Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida
“Al-Jazira” nashri yozishicha, Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha turizmga iqtisodiy o‘sish, ayniqsa IHTga a’zo davlatlar tayanchini tashkil etuvchi mikro, kichik va o‘rta korxonalar uchun kuchli rag‘bat, deya ta’rif berdi.
Bosh kotib Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti Turizm vazirlari islom konferensiyasining XII sessiyasi ochilishida a’zo davlatlar infratuzilmaga sarmoya kiritish, madaniy merosni o‘rganish va tadbirkorlik imkoniyatini kengaytirish orqali innovatsiyani rag‘batlantirishi, keng qamrovli o‘sishni ta’minlaydigan kichik va o‘rta korxonalar faoliyatini rivojlantirishi mumkin.
Husayn Ibrohim Toha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Turizm tashkiloti ma’lumotiga tayanib, sayyohlik kompaniyalarining qariyb 80 foizi mikro, kichik va o‘rta korxonalar sifatida tasniflangani, pandemiyadan oldingi davrda turizm ishchilarining 54 foizini ayollar tashkil qilganini ta’kidladi. Shuningdek, turizm sektori qishloqlar va chekka hududlarga daromad keltiruvchi imkoniyat taqdim etish orqali qashshoqlikni yumshatish uchun transformatsion salohiyatga egaligini qayd etdi.
Bundan tashqari, Bosh kotib ta’kidlaganidek, IHT jamoatga asoslangan turizm tashabbusini ilgari surish va mahalliy manfaatdor tomonlar imkoniyatini kengaytirish orqali sohaning afzalligi muhtojlarga yetib borishini ta’minlashi, qashshoqlikni bartaraf etish va barqaror rivojlanishga hissa qo‘shishi mumkin.
“Turizm sanoatini barqaror va moslashuvchan tarzda rivojlantirish” mavzusidagi konferensiyada sohani yanada rivojlantirish masalasi muhokama qilindi.
Islom turizm konferensiyasining X sessiyasida qabul qilingan “IHTga a’zo davlatlarda islom turizmini rivojlantirish bo‘yicha strategik yo‘l xaritasi” ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, kutilayotgan o‘zgarishlar uchun resurs va zarur yo‘nalishlarni aniqlashga tizimli yondashuvni nazarda tutadi. “Yo‘l xaritasi” a’zo davlatlarda islom turizmi standarti va boshqaruv, faoliyat va amalga oshirishda sifat nazorati loyihalari orqali islom turizmini rivojlantirish bo‘yicha yo‘riqnomalarni belgilaydi.
Strategik yo‘l xaritasi, shuningdek IHT mamlakatlari institutlari va tegishli xalqaro tashkilotlar hamkorligiga yo‘l ochadi. Hujjatda islom turizmi sohasidagi hamkorlikning 5 asosiy yo‘nalishi belgilangan: ma’lumot va monitoring, siyosat va tartibga solishni ishlab chiqish, marketing va reklama, destinatsiya, a’zo mamlakatlarda islom turizmi ekotizimini yaxshilash va sanoatni rivojlantirish, IHT ichki hamkorligi salohiyatini oshirish.
Muharrama Pirmatova, O‘zA
- Qo'shildi: 07.06.2024
- Ko'rishlar: 1573
- Chop etish