O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 7 iyundagi Farmoyishiga muvofiq, O'zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturining to'rtinchi bosqichini amalga oshirish bo'yicha Milliy komissiya tashkil etildi.
Milliy komissiya rahbari – O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bilan yangi tuzilmaning maqsadi, vazifa va vakolatlari haqida suhbatlashdik.
– Inson huquqlari sohasidagi ta'lim barchaning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag'batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta'minlashda birlamchi ahamiyat kasb etadi, – dedi A.Saidov. – Bunday ta'lim demokratik jamiyat qurish maqsadida huquqlar, erkinliklarni anglab yetish va ulardan faol foydalanish, majburiyatlarga amal qilishni nazarda tutuvchi inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, inson huquqlari sohasidagi ta'lim insonlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jabhalarda, umuman, o'z hayotiga daxldor bo'lgan qarorlarni qabul qilishning barcha jarayonlarida to'laqonli ishtirokini ta'minlash, shuningdek, huquqbuzarliklar, zo'ravonlik va nizolarning oldini olishda ham muhimdir.
– “Inson huquqlari sohasidagi ta'lim” tushunchasini kengroq sharhlab bersangiz.
– Ma'lumki, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi e'lon qilingandan so'ng xalqaro hamjamiyat inson huquqlari va asosiy erkinliklarini tan oldi va ularga rioya etilishini xalqaro inson huquqlari me'yorlari va mexanizmlari orqali targ'ib qilishni boshladi.
Ushbu huquqlardan biri – ta'lim olish huquqi insonning barcha huquqlaridan foydalanish uchun boshlang'ich nuqtadir. Inson huquqlari sohasidagi ta'limga inson huquqlari bo'yicha ta'lim, ushbu huquqlar to'g'risida bilish huquqi va jamoalarimizda inson huquqlarini himoya qilish va targ'ib qilishning usullari va vositalari kiradi. Inson huquqlari bo'yicha ta'lim va tarbiya barcha yoshlarni qamrab oladigan hayotiy jarayondir.
Inson huquqlari bo'yicha ta'lim normalari ko'plab xalqaro hujjatlarga kiritilgan. 2011 yil dekabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan BMTning Inson huquqlari bo'yicha ta'lim to'g'risidagi deklaratsiyasi qabul qilingan. Mazkur Deklaratsiyada belgilanganidek: birinchidan, har bir inson va jamiyatning har bir a'zosi ta'lim olish va o'qitish orqali inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilishga ko'maklashishi lozim.
Ikkinchidan, har bir inson ta'lim olish huquqiga ega va ta'lim inson shaxsini har tomonlama rivojlantirish, qadr-qimmatini his etish, barcha kishilarga erkin jamiyatning foydali ishtirokchilari bo'lishi, barcha millatlar, irqiy, etnik yoki diniy guruhlar o'rtasida o'zaro tushunish, bag'rikenglik va do'stlikni rivojlantirishga yo'naltirilgan bo'lishi kerak.
Deklaratsiya a'zo davlatlarga inson huquqlari bo'yicha ta'lim va tarbiyani ta'minlash mas'uliyatini yuklaydi. Bu yil BMTning Inson huquqlari bo'yicha ta'lim to'g'risidagi deklaratsiyasi qabul qilinganiga 10 yil to'ladi.
– Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturi haqida ham muxtasar ma'lumot bersangiz.
– BMTning Inson huquqlari bo'yicha ta'lim to'g'risidagi deklaratsiyasi qabul qilinguniga qadar, ya'ni 2004 yil 10 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturi e'lon qilingan. Bundan maqsad – barcha davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va biznes sektorida inson huquqlari sohasidagi ta'lim dasturlarini amalga oshirishga ko'maklashishdir.
Hozirgi vaqtgacha ushbu Dasturning quyidagi uchta bosqichi amalga oshirildi. Birinchi bosqich: 2005-2009 yillar – maktablarda inson huquqlari sohasidagi ta'lim jarayonlarini qamradi. Ikkinchi bosqich: 2010-2014 yillar – oliy ta'lim tizimi, shuningdek, o'qituvchi-murabbiylar va davlat xizmatchilari uchun inson huquqlari sohasidagi ta'limga bag'ishlandi. Uchinchi bosqich: 2015-2019 yillar – ommaviy axborot vositalari vakillariga inson huquqlari sohasida ta'lim berildi.
O'z navbatida, 2020-2024 yillarda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturining to'rtinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. Yangi bosqich inson huquqlari sohasida ta'lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
– Mamlakatimizda bu borada qanday natijalarga erishildi?
