(“Adolat himoyasida” medialoyihasi: 1-maqola)
Inson huquqlari – har bir alohida shaxsning qadr-qimmati va erkinliklari himoya qilinishini ta'minlaydigan qoidalar majmuasidir. Ular huquqiy davlat konstitutsiyaviy huquqining negizini tashkil etib, shaxsning huquqiy maqomi asosini va asosiy huquqlarini mujassamlashtiradi.
Xalqimiz azaldan erksevar bo'lgan, beva-bechoralar, yetim-yesirlar, nochor va nogironlarga madad qo'lini cho'zishni insoniy burch hisoblagan. Zardushtiylik muqaddas kitobi – «Avesto»dayoq inson huquqlarining ustuvorligi, insonlarning jamoa bo'lib yashash tarzi, ular, shuningdek davlat va jamiyat o'rtasidagi munosabatlar, jamoa hayoti bilan bog'liq masalalarni birgalikda hal etish tartibi qayd etilgan. “Avesto”dagi So'g'd hujjatlari o'sha davr uchun mukammal bo'lgan huquq tizimi va oila-nikoh normalari amal qilganligini qo'rsatadi. Unda huquqiy munosabatlar ishtirokchilari tarkibi, ularning huquq va majburiyatlari, shartnoma shartlari, shartnomaning bajarmaganlik oqibatlari, sharnoma tuzish vaqti va joyi batafsil aks etgan.
O'sha davrlarda mehnat faoliyati, jamoalarni boshqarish saylanadigan oqsoqollar qo'lida bo'lib, jamoa hayoti bilan bog'liq barcha ishlar Oqsoqollar kengashi orqali hal etilgan. Oqsoqollar kengashining boshlig'i zimmasiga qishloqda istiqomat qiladigan jamoaning manfaatlarini himoya qilish vazifasi yuklatilgan.
Qadimgi Sharqning taniqli mutafakkiri Abu Ja'far Narshaxiy IX asrda bitilgan «Buxoro tarixi» asarida shaharda 19 ta yirik mahalla bo'lganligi, ular o'zini o'zi idora qilish vakolatlariga egaligini ta'kidlagan.
Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy oliy insoniy fazilat sifatida ko'ngli o'ksik insonlarga madad qo'lini cho'zganlarni yuksak qadrlaydi:
Kimki bir ko'ngli buzug'ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka'ba vayron bo'lsa obod aylagay.
Ya'ni, kim ko'ngli o'ksik bir insonni xursand qilsa, yiqilgan Ka'bani qaytadan qurgan, ta'mirlagan kabi savobga noil bo'ladi.
“Temur tuzuklari”da esa “Saltanatning ishlarini qonun-qoida va intizomga solib, saltanatim martabasiga zebu ziynat berdim” deb ta'kilagan Sohibqiron bobomiz. Amir Temur saltanatida sipohiy qo'l ostidagi kishiga zulm o'tkazsa, u xizmat doirasidan tashqari chiqqan sanalib, sipohiyning o'zi jabrlanuvchilarga topshirilgan. Bu holda jabrlanuvchi sipohiyni xohlagancha jazolashi mumkin bo'lgan. Basharti katta va mahalliy boshliqlar o'z vakolatlari doirasidan chiqib, o'zlaridan kichik darajadagi kishilarga zulm o'tkazsalar, ularga mol-mulkiga qarab jarima solish nazarda tutilgan. Shu bilan birga biror kishining aybi isbotlanganda, unga nisbatan faqat bitta jazo qo'llanilgan.
Umuman, inson huquqlari va erkinliklarining shakllanishi o'z tarixiga ega. Hozirgi davr tushunchasidagi inson huquqlari kontseptsiyasi Yevropada Uyg'onish va Reformatsiya davrlarida boshlangan deb hisoblanadi. 1215 yili Angliyada Buyuk erkinliklar xartiyasi qabul qilingan. Ushbu hujjatda soliq solish, sud ishlari, diniy huquqlar, mulk huquqi, vasiylik va boshqa masalalarni tartibga soladigan 63 modda bo'lgan. Deklaratsiyaga erkinlik, mulkchilik, xavfsizlik va kamsitishga qarshilik ko'rsatish kabi huquqlar kiritilgan. Inson huquqlari sifatida shuningdek fikr va mulohazalarni, shu jumladan, diniy masalalar bo'yicha ham erkin ifodalash huquqlari ham tan olingan. Barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi printsipi e'lon qilingan.
Germaniyada o'z huquqlari uchun kurashgan dehqonlarning talablari bayon etilgan “O'n ikki modda” Reformatsiyaning o'ziga xos manifesti bo'lgan. U 1525 yilda qabul qilingan va birinchi marotaba mahalliy bosmaxonada chop etilgan. Shundan keyin uch oy davomida Germaniyaning turli shaharlarida uning 23 ta nashri bosib chiqarilgan.
Buyuk Frantsuz inqilobining eng muhim hujjati – Inson va fuqaro huquqlari deklaratsiyasi birinchi marotaba insonning shaxsiy huquqlarini belgilab bergan. Uning asosiga har bir inson va fuqaro tug'ilganidan unga mansub bo'lgan teng huquqlilik va erkinlik kontseptsiyasi qo'yilgan. Inson va fuqaroning tabiiy huquqlari sifatida shaxs erkinligi, so'z erkinligi, e'tiqod erkinligi, zulmga qarshilik ko'rsatish huquqi e'lon qilingan.
Ushbu Deklaratsiya hozirgi paytda ham Frantsiya konstitutsiyaviy huquqining negizini tashkil etadi. 1958 yil 4 oktyabrda u Frantsiya Konstitutsiyasi tomonidan tasdiqlangan. 1971 yil 16 iyulda esa Frantsiyaning Konstitutsiyaviy kengashi “Inson va fuqaro huquqlari deklaratsiyasi”ni huquqiy jihatdan majburiy hujjat deb e'tirof etdi. 2003 yilda “Inson va fuqaro huquqlari deklaratsiyasi” YUNESKOning 1992 yilda ta'sis etilgan Umumjahon hujjatlar merosini himoya qilish bo'yicha dasturi - “Tinchlik xotirasi”ga kiritilgan.
