Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bugun Oliy Majlis Senatida bo‘ldi.
O‘zbekistonning BMT va uning institutlari bilan ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish, global siyosat va mintaqaviy masalalar bugungi kunning muhim mavzularidandir.
Uchrashuv davomida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bilan bog‘liq, jumladan, gender tengligini ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi. So‘nggi yillarda gender tenglikka erishish, xotin-qizlar huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularga teng imkoniyatlar yaratish borasida O‘zbekistonda tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, bunda BMTning tavsiyalari ham muhim o‘rin tutayotgani alohida ta’kidlandi.
Xususan, parlamentlararo munosabatlar ko‘lami, gender tenglik, ayollarning ta’lim olish huquqlari, global iqlim o‘zgarishlari sharoitida amalga oshirish lozim bo‘lgan vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek suhbat chog‘ida O‘zbekiston tashabbuslarini xalqaro maydonda ilgari surish, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga doir aniq takliflarni qo‘llab-quvvatlashda BMT bilan konstruktiv hamkorlik yuzasidan fikr almashildi. 2017 yildan buyon mamlakatimiz tashabbusi bilan BMTning 10 ta rezolyutsiyasi qabul qilingani hamda O‘zbekiston BMT qo‘mitalari va boshqaruv organlari (Inson huquqlari bo‘yicha kengash, EKOSOS, Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqalar)ga a’zo bo‘lganiga e’tibor qaratildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Oliy majlis Senatidagi mazkur uchrashuvdan mamnun ekanini bildirib, «Markaziy Osiyo sivilizatsiya markazi hisobalanadi, O‘zbekiston esa mintaqaning markazidir. O‘zbekiston BMTning ko‘plab sohalarida, xususan, BRMni amalga oshirishda yo‘lboshchi davlatlardan biri. O‘zbekiston bilan BMT hamkorligi alohida o‘rin va ahamiyat kasb etadi. Men Markaziy Osiyoga ilk bor tashrif buyurganimda, mintaqa tarqoq va yakkalanib qolgan edi. Endi Prezident Shavkat Mirziyoyev tufayli mintaqa birlashdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oqilona siyosati tufayli Markaziy Osiyoning ko‘plab muammoli masalalari hal etildi», deya fikr bildirdi.
Ushbu tarixiy tashrif O‘zbekiston va Birlashgan Millatlar tashkiloti o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Oliy Majlis Senatining Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.
Abdulaziz RUSTAMOV,
Rustam NAZARMATOV (surat)
O‘zA
- Qo'shildi: 01.07.2024
- Ko'rishlar: 1531
- Chop etish