– Keyingi yillarda O'zbekistonda inson huquqlari sohasi, shu jumladan, ushbu yo'nalishdagi ta'limni takomillashtirish borasida salmoqli ishlar qilindi. Inson huquqlari sohasidagi ta'lim O'zbekiston Respublikasida inson huquqlari madaniyatini shakllantirishga oid davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biridir.
Oliy Majlis tomonidan 2019 yilda BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta'lim to'g'risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo'yicha Milliy harakatlar dasturi qabul qilingan. Qonunchilik palatasi va Senat Kengashlari tomonidan 2019 yil 15 iyulda BMTning Inson huquqlari sohasida ta'lim to'g'risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo'yicha Milliy harakatlar dasturi ijrosi yuzasidan «Yo'l xaritasi» tasdiqlandi.
Inson huquqlarining umumiy madaniyatini shakllantirish maqsadida qabul qilingan mazkur «Yo'l xaritasi» 24 banddan iborat. Ushbu qo'shma hujjat ijrosini 2021 yil dekabrga qadar ta'minlash nazarda tutilgan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi tasdiqlandi. Bu muhim qadamning zamirida mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmini yanada takomillashtirish, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi ijrosini ta'minlash, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni samarali va o'z vaqtida amalga oshirish maqsadi mujassam.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining ijrosini ta'minlashga qaratilgan “Yo'l xaritasi” 78 banddan iborat bo'lib, 2020-2025 yillarda amalga oshirilishi belgilangan. Milliy strategiya ijrosi doirasida oliy o'quv yurtlari uchun inson huquqlari bo'yicha o'quv kurslari joriy etish vazifasi ko'zda tutilgan.
2020 yil avgustida BMT shafeligida yoshlar huquqlariga bag'ishlangan Samarqand xalqaro forumi muvaffaqiyatli o'tkazildi. Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida ilgari surgan BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini qabul qilish tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo'llab-quvvatlandi. Inson huquqlari sohasida erishgan shu kabi izchil natijalari tufayli O'zbekiston 2021-2023 yillarga BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga saylandi.
Darvoqe, kuni kecha BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasining 2020 yildagi faoliyati hisoboti e'lon qilindi. Hisobotda BMT tizimidagi inson huquqlari himoyasi bilan shug'ullanuvchi organlarning bir yillik faoliyati bilan bog'liq ma'lumotlar keltirilgan bo'lib, koronavirus inqirozi bu boradagi ishlarga salbiy ta'sir ko'rsatgani alohida qayd etilgan.
– Mazkur Hisobotda O'zbekiston bilan bog'liq qanday muhim ma'lumotlar bor?
– Hisobotda O'zbekiston bilan inson huquqlari sohasidagi hamkorlik munosabatlari ijobiy baholangan. Mamlakatimiz demokratlashtirish, BMTning ustav va shartnomaviy organlari doirasida inson huquqlari sohasi bo'yicha zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini bajarish, shuningdek, qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotini takomillashtirish sohalarida erishgan natijalari bilan xalqaro maydonda tez-tez e'tirof etilayotgan ilg'or davlatlar safidan joy olgani ta'kidlangan.
BMT Oliy komissari O'zbekistonda Ma'ruzalar tayyorlash va BMT tegishli institutlarning tavsiyalarini bajarish bo'yicha milliy mexanizm yaratilganini yuqori baholagan. O'zaro hamkorlikda va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokida ishlab chiqilgan NNT faoliyati to'g'risidagi kodeks loyihasiga ham ijobiy baho berilgan.
Eng asosiysi, pandemiya sharoitiga qaramay, mamlakatimizda BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda 2020 yilda tegishli xizmatlar xodimlarining malaka va salohiyatini oshirish ishlari izchil davom ettirilgani alohida qayd etilgan.
Xususan, birinchidan, 200 ta milliy sub'ekt – karantin choralariga amal qilgan sharoitda odil sudlov imkoniyatlaridan foydalanish, ikkinchidan, 25 nafar huquqshunos – erkinlik huquqi, odil sudlov, qiynoqlardan holi bo'lish, inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlaridan foydalanish va milliy sudlarda inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro huquq normalarini qo'llash, uchinchidan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 400 nafar xodimi – BMT Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasi xabarnomalari bilan ishlash tartib-taomillarini o'rganish, to'rtinchidan, 44 nafar mutaxassis – inson huquqlari sohasi bilan shug'ullanadigan fuqarolik jamiyati tashkilotlarining faoliyati hisobdorligi va monitoringini amalga oshirish borasida tajriba oshirgan. Beshinchidan, 180 nafar kishi – Nogironlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiya v Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalda tatbiq etish doirasida o'tkazilgan seminarlarda ishtirok etgan.