1789 yil 25 sentyabrda Jeyms Medison AQSH Kongrecsining birinchi chaqirig'i majlisida mamlakat Konstitutsiyasiga birinchi o'nta tuzatish kiritish taklifini kiritgan. Bu Huquqlar to'g'risidagi bill` nomini olgan. Uning 1-4-tuzatishlari inson va fuqaroning asosiy huquqlari va erkinliklarini mustahkamlab qo'ygan, 5-10-tuzatishlar esa ularni amalga oshirish mexanizmlarini ta'minlagan. Huquqlar to'g'risidagi bill` 1791 yil 15 dekabrda kuchga kirgan. Unda birinchi marotaba AQSH fuqarosining huquqiy maqomi hamda ilk marotaba konstitutsiyaviy qonunchilikda fuqarolik huquqlari va erkinliklariga amal etilishi ustidan federal darajada nazorat qilish vazifalari belgilab qo'yilgan. Billda shuningdek birinchi navbatda qonunchilik organlari uchun taqiqlar va chegaralanishlar ko'rsatilgan.
AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan ana shu o'zgartirishlar quyidagilarni qamrab olgan:
1. So'z erkinligi, din erkinligi, matbuot erkinligi, yig'ilishlar o'tkazish erkinligi, shikoyat bilan murojaat qilish erkinligi.
2. Qurolni saqlash va olib yurish huquqi.
3. Xususiy uylar egalarining ijozatisiz ularga askarlarni joylashtirishning man etilishi.
4. Ixtiyoriy ravishda tintuv o'tkazish va hibsga olishining man etilishi.
5. Tegishli tarzda sud tekshirishi o'tkazilishi huquqi, o'ziga qarshi dalolat bermaslik huquqi, xususiy mulk kafolati.
6. Ayblanuvchining huquqlari, shu jumladan sud qilinish huquqi.
7. Fuqarolik ishlari bo'yicha sud huquqi.
8. Nihoyatda katta jarimalar solish, shafqatsiz va noodatiy jazolanishlarning man etilishi.
9. Konstitutsiyada keltirilgan huquqlarning boshqa huquqlarni kamsitish sifatida talqin etilmasligi kerakligi.
10. Konstitutsiyada bevosita Amerika Qo'shma Shtatlari vakolatiga kirmaydigan vakolatlarning shtatlar va fuqarolar uchun saqlanib qolishi.
1992 yilda jahonda birinchi marotaba Xalqaro inson huquqlari federatsiyasi tashkil etildi. U inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkiloti sifatida “Barcha inson huquqlari – barchaga”, “Harakat qilish uchun - bilish” shiori ostida ish ko'radi. Germaniya va Frantsiya ligalari tomonidan tashkil etilgan Xalqaro inson huquqlari federatsiyasiga hozirgi paytda 100 tadan ko'proq mamlakatning 184 ta huquqni himoya qilish tashkiloti kiradi.
Federatsiya o'zining asosiy ustuvor vazifalari sifatida quyidagilarni belgilagan:
-huquq himoyachilarini himoya qilish;
-xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish;
-muhojirlar huquqlarini himoya qilish;
-jabrdiydalarning odil sudlov uchun huquqi;
-globallashuv va inson huquqlari;
-xalqaro va mintaqaviy himoya qilishni mustahkamlash;
-mojarolar, favqulodda holatlar va o'tish davrlarida inson huquqlari va qonunchilikka amal etilishi uchun kurashish.
Federatsiya 1927 yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini qabul qilish tashabbuskori bo'lgan, keyinroq Xalqaro jinoyat ishlari sudini tashkil etish taklifini ilgari surgan.
Ikkinchi jahon urushining fojiali oqibatlari inson va fuqaro huquqlari institutini rivojlantirishni hayotiy zarurat sifatida kun tartibiga qo'ydi. Natijada xalqaro miqyosda inson huquqlari kafolatlanishi sohasida sifat jihatdan yangi bosqich boshlandi. 1948 yil 10 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi o'zining 217 A (III) – rezolyutsiyasi bilan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini qabul qildi. Deklaratsiyaning Muqaddimasida “Bosh Assambleya mazkur Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini barcha xalqlar va barcha davlatlar bajarishga intilishi lozim bo'lgan vazifa sifatida e'lon qilar ekan, bundan muddao shuki, har bir inson va jamiyatning har bir tashkiloti doimo ushbu Deklaratsiyani nazarda tutgan holda ma'rifat va ta'lim yo'li bilan bu huquq va erkinliklarning hurmat qilinishiga ko'maklashishi, milliy va xalqaro taraqqiyparvar tadbirlar orqali ham uning bajarilishi ta'minlanishiga, Tashkilotga a'zo bo'lgan davlatlar xalqlari o'rtasida va ushbu davlatlarning yurisdiktsiyasidagi hududlarda yashayotgan xalqlar o'rtasida yalpisiga va samarali tan olinishiga intilishlari zarur” deb e'lon qilingan.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida:
-yashash, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik;
-qiynoq hamda boshqa shafqatsiz muomala va jazo turlaridan ozod bo'lish;
-sud orqali himoyalanish;
-erkin harakatlanish va yashash joyini tanlash erkinligi;
-turar joy daxlsizligi;
-so'z erkinligi;
-vijdon va din erkinligi;
-tinch yig'ilishlar o'tkazish erkinligi;
-mulkka egalik qilish huquqi;
-bilim olish, mehnat qilish, dam olish huquqi;
-ijtimoiy ta'minot va boshqa shu kabi huquqlar kafolatlanishi ko'rsatilgan.
Ayni paytda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 29-moddasida qayd etilganidek:
-har bir inson jamiyat oldida burchlidir, faqat shu holatdagina uning shaxsi erkin va to'liq kamol topishi mumkin;
-har bir inson o'z huquqi va erkinliklaridan foydalanishda o'zgalarning huquq va erkinliklari demokratik jamiyatda yetarli darajada bo'lishini hamda hurmat qilinishini ta'minlash, axloq, jamoat tartibi, umum farovonligining odilona talablarini qondirish maqsadidagina qonunda belgilangan cheklanishlarga rioya etishi kerak;
-inson huquq va erkinliklarini amalga oshirish Birlashgan Millatlar Tashkilotining maqsad va printsiplariga aslo zid bo'lmasligi kerak.
1950 yildan boshlab har yili Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan 10 dekabrda Xalqaro inson huquqlari kuni nishonlanadi.
1966 yilda BMT shafeligida Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy huquqlar to'g'risidagi pakt qabul qilindi. Deklaratsiya va ushbu xalqaro paktlar Inson huquqlari xalqaro billi nomini olgan. Xalqaro bill va shundan keyingi xalqaro bitimlar inson va fuqaro huquqlarining xalqaro standartlari hamda ushbu huquqlar ta'minlanishi kafolatlarini tasdiqlagan.
O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining barcha printsipial qoidalarini o'zida mujassamlantirgan. Asosiy qomusimiz 128 moddadan iborat bo'lgani holda uning 30 dan ortiq moddasi bevosita inson huquqlari va erkinliklariga bag'ishlangan.
