O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida shu yil 6 avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 aprelda qabul qilingan “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosi yuzasidan brifing o'tkazildi. Unda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi.
Mamlakatimizda bolalar kelajagimiz vorislari, millatimiz davomchilari sifatida e'zozlanadi. Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, «Biz uchun jamiyatda begona bola yo'q va bo'lmasligi kerak. Hammasi o'zimizning, O'zbekistonimizning bolalari. Vaqtida mehr ko'rsatsak, ishga, ilmga, kasbu hunarga, ezgu fazilatlarga o'rgatsak, ularning yo'lini ochib bersak, ertaga foydasi o'zimizga, jamiyatimizga tegadi».
Prezidentimizning ushbu tarixiy qarori O'zbekistonda bola huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi ekanini yana bir bor amalda namoyon etdi. Qarorda bola huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan bir qator muhim qoidalar belgilangan.
Ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalarga munitsipal va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidagi o'zlari yashab turgan turar joylarni ular Mehribonlik uylariga joylashtirilgan, vasiylik yoki homiylik organining roziligiga ko'ra vasiylikka yoki homiylikka oluvchi bilan birga yashayotgan butun vaqt mobaynida, o'n sakkiz yoshga to'lgunga qadar bronlashtirish huquqi berildi.
Bolaning ro'yxatda turish joyi va fuqaroligidan qat'i nazar, ularga barcha ijtimoiy xizmatlar ko'rsatilishi yo'lga qo'yildi. Bu, o'z navbatida, mamlakatimizda bolalarning ta'lim olish, sog'liqni saqlash tizimi xizmatidan foydalanish, umuman, ijtimoiy ta'minot va ijtimoiy himoyadan manfaatlarini izchil oshirdi.
Bolalarning davlat organlariga bevosita qilgan murojaatlarini to'liq ko'rib chiqish kafolatlandi. Bundan buyon bola to'liq muomala layoqatiga ega emasligi vajlari bilan bu turdagi murojaatlarni ko'rmasdan qoldirishga yo'l qo'yilmaydi.
O'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxslarga aliment to'lash haqida ota-ona o'rtasida kelishuv bo'lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to'lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to'g'risida sudga murojaat qilmagan hollarda, 14 yoshga to'lgan bola o'zining ta'minoti uchun ota yoki onadan yoxud ota-onasi bilan birga yashamayotgan bo'lsa, bir vaqtning o'zida ota-onaning har ikkalasidan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to'g'risida da'vo qo'zg'atishga haqli ekani qarorda qat'iy qayd etilgan.
Endilikda bolalarni himoya qilish maqsadida sudlarga ariza bilan murojaat qilishda da'vogar davlat boji va to'lovlardan ozod qilinadi.
Bolalar manfaatlari yo'lidagi bu imtiyoz ham xalqaro-huquqiy hujjatlarga to'la mutanosibdir.
Shu yil sentyabr` oyidan e'tiboran mamlakatimizda erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi 18 yoshni tashkil etadi. Bu qoida BMT Bola huquqlari bo'yicha qo'mitasining tavsiyasi bo'yicha joriy etildi.
Hozirgi vaqtgacha qonunchiligimizda chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo'lmagan bola ma'muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir qilsa, uning ota-onasi O'zbekistonda qonuniy asosga ko'ra yashab turgan bo'lsa-da, huquqbuzar bolani mamlakatdan chiqarib yuborishga doir norma mavjud edi. Qarorda ushbu normani bekor qilish yo'lida muhim qadamlar qo'yildi.
O'zbekiston Prezidenti qarorining ijrosi yuzasidan o'tgan 3,5 oyda muayyan ishlar amalga oshirildi.
Xususan, shu yil 17 iyulda Vazirlar Mahkamasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligini nishonlashga bag'ishlangan Tadbirlar dasturini tasdiqlash to'g'risidagi qarorni qabul qildi. Qarorga asosan BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi qabul
qilinganligining 30 yilligini nishonlashga bag'ishlangan Tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
O'zbekistonda 18 yoshga to'lmagan 12 million 200 ming nafardan ortiq bola bor. Ammo, bolalarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo'yicha ixtisoslashtirilgan institut mavjud emasdi. Shu ma'noda, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) o'rinbosari – Bola huquqlari bo'yicha vakil lavozimining joriy etilishi ma'qullangani nihoyatda muhimdir.
Joriy yilning 1 avgustida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida yetim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni turar joylar bilan ta'minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi joylashtirildi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi Xalq ta'limi vazirligi bilan birgalikda “Etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni ijtimoiy himoyalash to'g'risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Qonun loyihasining regulation.gov.uz saytidagi jamoatchilik muhokamasi 5 avgustda yakuniga yetdi. Navbatdagi bosqichda loyiha kelib tushgan takliflar asosida takomillashtirilgach, Vazirlar Mahkamasida ko'rib
chiqiladi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan manfaatdor vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda bola huquqlari himoyasiga qaratilgan bir qancha yangi hujjatlar ishlab chiqildi. Bunday hujjatlar jumlasiga:
- Bolalar huquqlarini himoya qilish va ularga qulay shart-sharoit yaratishga oid milliy harakatlar dasturi;
- “Bola huquqlari kafolatlarining yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun;
- Vazirlar Mahkamasining “O'zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qarori loyihalari kiradi.
Ayni vaqtda mazkur hujjatlar loyihalarini muhokama qilish va tasdiqlash jarayonlari izchil davom etmoqda.
Anjumanda jurnalistlar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 06.08.2019
- Ko'rishlar: 7667
- Chop etish