Hisobotda O'zbekiston BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasi ko'magida BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining Universal davriy hisoboti mexanizmi doirasida berilgan tavsiyalarning bajarilishi bo'yicha o'z oraliq ma'ruzasini tayyorlashga erishgan sanoqli davlatlardan biri ekani ham e'tirof etilgan.
– O'zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturining to'rtinchi bosqichini amalga oshirish bo'yicha Milliy komissiya qanday vazifa va vakolatlarni amalga oshiradi?
– Bu haqda so'z borganda, avvalambor, ushbu Milliy komissiya davlatimiz rahbari tashabbusi asosida tashkil etilganini ta'kidlash lozim. Komissiya a'zolari safida Oliy Majlis Senati, Tashqi ishlar, Adliya, Oliy va o'rta maxsus ta'lim, Xalq ta'limi, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, Ombudsman, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, NNT va OAV vakillari, shuningdek, hududlardagi rahbarlar bor.
Milliy komissiyani tuzishdan ko'zlangan asosiy maqsad – barcha uchun universal bo'lgan huquqni himoya qilish normalari va tamoyillari, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilishning xalqaro kafolatlari to'g'risidagi xabardorlikni, shuningdek, ushbu yo'nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirishdir.
Prezident Farmoyishida Milliy komissiyaning barcha vazifa va vakolatlari aniq belgilab berilgan. Shu asosda 21 iyun` kuni Vazirlar Mahkamasida Milliy komissiyaning dastlabki yig'ilishini o'tkazdik. Unda O'zbekiston
Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturining to'rtinchi bosqichini amalga oshirish bo'yicha Milliy komissiya a'zolari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, oliy ta'lim muassasalari rektorlari, O'zbekistonning N`yu-York, Parij va Jeneva shaharlarida joylashgan BMT, YUNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi Doimiy vakolatxonalari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Bir oy muddatda xalqaro shartnomalar normalari va standartlari, BMTning huquqni himoya qiluvchi tuzilmalari tavsiyalari hamda O'zbekiston jamiyatining tarixiy, milliy va madaniy qadriyatlarini inobatga olgan holda, Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta'lim dasturini ishlab chiqish masalasi atroflicha muhokama qilindi. Milliy komissiya a'zolari va ma'sul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari Milliy ta'lim dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo'yicha o'z taklif-mulohazalarini bildirdi.
– Akmal Xolmatovich, mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta'lim bilan bog'liq qanday muammolar mavjud?
– Bu o'rinda yuqorida tilga olingan ikki muhim hujjat, ya'ni BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta'lim to'g'risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo'yicha Milliy harakatlar dasturi hamda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosini ta'minlashga qaratilgan har ikki “Yo'l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosi ustidan doimiy monitoring olib borilayotgani haqida qisqacha to'xtalish lozim, deb o'ylayman.
Xususan, joriy yilning aprel`-may oylarida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan oliy o'quv yurtlari, litsey va texnikumlarda “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari” va “Bola huquqlari”ga oid o'quv kurslari va darsliklar joriy etilganligi holati hamda mazkur mavzularning o'qitilish sifatini o'rganish maqsadida monitoring o'tkazildi.
Buning uchun Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi mutaxassislaridan iborat Ishchi guruh tuzildi. Monitoring o'tkazish uchun anketa so'rovnomalari ishlab chiqildi.
Monitoring Namangan, Xorazm, Samarqand viloyatlari va Qoraqalpog'iston Respublikasi hududlarida faoliyat olib borayotgan muayyan oliy o'quv yurtlari hamda texnikum va akademik litseylarni qamrab oldi. Yanada aniq qilib aytganda, ushbu ta'lim muassasalarining 248 nafar professor-o'qituvchisi va 456 nafar talaba o'rtasida so'rov o'tkazildi.
Oliy o'quv yurtlarida o'tkazilgan monitoringda shu holat yaqqol ayon bo'ldiki, “Inson huquqlari” maxsus kursini oliy ta'lim tizimida huquqshunos mutaxassislar emas, balki asosan tarixchilar yoki falsafa o'qituvchilari o'qitayotgan ekan. Misol uchun, Samarqand davlat chet tillar instituti o'qituvchilari bilan suhbat davomida ham mazkur maxsus kursni huquqshunos mutaxassisligiga ega bo'lmagan mutaxassislar o'qitayotgani muammo sifatida ko'tarildi.