Asosiy Qonunimizda insonning quyidagi shaxsiy huquq va erkinliklari mustahkamlab qo'yilgan:
-yashash huquqi (24-modda);
-shaxsiy sha'ni va qadr-qimmatini himoya qilish (27-modda);
-shaxsiy erkinlik va daxlsizlik huquqi (25-modda);
-shaxsiy hayot daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy hayotiga arashishdan, o'z sha'ni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan himoyalanish huquqi (27-modda);
-yozishmalar va telefonda so'zlashuvlar sirini oshkor qilmaslik huquqi (27-modda);
-turar joy daxlsizligi huquqi (27-modda);
-o'zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqi (29-modda);
-muloqot, tarbiya, ta'lim va ijod qilishda o'z ona tilidan foydalanish, tilni erkin tanlash huquqi (4-, 42-moddalar);
-erkin ravishda bir joydan ikkinchi joyga ko'chish, kelish joyini va yashash joyini tanlash huquqi (28-modda);
-fikrlash va so'z erkinligi huquqi (29-modda);
-vijdon va diniy e'tiqod erkinligi huquqi (31-modda);
-mulkka bo'lgan huquq (36-modda);
-mehnat qilish huquqi (37-modda);
-dam olish huquqi (38-modda)
-ijtimoiy ta'minot olish huquqi (39-modda);
-malakali tibbiy xizmat olish huquqi (40-modda).
Shuningdek, O'zbekiston fuqarolari quyidagi siyosiy huquq va erkinliklarga ega:
-davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqi (32-modda);
-yig'ilish, miting va namoyishlar o'tkazish huquqi (33-modda);
-birlashishga bo'lgan huquq (34-modda);
-murojaat qilish huquqi (35-modda);
-saylash va saylanish huquqi (117-modda).
Konstitutsiyamizda inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat ekanligidan kelib chiqqan holda davlatning inson huquqlari bo'yicha bir qator majburiyatlari ham qayd etilgan, xususan:
-davlat o'z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko'zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik printsiplari asosida amalga oshirishi, xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi kerak;
-davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas'uldir;
-davlat o'z hududida ham, uning tashqarisida ham o'z fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko'rsatishni kafolatlaydi;
-mamlakat hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an'analari hurmat qilinadi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratiladi.
Fuqarolar o'z huquqlarini himoya qilish va buzilgan huquqlarini tiklash vositalariga ega. Ushbu vositalar qatorida quyidagilarni keltirish mumkin:
1.Tegishli davlat organlariga shikoyat bilan murojaat qilish. Davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari murojaatlar to'liq, xolisona va o'z vaqtida ko'rib chiqilishi uchun choralar ko'rishi, fuqarolarning buzilgan huquqlari, erkinliklari tiklanishini hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash bo'yicha o'z vakolatlari doirasida choralar ko'rishi shart.
2.Davlat organlari va mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari va qarorlari yuzasidan sudga ariza bilan murojaat qilish. Fuqarolar davlat organlari va boshqa organlarning, mansabdor shaxslarning har qanday g'ayriqonuniy xatti-harakatlaridan (qarorlaridan), shuningdek hayoti va sog'lig'i, sha'ni va qadr-qimmati, shaxsiy erkinligi va mol-mulki, boshqa huquq va erkinliklariga tajovuzlardan sud himoyasida bo'lish huquqiga ega.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj alohida toifalari – bolalar va yoshlar, ayollar, nogironlarning huquqlarini ta'minlash alohida muhim ahamiyatga ega.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida bolalar alohida g'amxo'rlik va yordam huquqiga ega ekanliklari mustahkamlab qo'yilgan. BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasida bolaning shaxsi sog'lom va har tomonlama uyg'unlashgan holda kamol topishi, u oila g'amxo'rligida, baxt, mehr-muhabbat va ongli tushunish vaziyatida o'sishi zarurligi ko'rsatilgan.
O'zbeklar - bolajon xalq. Insonparvarlikning oliy ko'rinishi bo'lgan ushbu an'ana asrlar davomida xalqimizga meros bo'lib kelayotgan qadriyatdir. Hozirgi davrda xalqaro miqyosda e'tirof etilayotgan ushbu oliy qadriyat yurtimizda qadim-qadimdan shakllangan. Shuning uchun O'zbekiston davlat mustaqilliigiga erishganidan so'ng ratifikatsiya qilingan dastlabki xalqaro huquqiy hujjatlardan biri - Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi bo'lgan edi. 1992 yil 9 dekabrda davlatimiz tomonidan ratifikatsiya qilingan ushbu Konventsiyaning qoidalari asosida O'zbekiston bola huquqlari va erkinliklarini ta'minlashga doir qator majburiyatlarni o'z zimmasiga oldi.
Umuman, O'zbekiston yoshlar davlat hisoblanib, aholisining 40 foizini 18 yoshgacha bo'lgan bola va o'smirlar tashkil etadi. Shuning uchun bola huquqlarini ta'minlash va himoya qilish uchun zarur bo'lgan huquqiy va tashkiliy sharoitlar va kafolatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimiz xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan printsiplari va normalariga muvofiq o'z zimmasiga bola huquqlarini kafolatlash bo'yicha muayyan xalqaro majburiyatlarni olgan.
O'zbekistonda xalqaro shartnomalarda ko'zda tutilgan bola huquqlari va erkinliklarini ta'minlashga yo'naltirilgan 100 dan ziyod qonun, farmon, qaror va boshqa me'yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Inson huquqlari bo'yicha milliy markazning tashabbusi va bevosita ishtirokida 2007 yilda “Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi qonun ham qabul qilindi. Ushbu Qonunda bolalarning quyidagi huquqlari kafolatlangan:
-yashash huquqi, u har bir bolaning uzviy huquqidir;
-tug'ilgan paytdan e'tiboran familiya, ism, ota ismi olish, millati va fuqaroligiga ega bo'lish, shuningdek ularni saqlab qolish;
-erkinlik, shaxsiy daxlsizlik, turar joyi daxlsizligi va xat-xabarlarini sir tutish;
-oilada yashash va tarbiyalanish;
-o'z fikrini ifoda etish;
-o'zining sog'lig'i, axloqiy va ma'naviy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan axborotni olish;
-fikrlash, so'z, vijdon va e'tiqod erkinligi;
-qonunda belgilangan tartibda xususiy mulkka ega bo'lish;
-turar joyli bo'lish;
-o'zining yoshi, sog'lig'ining holati va kasbiy tayyorgarligiga muvofiq qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mehnat qilish, faoliyat turini va kasbni erkin tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash;
-sog'lig'ini saqlash;
-bilim olish va boshqalar.
