Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Bokuda bo‘lib o‘tgan Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiya (COP29) ishtirokchilari konferensiyasi sessiyasi doirasida tashkil etilgan yuqori darajadagi uchrashuvda adolat va tenglik asosida energiya almashinuvini ta’minlash masalasini ham ko‘tardi. Uning ta’kidlashicha, tuzilma ushbu muammoni hal etish bo‘yicha alohida shug‘ullanmoqda.
– Qayta tiklanadigan energiya inqilobi juda tez sur’atda kuchaymoqda va bu jarayonda muhim minerallar asosiy o‘rin tutadi, – dedi BMT rahbari. – O‘tgan yil elektr tarmog‘i va qayta tiklanadigan energiya manbalariga yo‘naltirilgan sarmoya miqdori birinchi marta qazib olinadigan yonilg‘iga sarflangan mablag‘dan oshdi. Mamlakatlar 2030 yilga borib mazkur farqni yana uch barobar oshirishni maqsad qilgan. Tabiiyki, shunga mos ravishda endi muhim minerallarga talab ortadi. Bu resurslarga boy rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ajoyib imkoniyat.
Guterrish global resurslardan foydalanish masalasiga ham ishora qildi:
– Jamoalar ekspluatatsiya qilinmoqda, huquq poymol etilyapti va atrof-muhit vayron bo‘lyapti. Rivojlanayotgan mamlakatlar qiymat zanjiri tubiga surilmoqda, ayrimlar esa o‘z resurslari ortidan boyimoqda.
Ta’kidlanishicha, BMT hamjamiyatni mustahkamlash, mas’uliyatni oshirish yo‘li bilan toza energiyadan adolatli foydalanishni ta’minlashga harakat qilyapti. Energiyani konvertatsiya qilish uchun muhim minerallarga talab oshgani sayin, sa’y-harakat ham kuchayishi kerak. Toza energiya paydo bo‘lishi bilan muhim minerallarga ehtiyoj ortadi.
Xalqaro energetika agentligi (XEA) rahbari Fotih Birol ham iqlim muammosi va iqtisodiy raqobatbardoshlik kabi omillar ta’sirida toza energiyaga o‘tish jarayoni ko‘pchilik kutganidan tezroq kechayotganini aytdi. U elektr energiyasiga talab ortayotgani sababli, ko‘mir zamonidan neft va tabiiy gaz davriga, endi esa elektr energiyasi asriga o‘tilayotganini ta’kidladi.
– So‘nggi o‘n yil ichida jahonda elektr energiyasiga talab energiyaning boshqa turlariga nisbatan ikki barobar ko‘p kuchaydi, – deydi Birol. – Keyingi 10 yil ichida bu o‘sish yana olti barobar tezlashadi. Bu elektr transport vositalari, toza energiya manbalari va isitish-sovutish tizimidan foydalanish ortishi natijasida yuzaga keladigan talabni qondirish kerakligini anglatadi.
XEA yetakchisi aytishicha, toza energiyaga ehtiyoj ham muhim minerallarga talabni anglatadi. Toza energiya ta’minoti zanjiri an’anaviy muqobil yo‘lga qaraganda ancha murakkab. Shuning uchun ayni masalada to‘g‘ri va adolatli bozorni shakllantirish alohida e’tiborni taqozo etadi.
Shu nuqtai nazardan rivojlanayotgan mamlakatlar muhim foydali qazilmalarga kelgusi talabni ko‘rib chiqish va savdo kelishuvlarini shunga mos ravishda tuzatishga chaqirildi.
Ya’ni, bu jarayonda xom ashyoni mahalliy sharoitda tozash va qayta ishlash muayyan resurslarga ega rivojlanayotgan mamlakatlar uchun yaxshigina imkoniyatligi ta’kidlandi.
G.Sattorova,
O‘zA
- Qo'shildi: 14.11.2024
- Ko'rishlar: 859
- Chop etish