufus oshib boradi. Yosh oilalarga va kelgusi avlodlarga munosib sharoit yaratish maqsadida Prezidentimiz shaharda yangi massiv qurish g‘oyasini ilgari surdi. Tashrif chog‘ida bu borada marg‘ilonlik nuroniylar, jamoatchilik vakillari bilan maslahatlashildi.

– Mamlakatimizning ko‘p joylarida yangi massivlar, shaharchalar qurayapmiz. Marg‘ilonliklarning yashash sharoitlaridan, uy-joylarga ehtiyojidan xabarim bor. Shu talab va istaklarni, ko‘pchilik oilalarning orzularini inobatga olib, zamonaviy imoratlar qurishni o‘ylayapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Loyihaga ko‘ra, 110 gektar maydonda bunyodkorlik ishlari olib boriladi. Xususan, 25 ming aholiga mo‘ljallangan 5 mingta xonadonli ko‘p qavatli uylar quriladi. Shuningdek, Burhonuddin Marg‘iloniy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Maqom teatri, yuridik institut, 4 ta mehmonxona, shoir va san’atkorlar xiyoboni, savdo va xizmat majmualari bo‘ladi. Istirohat bog‘i unga fayz va havo bag‘ishlaydi.

Jamoatchilik nomidan so‘z olgan nuroniylar bu xalq kutgan loyiha ekanini aytib, mamnunligini bildirdi. Ushbu ezgu ishga muvaffaqiyat tilab duo qilindi.

– Bugun borib ko‘rdik, Farg‘onada katta sanoat korxonalari ishlayapti. Yangi elektr stansiyalarini ishga tushirdik. Nima uchun? Xalqimizning sharoiti bo‘lishi uchun, korxonalar barqaror ishlashi uchun. Endi sizlar ham islohotlarga kamarbasta bo‘lib, mahallalar ishsizlik va kambag‘allikdan xoli bo‘lishiga ko‘mak berishingizni istardim, – dedi Prezident. 

Mutasaddilarga massivni xorij tajribasi asosida puxta loyihalashtirish, uylar va infratuzilmani uzoqni ko‘zlab barpo etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘onaga tashrifi chog‘ida Lola Murotova nomidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan kasb-hunar maktabi ochildi.

Lola Murotova O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi, “El-yurt hurmati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari sohibasi bo‘lgan. Butun umrini shu sohaga bag‘ishlab, katta muvaffaqiyat va hurmat qozongan.

Bu boy tajribani yoshlarga yetkazish, qishloq xo‘jaligida o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash maqsadida ushbu ta’lim dargohi tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari bu yerda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Kasb-hunar maktabi 480 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda boshlang‘ich professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlanadi. O‘ttizdan ortiq auditoriyalar, yettita laboratoriya, kompyuter xonalari, faollar zali va muzey barpo etilgan. Shuningdek, 150 o‘rinli turar joy, sport zali, mini-futbol maydonchasi, ustaxona, issiqxona va mashg‘ulotlar uchun avtodrom o‘quvchilar ixtiyorida bo‘ladi. 

Muassasaga umumta’lim maktablarining 9-sinfini bitirganlar o‘qishga qabul qilinadi. O‘quv jarayoni boshlang‘ich professional ta’lim dasturlari asosida, amaliyot bilan bog‘liq holda olib boriladi. 

Shavkat Mirziyoyev Lola Murotovaning ko‘p yillik mehnati, insoniy fazilatlarini yodga oldi. 

– Lola opa o‘zbek ayolining nimalarga qodirligini ko‘rsatdi, shu bilan birga, juda kamtar va soddadil edi. Fidokorligi, mehnatsevarligi bilan yurtimiz rivoji va obodligiga katta hissa qo‘shgan edi. Bu jihatlar yoshlarga o‘rnak bo‘lishi, ular kasbni yaxshi o‘rganishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Maktabda Germaniya tajribasi asosida o‘quvchilarni qishloq xo‘jaligi sohasida tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish joriy etiladi. Ta’lim jarayonini sifatli tashkil etish, metodik yordam ko‘rsatish uchun maktab Farg‘ona davlat universitetiga biriktirildi. Shuningdek, muassasada “Fermerlar maktabi”ni ham tashkil etish ko‘zda tutilgan. Unda buyurtmachilar mablag‘lari hisobidan fermerlar malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahrida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivini ham borib ko‘rdi.

Aholiga munosib yashash sharoitlari yaratish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida. Shu bois barcha hududlarda bunday loyihalar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz 2022 yil va o‘tgan yilda Farg‘ona shahridagi ushbu massiv qurilishini ko‘zdan kechirgan edi. 300 gektarli hududda 65 ming aholiga mo‘ljallangan 365 ta ko‘p qavatli uy bosqichma-bosqich bunyod etilmoqda. Bu uylar 7, 9, 12, 16 va 25 qavatli bo‘lib, viloyat shaharsozligida o‘ziga xos yangilik sanaladi.

Hozirgi kunda ilk uylar va bog‘lar obod aholi manziliga aylanib ulgurdi. 2 ming 887 xonadonli 75 ta uy foydalanishga topshirildi. Ularning negizida Nurafshon mahallasi tashkil etildi. Uylarga 500 dan ortiq oila ko‘chib keldi. Ikkita maktab, uchta bog‘cha va poliklinika ochildi.

Hovlidagi o‘yin maydonchalardagi bolalarning shodon qiyqirig‘i ko‘ngillarni shod qiladi. Joriy yil yana 25 ta uy bunyod etiladi.

Aholi ancha zich yashaydigan hududlar uchun bunday massivlar muhim ijtimoiy ahamiyatga ega. Uy-joylarning sifat va tannarxi xalqimiz imkoniyatiga mos bo‘lishi kerakligiga e’tibor qaratilmoqda. 

Bu yerda zamonaviy ta’lim dargohlari, tibbiyot muassasalari, sport majmuasi, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari qad ko‘tarmoqda. 

Aholini ish bilan ta’minlash uchun massiv hududining 50 gektarida kichik sanoat zonasi tashkil etiladi. Oziq-ovqat, tikuvchilik, to‘qimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika, mebelsozlik va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonalar ish boshlaydi. Bugunga qadar 423 milliard so‘mlik 5 ta loyiha joylashtirildi. Ularning natijasida 700 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Massivni ekoshahar deyish mumkin. Sababi 70 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston bog‘i”, so‘lim xiyobonlar, sun’iy ko‘l, to‘rt ming o‘rinli amfiteatr barpo qilindi. Bog‘ hududiga buta va manzarali daraxtlar ekilgan. Turli attraksionlar o‘rnatilgan.

Davlatimiz rahbari massiv bo‘ylab yurib, so‘lim maskanni ko‘zdan kechirdi. Bog‘da qurilgan amfiteatrda qisqa konsert dasturi namoyish etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

Ma’sudjon SULAYMONOV,

O‘zA muxbirlari

Powered by GSpeech