Mamlakatda bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning barkamol avlod bo'lib yetishishini ta'minlash borasidagi faoliyatning institutsional va huquqiy asoslari tubdan takomillashtirilmoqda. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) o'rinbosari – Bola huquqlari bo'yicha vakil lavozimi joriy etilishi bevosita shu maqsadga yo'naltirilgan. O'zbekistonda Bolalar huquqlarini himoya qilish va ularga qulay shart-sharoit yaratishga oid milliy harakatlar dasturi ishlab chiqildi va amalga oshirila boshlandi. 2019/2020 o'quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalariga abiturientlarni qabul qilishning umumiy sonidan “Mehribonlik uyi” va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo'lgan chin yetimlar uchun qo'shimcha ravishda bir foizgacha davlat granti asosida qabul kvotalari ajratiladigan bo'ldi.
Ayni paytda yetim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishga ham e'tibor kuchaytirildi. Yaqin paytgacha ushbu toifadagi bolalarni ijtimoiy himoya qilish turli xil qonunosti hujjatlari bilan tartibga solib kelingan edi. Lekin ularning ta'lim olish, ish bilan ta'minlash, tibbiy xizmat ko'rsatish, uy-joy va boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanish kabi turli xil hayotiy vaziyatlardagi ijtimoiy himoyasini to'liq ta'minlash imkonini bermasdi.
Shuning uchun O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida, jumladan Inson huquqlari bo'yicha milliy markazga Adliya vazirligi bilan birgalikda quyidagilarni nazarda tutuvchi «Yetim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni ijtimoiy himoyalash to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklangandi.
Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz Xalq ta'limi vazirligi bilan “Etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni ijtimoiy himoyalash to'g'risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqdi va
jamoatchilik muhokamasiga qo'yildi.
Uchta bob va 24 ta moddadan iborat qonun loyihasidan umumiy qoidalar, qonunda qo'llanilgan asosiy tushunchalar, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, yetim, shuningdek, ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash, yomon muomala, beparvolik, ekspluatatsiya hamda zo'ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish qoidalari o'rin olgan.
Qonun loyihasida, jumladan:
-yetim bolalar va ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalarning ijtimoiy-huquqiy maqomi hamda bunday bolalarni tarbiyalash uchun joylashtirish shakllari;
-farzandlikka oluvchi oilalarni tayyorlash va ularga ko'maklashish tartibi;
-ijtimoiy himoya, mulkiy va nomulkiy huquqlarning kafolatlari;
-huquqiy yordam olish va sud himoyasida bo'lish huquqlarini ta'minlash;
-“Mehribonlik uylari” va internatlarni o'qib tugatganidan keyin ularning ijtimoiy moslashuviga ko'maklashishning qonuniy asoslari o'rin olgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo'lib kamolga yetishi bilan bog'liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o'z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat” deb ko'rsatgan.
Mamlakatimizda navqiron avlodni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, ularning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ro'yobga chiqarishni ta'minlaydigan zarur shart-sharoitlarni yaratish, jamiyat hayotida u o'rni va faolligini oshirish, sog'lom va barkamol qilib tarbiyalash yoshlarga doir davlat siyosatining asosiy yo'nalishi hisbolanadi.
Bu davlat siyosatini tizimli ravishda amalga oshirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, hududlarda esa hokimlar raisligida Yoshlar masalalari bo'yicha idoralararo kengashlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari bo'yicha komissiya ish olib bormoqda.
Yosh avlodning sog'lom bo'lib o'sishi, sifatli ta'lim olishi va barkamol shaxs bo'lib voyaga yetishini ta'minlash, shuningdek, yoshlarning madaniyat, san'at, sport, axborot texnologiyalari va kitob o'qishga bo'lgan qiziqishini har tomonlama qo'llab-quvvatlashga qaratilgan 5 ta muhim ijobiy tashabbus joriy etilmoqda. Ushbu tashabbuslar quyidagilarni qamrab oladi:
Birinchi tashabbus – yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san'atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste'dodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.
Ikkinchi tashabbus – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo'naltirilgan.
Uchinchi tashabbus – aholi va yoshlar o'rtasida komp`yuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.
To'rtinchi tashabbus – yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ular o'rtasida kitobxonlikni keng targ'ib qilish bo'yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo'naltirilgan.
Beshinchi tashabbus – xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash masalalarini nazarda tutadi.
Yana bir dastur - “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi doirasida hozirning o'zida mamlakatimizda yoshlar tomonidan 719 milliard so'mlik 4633 ta biznes-loyiha amalga oshirildi. Hududlarda 125 ta “Yoshlar mehnat guzari”, 19 ta “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi ishga tushirildi. Ijtimoiy hayotda faol qatnashib, alohida namuna ko'rsatayotgan yosh oilalarga mo'ljallangan 1731 ta “Yoshlar uyi” qurilib, foydalanishga topshirildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma'lumotiga ko'ra, xotin-qizlarning hozirgi davr jamiyatidagi holati va roli davrimiz global ekologik-iqtisodiy muammolaridan keyin ikkinchi o'rinda turadi. Xotin-qizlar jahon aholisining yarmini tashkil etadi, bu insoniyat salohiyatining yarmi deganidir. 2018 yilgi Jahon iqtisodiy anjumanida e'lon qilinganidek, ayollarni ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatga to'liq jalb etish iqtisodiy o'sish sur'atlari oshishi va dunyo mamlakatlari yalpi ichki mahsuloti hajmini keskin ortishini ta'minlaydi.
Biroq ayollar erkaklarga nisbatan o'rtacha ikki barobar kam ish haqi oladi. Xususan, 2018 yilda erkaklar va ayollar o'rtasidagi tafovut 51 foizni tashkil etgan. Ekspertlar ish haqi bo'yicha gender tafovutni kamaytirish bugungi kundagi sur'atlarda davom etsa, erkaklar va ayollar o'rtasida ushbu masaladagi tenglik ta'minlanishi uchun 108 yil talab qilinadi degan xulosaga kelgan.
Shu bilan birga jahon mamlakatlari parlamentlari deputatlarining atigi 24 foizi ayollardir. Hatto AQShda ham 82 kongressmenning atigi 14 nafari (14 foizi), Vakillar palatasi barcha a'zolarining 68 nafari (15,6 foizi) ayollardir.
Xotin-qizlar odam savdosining ham asosiy jabrdiydalari hisoblanadi. Ya'ni, har 10 nafar odam savdosi jabrdiydasining 7 tasi xotin-qizlardir.
