BMT bosh shtab kvartirasida inson huquqlarini ta’minlash jarayonida giyohvandlikka qarshi kurashish, giyohvandlik muammosini hal etish va unga qarshi kurashishda yagona va yaxlit yondashuvga bag‘ishlangan maxsus tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Misr, Pokiston, Singapur doimiy vakolatxonalari hamda BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 60 dan ortiq mamlakat delegatsiyalari qatnashdi.
Tadbirda qayd etilishicha, giyohvandlik muammosini hal etish va unga qarshi kurashish inson huquqlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Bu kurash jamiyatda sog‘lom, xavfsiz va barqaror muhitni yaratishga xizmat qiladi.
Zotan, giyohvandlik odamlarning jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazish bilan birga, jinoyatchilik va ijtimoiy muammolarni kuchaytirishi mumkin. Ayniqsa, uning yoshlar orasida avj olishi ularning ta’lim olish huquqiga va shaxsiy rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi.
Shu nuqtai nazardan mazkur tadbirda BMTga a’zo davlatlar o‘rtasida giyohvand moddalar bilan bog‘liq global muammoni hal qilish va unga qarshi kurashishning samarali strategiyalari bo‘yicha muloqot qilindi.
Mazkur tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan, O‘zbekiston tashabbusi hisoblangan «Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etishda yagona front bo‘lib hamkorlik qilishga tayyorligi» to‘g‘risidagi rezolyutsiyaning barcha a’zo davlatlar uchun muhimligiga e’tibor qaratdi.
Shuningdek, ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024 - 2028 yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiyaga to‘liq mos kelishi qayd etildi.
O‘zbekiston «Barcha sa’y-harakatlar inson qadri uchun» degan ustuvor g‘oya asosida aholida giyohvandlikka qarshi «immunitet»ni shakllantirish orqali aholiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etish, fuqarolarning sifatli tibbiy yordam olish huquqini ta’minlash, giyohvandlikka chalingan bemorlarning jahon standartlari asosida tibbiy davolanishini tashkil etish bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.
Ma’lumot uchun aytib o‘tish joizki, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘z faoliyati davomida BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi Markaziy Osiyo mintaqasidagi vakili bilan hamkorlik qilib keladi.
Tadbirda, shuningdek, Kuba, AQSH, Shveysariya, Qozog‘iston, Xitoy, Misr, Nigeriya, Eron va Tojikiston vakillari ham so‘z olib, o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 06.09.2024
- Ko'rishlar: 847
- Chop etish