Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu yo‘nalishda umume’tirof etilgan xalqaro normalar va standartlarni milliy qonunchilikka izchil implementatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar davom ettirilayotir.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga boshqa fuqarolar bilan teng ravishda inson huquqlari va erkinliklarini amalga oshirish imkoniyatini beruvchi qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilik yanada takomillashtirilmoqda.
Senatning ellik uchinchi yalpi majlisida muhokama qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun bunga yaqqol misoldir.
Ushbu qonun bilan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunga nogironligi bo‘lgan shaxslarning odil sudlovdan foydalanish, saylash va saylanish, referendumda ishtirok etish, shuningdek, ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga asosan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan muloqot qilish uchun qulay muloqot shakllarini, shuningdek, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarning ularga moneliksiz kirishi uchun moslashtirish asoslarini belgilovchi normalar bilan to‘ldirilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi umume’tirof etilgan xalqaro normalar va standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 21.06.2024
- Ko'rishlar: 1509
- Chop etish