Shu sababli Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi Antoniu Guterish “Gender tengligiga erishish hamda xotin-qizlar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish hozirgi davrimizning hal etilmagan vazifasi va bugungi dunyoda inson huquqlari sohasidagi eng oliy muammodir” deb ta'kidlagan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil etilgan paytdan boshlab u xotin-qizlar huquqlarini qo'llab-quvvatlab kelmoqda. BMTning Bosh Assambleyasi 1975 yilni Xalqaro xotin-qizlar yili deb e'lon qildi va Mexikoda xotin-qizlarning ahvoliga bag'ishlangan birinchi Umumjahon konferentsiyani o'tkazdi. Ushbu konferentsiya tavsiyalariga muvofiq, 1976-1985 yillar BMTning “Xotin-qizlar o'n yilligi” deb e'lon qilindi.
1985 yilda Nayrobida BMTning “Xotin-qizlar o'n yilligi” davomida erishilgan natijalarni baholash maqsadida Umumjahon konferentsiya o'tkazildi. Ushbu anjumanda Mexiko konferentsiyasida belgilangan maqsadlarda to'liq erishilmaganligi uchun 157 ta mamlakat vakillari 2000 yilgacha bo'lgan davrda xotin-qizlarning ahvolini yaxshilash sohasida Nayrobi istiqbol strategiyasini qabul qildi. Ushbu hujjat xalqaro va milliy darajada barcha masalalarni ko'rib chiqishda xotin-qizlar masalasi e'tiborga olinishi kerakligini e'lon qilib, gender muammosini yangi darajaga ko'tardi.
1995 yilda Pekinda o'tkazilgan xotin-qizlar ahvoli bo'yicha navbatdagi Umumjahon konferentsiyasi ushbu yo'nalishda yana bir yangi qadam bo'ldi. Unda qabul qilingan Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi xotin-qizlar huquqlariga amal qilishni ta'minlash bo'yicha aniq vazifalarni ko'rsatib berdi.
2010 yil 2 iyulda esa BMT Bosh Assambleyasining delegatlari gender tengligining hamda xotin-qizlar huquqlarini ta'minlash va imkoniyatlarini kengaytirish maqsadlariga xizmat qiladigan yangi “BMT – Ayollar” tuzilmasini tashkil etdi. Tuzilma xotin-qizlar manfaatlarini ta'minlashga xizmat qilish vazifasi yuklangan, BMTning to'rt muassasasi - BMTning Xotin-qizlar manfaatlarini rivojlantirish jamg'armasi (YUNIFEM), Xotin-qizlar ahvolini yaxshilash bo'yicha bo'lim, Gender masalalari va xotin-qizlar ahvolini yaxshilash bo'yicha Maxsus malahatchisi idorasi hamda BMTning xotin-qizlar ahvolini yaxshilash bo'yicha Xalqaro ilmiy-tadqiqot va o'quv institutini birlashtirdi.
“BMT-Ayollar” tashkiloti O'zbekistonda Inson huquqlari milliy markazi va boshqa milliy hamkorlar bilan birgalikda mamlakatda xotin-qizlarning jamiyat siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida yanada faol ishtirok etishlari, ayniqsa ularning boshqaruv lavozimlaridagi sonini ko'paytirishga yordam ko'rsatmoqda.
Shu bilan birga xalqaro tashkilot mamlakat Savdo-sanoat palatasiga “O'zbekistonda ayollar orasida tadbirkorlikni rivojlantirish” milliy dasturini amalga oshirishda hamkorlik qilmoqda. Mazkur dastur avvalgi “Ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi doirasida erishilgan natijalar va orttirilgan tajribaga asoslangan bo'lib, asosiy e'tibor ijtimoiy yordamga muhtoj bo'lgan ayollar, ayniqsa qishloq joylarida yashovchi ayollarni qo'llab-quvvatlash bilan bog'liq chora-tadbirlarga yo'naltirilgan.
Hozirgi paytda BMT butun e'tiborini Barqaror rivojlanish maqsadlarining 17 ta moddasida belgilab qo'yilgan, xotin-qizlarning tengligini tan olish hamda huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga yo'naltirilgan vazifalarni bajarishga qaratgan.
Xotin-qizlarning tengligini ta'minlash uchun hali ko'pgina mamlakatlarda milliy qonunchilikka o'zgartirishlar kiritilishi talab qilinadi. Amalga oshirilgan tahlillar jahonning 143 mamlakatida erkaklar va ayollarning tengligi Konstitutsiya tomonidan kafolatlanganligini ko'rsatdi. Boshqa mamlakatlarda hozirgi kungacha bunday kafolatlar mavjud emas.
O'zbekistonda mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab xotin-qizlarning iqtisodiy-ijtimoiy himoya qilinishi, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor vazifasi sifatida belgilab olingan edi. Ushbu siyosatning asosiy yo'nalishlari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:
birinchidan, ayollar huquqlari va manfaatlarini, onalik va bolalikni himoya qilishning huquqiy asosini yanada takomillashtirish;
ikkinchidan, ayollarning oilada, jamiyatda hamda jamoat va davlat ishlarini boshqarishdagi rolini oshirish;
uchinchidan, ayollarning ish bilan bandligini ta'minlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish;
to'rtinchidan, ayollarning mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishiga erishish.
O'zbekiston 1979 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiyasiga Markaziy Osiyoda birinchilardan bo'lib a'zo bo'lgan.
Keyingi yillarda ayollarning jamiyat hayotidagi o'rni va nufuzini oshirish maqsadida O'zbekiston Prezidentining “Xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”, “Xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonlari qabul qilindi.
2019 yil 2 sentyabrda mamlakatimiz
Prezidentining tashabbusi asosida O'zbekiston tarixida birinchi marta “Xotin-qizlar va Erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu Qonun Inson huquqlari
bo'yicha milliy markaz, Xotin-qizlar qo'mitasi va Adliya vazirligi mutaxassislarining bevosita ishtirokida ishlab chiqilgan va avvalambor jamiyat hayotining barcha sohalarida erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar
hamda imkoniyat yaratish, turmushda, ish joyida, ta'lim muassasalari va boshqa joylarda xotin-qizlarga nisbatan hurmatni mustahkamlashga xizmat qiladi. Qonunda, shuningdek gender tengligi, ayollarni kamsitish
tushunchasi va turlari, mutasaddi organlarning vakolatlari, davlat boshqaruvida ishtirok etish, ishga qabul qilish yoki yollashda, kreditlar olish va tadbirkorlik bilan shug'ullanishda gender tenglikni ta'minlash
bo'yicha normalar, bunday tenglik buzilishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar o'z aksini topgan.
