Hokimlar bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari kengashi raisi boʻlishi taqiqlanmoqda

Mahalliy Kengashlar faoliyatiga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi belgilanmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Konstitutsiyasida mahalliy davlat hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslari takomillashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsimizda xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qilishi hamda viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emasligini nazarda tutuvchi yangi norma oʻz aksini topgan.

Shu bilan birga, yangi konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda hokim va mahalliy Kengash raisi lavozimlari ajratilayotganligi amaldagi qonun hujjatlarini qayta koʻrib chiqish hamda takomillashtirish zaruriyatini keltirib chiqarmoqda.

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlar chiqilgan qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga hokimlar hamda mahalliy Kengashlarning vakolatlarini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, quyidagilar nazarda tutilmoqda:

— mahalliy Kengashlar faoliyatiga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi;

— Xalq deputatlari Kengashi raisi oʻz vazifalarini bajarish davrida doimiy va boshqa komissiyalar, partiya guruhlari tarkibiga kirishi mumkin emasligi; — kengashlar yigʻilishlarida hokim nomzodi koʻrib chiqilayotganida nomzod mahalliy Kengash deputatlariga hududni rivojlantirish dasturini taqdim etishi shartligi;

— mahalliy Kengash va hokim qabul qiladigan hujjatlar Yagona elektron tizimda (e-qaror.gov.uz) roʻyxatdan oʻtkazilishi va tizimga joylashtirilishi, roʻyxatdan oʻtkazilmagan hujjatlarning haqiqiy emas deb hisoblanishi belgilanmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligi yanada oshirishga, hokimlarning xalq vakillari oldidagi masʼuliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech