O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi Dilbuloq mahallasida bo‘ldi.
Mahalla milliy qadriyatlar maskani sanaladi. Ko‘plab xayrli ishlar, ezgu tashabbuslar mahallalarda, xalq bilan maslahatlashilgan holda amalga oshiriladi.
Oliy martabali mehmonga keyingi yillarda bu tizim bosqichma-bosqich rivojlantirilib, endi mahalla mas’ullari yanada keng imkoniyat va vakolatlarga ega bo‘lgani haqida so‘zlab berildi.
Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat tizimga soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimi ham qo‘shilib, “mahalla yettiligi” joriy etilgani ta’kidlandi. Ular o‘z hududlarida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligi va hamjihatligini ta’minlash, ijtimoiy-huquqiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarni hal qilishda birgalikda faoliyat olib borishi qayd etildi.
Shu yerda mahalla ahli, nuroniylar bilan muloqot bo‘ldi. Unda mahalla hayoti, bu yerdagi boshqaruv tizimi haqida so‘z bordi. Shuningdek, hududdagi kichik xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish ob’ektlari faoliyati bilan tanishildi.
Dilbuloqda 6 ming 700 nafardan ziyod aholi yashaydi. Mahallada bog‘cha, oilaviy poliklinika, sport maktabi, savdo, sanoat va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyat yuritmoqda.
Mahalla idorasi yangi qurilgan. Ko‘p qavatli uylar yo‘lagi va ichki ko‘chalar ta’mirlangan. Hududdan o‘tuvchi anhor bo‘yi tartibga keltirilib, obod sayilgohga aylantirilgan. Ishkomlar, mevali va manzarali daraxtlar, piyodalar yo‘laklari mahallaga ko‘rk bag‘ishlab turibdi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish mahalla mamlakat taraqqiyotida muhim o‘rin tutuvchi noyob institut ekanini alohida ta’kidladi. O‘zbekistonda aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash uchun bu tuzilma imkoniyatlaridan keng foydalanilayotganini yuqori baholadi.
Ikrom AVVALBOEV,
Muhammad AMIN(surat),
O‘zA
- Qo'shildi: 01.07.2024
- Ko'rishlar: 1491
- Chop etish