O'zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash kontseptsiyasi ham qabul qilingan. Mazkur
Kontseptsiyani hayotga tatbiq etish maqsadida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi qayta tashkil etildi. Natijada oila muammolarini kompleks o'rganish, mavjud holatni tahlil etish, monitoring qilish va baho berish,
ilmiy tadqiqotlar orqali oila farovonligini oshirishga xizmat qiladigan yangi tizim yaratildi.
Xotin-qizlar qo'mitasi va uning hududiy bo'limlari tubdan yangi asosda tashkil etildi. Ularga qo'shimcha vakolat va imkoniyatlar berilib, samarali faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Xotin-qizlar qo'mitasining hududiy bo'limlari qoshida “Huquqshunos ayollar”, “Ilm-fan va ayol”, “Ijodkor ayollar”, “Tashabbuskor ayollar”, “Ayol va salomatlik”, “Faxriy ayollar” jamoatchilik uyushmalari tashkil etildi. Ijtimoiy faol ayollarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimi yaratilmoqda.
Mamlakatimizda turli soha va tarmoqlarda mehnat qilayotgan ishchi va xizmatchilarning 45 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Shu jumladan, davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1400 ga yaqin ayollar rahbarlik lavozimlarida mehnat qilmoqda. Ulardan 17 nafari senator, 16 nafari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bo'lib, 1075 nafari xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tarkibida faoliyat yuritmoqda. 500 nafardan ziyod ayol fan doktorlari va akademiklar, minglab fan nomzodlari o'z bilimi va iste'dodi bilan mamlakat ravnaqiga munosib hisasini qo'shib kelmoqda. Mustaqillik yillarida 2180 nafardan ortiq xotin-qizlar yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo'ldi. Onalik va bolalikni himoya qilish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo'yicha ibratli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar uchun “Mo''tabar ayol” nishoni ham ta'sis etilgan.
Ayollarga o'z biznesini tashkil etish, biznes g'oyalarini tayyorlashda yordam berish, mehnat bozorida talab katta bo'lgan kasblarga tayyorlash va ishga joylashtirishga ko'maklashish maqsadida Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tashkil etilmoqda. Agar 2014-2016 yillarda tijorat banklari tomonidan xotin-qizlarga tadbirkorlik uchun jami 3 trillion 800 milliard so'm kredit ajratilgan bo'lsa, birgina 2018 yilning o'zida esa bu ko'rsatkich 3 trillion 361 milliard so'mni tashkil etdi.
O'zbekistonda Xotin-qizlarni va oilani har tomonlama qo'llab-quvvatlash jamoat fondi tuzilgan. Fond mablag'laridan kam ta'minlangan, shaxsiy uy-joyga muhtoj oilalarga uy-joy olish uchun ajratiladigan kreditlarning boshlang'ich badallarini to'lab berishda foydalaniladi.
Keyingi ikki yil davomida 2211 ta yangi bolalar bog'chasi tashkil etilib, ularga qo'shimcha 243 ming kichkintoy qabul qilindi. Umuman yaqin 4-5 yil davomida bog'cha yoshidagi barcha bolalarni maktabgacha ta'lim muassasalariga to'liq qamrab olish vazifasi qo'yilgan.
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan Xotin-qizlar qo'mitasi o'rtasida memorandum imzolanib, ajrashish uchun ariza bergan shaxslarni dastlab Xotin-qizlar qo'mitasida suhbatdan o'tkazish va ajrim yuzasidan xulosasini olish yo'lga qo'yildi. Sudlarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida Xotin-qizlar qo'mitalari vakillari jamoatchilik asosida himoyachi bo'lib ishtirok etmoqda. Bunday yangi amaliyot natijasida 2018 yilning o'zida jinoyat sodir etgan va huquqbuzarlikka qo'l urgan 893 nafar xotin-qiz kafillikka olinib, jazodan ozod etildi.
Jahonda umumiy aholining 15 foizi - 1 milliarddan ortiq turli nogironligi bor odamlar yashaydi. Kurrai zaminimizdagi eng qashshoq odamlarning 20 foizdan ko'prog'i ham nogironlardir.
Bu hisobga olingan holda 1982 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi Nogironlarga nisbatan umumjahon harakatlar dasturini qabul qilgan. BMT Bosh Assambleyasi shu bilan birga 1983-1992 yillarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Nogironlar o'n yilligi” deb e'lon qilgan.
2006 yil 13 dekabrda esa BMT Bosh Assambleyasi Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya va unga Fakul`tativ protokol qabul qildi. Shuningdek, BMT 18 mustaqil ekspertdan iborat Nogironlar huquqlari bo'yicha qo'mita tashkil qilgan, Nogironlar huquqlari bo'yicha Maxsus ma'ruzachi institutini ta'sis ham etgan.
Nogironlarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotida to'laqonli ishtirok etishlarini ta'minlashning huquqiy asoslari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 2006 yil 13 dekabrdagi 61/106-rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya hamda unga Fakul`tativ protokolda mustahkamlab qo'yilgan.
Ushbu Konventsiyaning 3-moddasida nogironlarning quyidagi huquqlari qayd etilgan:
-insonga xos bo'lgan qadr-qimmatini, shaxsiy mustaqilligi, shu jumladan mustaqil tanlovi erkinligini hamda mustaqilligini hurmat qilish;
-kamsitmaslik;
-jamiyatga to'la va samarali jalb etish va qo'shish;
-o'ziga xos xususiyatlarini hurmat qilish va buni insoniy turfa xillikning tarkibi va insoniyatning bir qismi sifatida qabul qilish;
-imkoniyatlarining tengligi;
-hamma narsadan to'siqsiz foydalanish;
-erkaklar va ayollarning tengligi;
-nogiron bolalarning rivojlanayotgan qobiliyatlarini va o'z shaxsiy xususiyatlarini saqlab qolish huquqini hurmat qilish.
Konventsiyada qayd etilgan qoidalarga rioya etilishi va ishtirok etuvchi davlatlarning mazkur masala bo'yicha majburiyatlarining ijrosini ta'minlashni muvofiqlashtirish va buning monitoringini amalga oshirish maqsadida BMTning Nogironlar huquqlari bo'yicha qo'mitasi tashkil etilgan.
O'zbekiston 2009 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini imzolagan. 2008 yilda “O'zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida”gi Qonun ham qabul qilingan.