Shu bilan birga, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan barcha oliy ta'lim muassasalari rektorlari va filiallar direktorlariga 2020 yil 24 sentyabrda yuborilgan xatga muvofiq, O'zbekiston Milliy universiteti tomonidan ishlab chiqilgan “Inson huquqlarini o'rganish bo'yicha maxsus kurs” o'quv dasturi bo'yicha 2020/2021 o'quv yilining 1-semestrida, o'quv mashg'ulotlaridan tashqari soatlar doirasida maxsus o'quv kursi tashkil etilishi kerak edi. Shuningdek, rasmiy xatda o'quv jarayoniga tegishli malakaga ega professor-o'qituvchilarni jalb etish vazifasi berilgandi.
Lekin, afsuski, oliy o'quv yurtlarining prorektorlari bilan bo'lib o'tgan suhbat jarayonida bu ishlar oliy ta'lim muassasalarining ayrimlarida haligacha tashkil etilmaganligi ma'lum bo'ldi. Masalan, Namangan davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Samarqand meditsina-veterinariya instituti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, “Ipak yo'li” turizm xalqaro universiteti, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali shular jumlasidandir.
Mazkur oliy o'quv yurtlarida “Inson huquqlarini o'rganish bo'yicha maxsus o'quv kursi”ni o'qitish yuzasidan moliyaviy manbalar belgilanmagan. Shu sababli maxsus kursni o'qitish imkoniyati bo'lmagan. Bunday salbiy holat monitoring jarayonida yana bir bor isbotini topdi. Ya'ni, anketaning “Siz faoliyat ko'rsatayotgan muassasada “Davlat va huquq asoslari”, “Huquqshunoslik”, “O'zbekiston Konstitutsiyasi”, "Inson huquqlarini o'rganish bo'yicha fanlar (kurslar) kiritilganmi?”, degan savolga jami 248 nafar respondentdan atigi 50 nafarigina ijobiy javob bergan.
– Monitoringda ayni sohadagi yana qanday muammolar aniqlandi?
– Masalan, monitoring anketasiga kiritilgan “Ayol huquqlari” va “Bola huquqlari” asosan qaysi fanlar doirasida o'rganiladi?” degan savolga 96 nafar respondent umuman bu mavzular o'qitilmasligini ma'lum qilgan. Shuni ham ta'kidlash kerakki, monitoringda ishtirok etgan professor-o'qituvchilarning 54,8 foizi, ya'ni 135 nafari mavjud darsliklar, mul`ti-media resurslari “Inson huquqlari”, “Ayol huquqlari” va “Bola huquqlari” fanlari bo'yicha ta'limni tashkil etish uchun yetarli emasligi haqida fikr bildirgan.
Anketaning “Malaka oshirish kurslarida inson huquqlariga oid mavzular o'qitilganmi?” degan savoliga 60,4 foiz respondent bunday mavzular o'qitilmasligini bildirgan. Ya'ni, bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, pedagogik kadrlar malakasini oshirish institutlarida ham inson huquqlari bo'yicha dars soatlari yoki kurslar haligacha tashkil etilmagan.
Shu nuqtai nazardan, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturining to'rtinchi bosqichida ish sifatini yaxshilashimiz va ko'lamini yanada kengaytirishimiz talab etiladi. Zero, 2020-2024 yillarda davlatlar va tegishli manfaatdor tashkilotlar ushbu Dasturning avvalgi uch bosqichini amalga oshirishga qaratgan sa'y-harakatlarini yanada faollashtirishga da'vat etilayotgani bejiz emas.
Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturini amalga oshirishning yangi bosqichi doirasida: birinchidan, inklyuziv, tinch jamiyatni yaratishga imkon beradigan teng huquqlilik, inson huquqlarini hurmat qilish va kamsitmaslik ruhida yoshlarni o'qitish va tarbiyalash; ikkinchidan, xotin-qizlar va bolalarga alohida e'tibor qaratgan holda, 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibidagi “hech kimni yoddan chiqarmaslik” maqsadiga muvofiq aholining zaif qatlamlari bilan o'zaro aloqalar o'rnatish; uchinchidan, pedagog kadrlar, shu jumladan, bolalar va yoshlar bilan ishlovchi tarbiyachilar uchun inson huquqlari bo'yicha ta'limni tashkil etish; to'rtinchidan, inson huquqlari bo'yicha ta'lim sohasida tegishli tadqiqotlar o'tkazish, baholash, ilg'or tajriba va olingan saboqlar bilan o'rtoqlashish ko'zda tutilgan.
O'zA muxbiri
Nazokat USMONOVA suhbatlashdi
- Qo'shildi: 24.06.2021
- Ko'rishlar: 4127
- Chop etish