Shu bilan birga amaliyot nogironlarni tibbiy ko'rikdan o'tkazish, nogironlikni belgilashda qator qiyinchiliklar va sun'iy to'siqlar yuzaga kelayotganidan dalolat berardi. Xususan, nogironligi bo'lgan shaxslarning anatomik va fiziologik nuqsonlari aniq ko'rinib turgan bo'lishiga qaramay, normativ-huquqiy hujjatlardagi tafovutlar hamda tashkiliy ishlardagi xatoliklar tufayli ular qator tibbiy ko'riklardan qayta-qayta o'tishga majbur bo'layotgan edi. Ulardan tegishli qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan qo'shimcha hujjatlar – mehnat daftarchasidan ko'chirma, fuqarolar yig'inidan ma'lumotnoma, nikoh guvohnomasi asossiz talab etilardi.
Shuning uchun davlatimiz rahbari uqtirganidek, “O'zbekistondagi ijtimoiy himoya modelini real talablar asosida umum e'tirof etilgan xalqaro standartlar darajasiga ko'tarish zarur. Bu borada nogironligi bo'lgan, boquvchisini yo'qotgan shaxslarni, ehtiyojmand va nochor oilalarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, jumladan, ularni arzon uylar bilan ta'minlash masalasiga alohida e'tibor qaratib kelayotganimiz barchangizga ma'lum”.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi bo'lgan shaxslarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni mamlakatda mavjud 700 mingdan ko'proq nogironligi bo'lgan shaxslar, shu jumladan 100 mingdan ortiq 16 yoshgacha bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatlarini yaratdi.
Farmon bilan Nogironligi bo'lgan shaxslarni qo'llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Dastur quyidagi chora-tadbirlarni nazarda tutadi:
-nogironligi bo'lgan shaxslarning hayot sifati va darajasini oshirish;
-nogironlikning oldini olish, nogironligi bo'lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko'rsatish va ularni reabilitatsiya qilish samaradorligini oshirish;
-nogironligi bo'lgan shaxslarning ta'lim olishi, ularni maxsus kasb-hunarga tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, nogironligi bo'lgan shaxslarni ishga joylashtirishni ta'minlash;
-nogironligi bo'lgan shaxslar uchun qulay va maqbul muhitni ta'minlash, tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnik jihozlanishini yaxshilash.
Mamlakatimizda nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risidagi qonun hujjatlarining tahlili qonun ijodkorligi faoliyatida ikki yo'nalish – nogironlikning “ijtimoiy modeli” va “tibbiy modeli” tamoyillari mavjud ekanligini ko'rsatdi.
“Ijtimoiy model” nogironlikka nisbatan ijtimoiy yondashuvni mustahkamlab qo'ygan. Bu modelga ko'ra, inson sog'lig'ining buzilishi sababli emas, balki u to'qnash keladigan baxtsiz hodisalar tufayli nogironlikni orttirib oladi. “Tibbiy model” esa nogironlikni kasallik va mehnatga layoqatsizlik sifatida baholaydi. Mamlakatimiz qonun hujjatlarida nogironlikning aynan tibbiy tushunchasi ustunlik qilib kelgan. Bu esa nogironligi bo'lgan shaxslarga jamiyat hayotida faol ishtirok etishga to'liq imkon bermagan.
1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida»gi qonunga muvofiq, “nogiron” tushunchasi nogironligi bo'lgan shaxslarni aholining ijtimoiy yordam va himoyaga maxsus huquqlari bo'lgan alohida toifasi qatoriga kiritilgan.
“Tibbiy model”ga asoslangan ushbu Qonunda noironligi bo'lganlarga nisbatan kamsituvchi munosabat shakllangan. Mazkur holat ularning salohiyatini namoyon qilishga va insonning asosiy huquqlariga rioya etilishini, imkoniyatlarning tengligini ta'minlash hamda jamiyat hayotining barcha sohalarida to'liq ishtirok etishini kafolatlamagan. Qonun asosan nogironligi bo'lgan shaxslarning ijtimoiy huquqlarini tartibga solgan, ammo ular huquq va erkinliklarini to'la qamrab olmagan.
Shuning uchun Prezidentimizning Farmoni asosida yangi tahrirdagi «O'zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida»gi qonun qabul qilindi. Ushbu Qonun loyihasini ishlab
chiqishda Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz mamlakatimiz fuqarolik institutlarini keng jalb etgan holda faol ishtirok etdi.
Yangi tahrirdagi Qonun nogironligi bo'lgan shaxslarning huquq va erkinliklarining barcha sohalarini to'la qamrab olgan. Qonunga Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi talablari implementatsiya qilingan va nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish sohasida zamonaviy uslublar, xalqaro standartlar joriy etilgan. Qonunda “nogiron” va “nogiron bolalar” tushunchalariga aniqlik kiritilgan. Ya'ni:
“nogiron – jismoniy, aqliy, ruhiy yoki sensor (sezgi) nuqsonlari borligi tufayli turmush faoliyati cheklanganligi munosabati bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nogiron deb topilgan hamda ijtimoiy yordamga va himoyaga muhtoj shaxs;
nogiron bolalar – jismoniy, aqliy, ruhiy yoki sensor (sezgi) nuqsonlari borligi tufayli turmush faoliyati cheklanganligi munosabati bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nogiron deb topilgan hamda ijtimoiy yordamga va himoyaga muhtoj o'n sakkiz yoshgacha bo'lgan shaxslar”dir.
Yangi tahrirdagi “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonunning qabul qilinishi bir qator vazifalarni hal etishga xizmat qildi. Jumladan, nogironligi bo'lgan shaxslar uchun qulay jismoniy muhit – binolar, transport, axborot va aloqalardan foydalanish, shuningdek, ular uchun ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy muhit, sog'liqni saqlash va ta'lim xizmatlarining istalgan turidan bahramand bo'lish imkoniyatining huquqiy asoslari yaratildi.
Yangi tahrirdagi Qonun nogironligi bo'lgan shaxslarni kamsitishning har qanday shakliga barham beradi. Shuningdek, nogironligi bo'lgan shaxslarning ta'lim olish va ishga joylashish imkoniyatini ta'minlash, ijtimoiy-madaniy hayotda faol ishtirok etishi, dam olish va sport bilan shug'ullanish imkoniyatini oshirish kafolatlari yaratildi. Bundan tashqari, nogironlikni belgilash tartibi yanada takomillashtirildi.
Keyingi yillarda mamlakatda nogironligi bo'lgan shaxslarning savodxonligini oshirish maqsadida viloyatlar, tumanlar markazlarida umumta'lim maktablari negizida Brayl` alifbosini o'qitish bo'yicha maxsus kurslar tashkil etildi. 2018/2019 - o'quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalariga abiturientlar qabulining umumiy sonidan nogironligi bo'lgan shaxslar uchun qo'shimcha ravishda 2 foizli kvotalar joriy qilindi. Bu ularning oliy ma'lumotga ega bo'lishini ta'minlab, jamiyatga moslashish imkoniyatlarini kengaytirdi.
Nogironligi bo'lgan shaxslarni ishga qabul qilishni keng rag'batlantirish, shuningdek, nogironligi bo'lgan shaxslarning o'zi tomonidan tadbirkorlik bilan shug'ullanishga sharoit yaratish maqsadida 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug'ullanuvchi I va II guruh nogironligi bo'lgan shaxslar, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo'lgan shaxslarni xodim sifatida yollagan yakka tartibdagi tadbirkorlarga qat'iy belgilangan soliqning imtiyozli stavkasi belgilandi.
2018 yil 1 martdan esa O'zbekistonda nogironligi bo'lgan shaxslarga moslashtirilmagan shahar yo'lovchi transporti vositalarini sotib olish taqiqlandi. Bu nogironligi bo'lgan shaxslarga avtobus va boshqa shahar yo'lovchi transporti turlaridan foydalanishni jiddiy tarzda yengillashtiradigan bo'ldi.
Milliy yengil avtomobillar nogironligi bo'lgan shaxslar foydalanishi uchun moslashtirilgan holda maxsus uskunalar bilan qayta jihozlana boshlandi.
Birgina 2018 yilning o'zida 21 ming 500 dan ziyod nogironligi bo'lgan oila arzon uy-joylar bilan ta'minlandi. Bundan tashqari, 30 ming 500 ga yaqin nogironligi bo'lgan shaxsga umumiy qiymati 3,6 milliard so'mlik protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari ajratildi. Ularning 16 ming nafari reabilitatsiya markazlarida davolandi va bu maqsadlar uchun qariyb 17 milliard so'm mablag' sarflandi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasiga muvofiq, “Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko'rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir. Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o'tash tartibidan yoki qonunda ko'rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi”.
Ammo avvalgi yillarda ta'lim muassasalari o'qituvchi va talabalarini, davlat muassasalari xodimlarini qishloq xo'jalik, qurilish, obodonchilik ishlariga, turli tadbirlarga jalb qilish amaliyoti uchrab kelgan. Jumladan, 2018 yilda majburiy mehnatga jalb etish masalalari bo'yicha 2135 ta murojaat kelib tushgan. Tegishli huquqni himoya qilish davlat organlari, xususan Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz tomonidan 185 ta murojaat o'rganilib, tegishli huquqbuzarliklarga yo'l qo'ygan shaxslar qonun asosida ma'muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, 250 ta tashkilotga majburiy mehnatga jalb etish bilan bog'liq qonunbuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan talabnoma, 50 dan ziyod tashkilot rahbarlariga esa xuddi shu munosabat bilan taqdimnomalar kiritilgan.
Inson huquqlari milliy markazining Xotin-qizlar qo'mitasi va boshqa tegishli davlat organlarining Xalqaro mehnat tashkiloti bilan faol hamkorligi natijasida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi “O'zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Qaror bilan davlat organlari ishidagi tizimli kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, mamlakatda majburiy mehnatga jalb qilish holatlariga to'liq barham berish choralari belgilandi. Ushbu Qaror bilan Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimlari, barcha darajalardagi davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari rahbarlari zimmasiga:
-fuqarolarni, jumladan, ta'lim, sog'liqni saqlash muassasalari, boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini, ta'lim muassasalari o'quvchilari va talabalarni majburiy mehnatga, shu jumladan tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko'kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo'jaligi ishlari, metall chiqindilari va makulatura yig'ish, shuningdek, boshqa turdagi mavsumiy ishlarga jalb qilish holatlarining zudlik bilan oldini olish va bunga chek qo'yish;
-fuqarolarni, xususan, ta'lim va sog'liqni saqlash sohasi, boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini, talabalar va ta'lim muassasalari o'quvchilarini majburiy jamoat ishlariga bevosita yoki bilvosita jalb qilgan mansabdor shaxslarga nisbatan qat'iy intizomiy choralar ko'rish;
-majburiy mehnatdan foydalanish bo'yicha aniqlangan har bir holat yuzasidan tegishli axborotni javobgarlik choralarini qo'llash uchun huquqni muhofaza qilish organlariga zudlik bilan yetkazish vazifasi yuklatildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019 yil 28 avgustda “Ayrim qonun hujjatlariga o'zgartirishlar kiritish to'g'risida”gi qonun imzolandi. Ushbu qonun hujjatlariga kiritilgan o'zgarishlarda quyidagilar belgilangan:
-ma'muriy tartibda mehnatga jalb qilganlik uchun javobgarlik oshirilib, eng kam ish haqining o'n baravaridan o'ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'lishi belgilandi (avvallari bir baravardan uch baravarigacha bo'lgan). Agar ushbu huquqbuzarlik takroran sodir etilsa eng kam ish haqining 30 baravaridan 100 baravarigacha jarima solinadigan bo'ldi;
-voyaga yetmagan shaxsni majburiy mehnatga jalb etish eng kam ish haqining o'ttiz baravaridan ellik baravarigacha (avvallari besh baravaridan o'n besh baravarigacha bo'lgan), agar bu huquqbuzarlik takroran sodir etilsa eng kam ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda arima solinadigan bo'ldi.
Shuningdek, Odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi etib qayta tashkil qilindi. Milliy komissiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
-davlat organlari va hududiy organlarning, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati samaradorligini, yaqin hamkorligi va bahamjihat ishlashlarini ta'minlash maqsadida ularning odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
-milliy qonunchilikni va huquqni qo'llash amaliyotini takomillashtirish maqsadida odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat dasturlari hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qilish;
-odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qilish, baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish, ushbu sohadagi jinoyatlarni aniqlash, tergov qilish, oldini olish va ularga chek qo'yish amaliyotini o'rganish;
-odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida samarali xalqaro hamkorlik va bahamjihat harakatni tashkil etish, shuningdek, mazkur sohada axborotlarni yig'ish, tahlil qilish va ma'ruzalar tayyorlash.
Ushbu muammo bo'yicha O'zbekistonda ko'rilayotgan choralar xalqaro miqyosda e'tirof etilmoqda. Xususan, AQSH Davlat departamentining odam savdosi bo'yicha 2019 yil uchun e'lon qilingan hisobotida O'zbekiston hukumatining majburiy mehnatni tugatishda ko'rsatayotgan siyosiy irodasi alohida e'tiborga molik ekanligi alohida ta'kidlangan.
Erkin Ernazarov,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali
bosh muharririning o'rinbosari
- Qo'shildi: 27.12.2019
- Ko'rishlar: 14122
- Chop etish