Inson qadri uchun

Bugungi kunda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash davlatimiz  siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Bu ezgu tamoyil hayotimizning barcha sohalarida o‘z ifodasini namoyon etmoqda.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 1-moddasida: “Hamma odamlar o‘z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo‘lib tug‘iladilar”, deb qayd etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 8-moddasida belgilanganidek, “O‘zbekiston xalqini, millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi”.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarni implementatsiya qilish bo‘limi boshlig‘i O‘tkir OChILOV mamlakatimizda ana shu konstitutsiyaviy prinsip va xalqaro-huquqiy normaga to‘la amal qilinishi, irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish, xususan, O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan lo‘li millati vakillarining turmush tarzini yaxshilash, ularning yurtimiz hayotidagi faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida quyidagilarni so‘zlab berdi:

– O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Shundan ko‘pchiligining ajdodlari qadim zamonlardan buyon xalqimiz bilan yonma-yon yashab keladi. Ularning tili va dinidagi umumiylik, urf-odatlari va turmush tarzidagi o‘zaro o‘xshashliklar bu tarixiy jarayonning uzoq davom etganidan dalolat beradi. Shular qatorida lo‘lilar ham yurtimizning teng huquqli fuqarolaridir. Qadimdan o‘zbek xalqi qalbiga singdirilgan diniy bag‘rikenglik va milliy hamjihatlik tuyg‘ulari tufayli ularga hurmat bilan qarab kelinadi.

Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan lo‘li millati vakillarining turmush tarzini yaxshilash, ularning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish maqsadida manfaatdor vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda turli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu etnik guruh irqiy kamsitishlardan himoyalanganligi va jamiyat hayotidagi o‘rnining tobora ortib borayotganligi masalalari turli tadbirlar davomida muhokama qilinmoqda.

Tug‘ilganlik va o‘lim to‘g‘risidagi guvohnomalarga ega bo‘lmagan lo‘li millatiga mansub shaxslarning ro‘yxatini shakllantirish hamda guvohnomalarni belgilangan tartibda rasmiylashtirish borasidagi muammolar ham bartaraf etilmoqda. Bunda tug‘ilganligi qayd qilinmagan fuqarolarning manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

BMT Irqiy kamsitishni tugatish bo‘yicha qo‘mitasida Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya qoidalarini bajarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining  o‘ninchi-o‘n ikkinchi davriy ma’ruzalari ko‘rib chiqildi. Uning yakunlari yuzasidan Qo‘mitaning yakuniy mulohazalari va tavsiyalarini bajarish maqsadida 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi ishlab chiqildi.

Rejaning 4-bandiga asosan, lo‘li/ruma etnik guruhiga mansub fuqarolarning huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar majmui shakllantirildi. Ushbu chora-tadbirlar lo‘lilarning amaldagi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy holatini o‘rganish va yanada yaxshilash choralarini ko‘rishni nazarda tutadi.

Mamlakatimizda lo‘li etnik guruhiga mansub qancha fuqaro istiqomat qiladi?

– O‘zbekistonda  86 ming 563 nafar lo‘li millatiga mansub fuqaro istiqomat qiladi. Shundan 45 ming 92 nafari – ayollar, 41 ming 471 nafari erkaklardir. Ularning 30 ming 506 nafari hech qanday ma’lumotga ega emas, 16 ming 190 nafari ishsiz. Ular orasida 16 yoshdan kattalar soni 46 ming 422 nafar bo‘lib, shundan fuqarolik pasporti olganlar 27 ming 803 nafarni tashkil etadi. Bundan tashqari, 16 yoshga yetmaganlar soni 25 ming 925 nafardan iborat.

2020 yil yakuni bo‘yicha 28 mingdan ortiq voyaga yetmagan lo‘lilar qayd etilgan bo‘lib, ularning 15 ming nafari uyda, 428 nafari maktabgacha ta’lim muassasalarida, 12 ming nafari umumta’lim maktablarida, 98 nafari kollej va litseylarda ta’lim olmoqda. 2018 yilda 1200 dan, 2019 yilda 1400 dan va 2020 yilda 1800 dan ortiq lo‘li bolalariga ijtimoiy yordam berilgan.

Hozirda O‘zbekistonning turli hududlarida lo‘lilar to‘p-to‘p yoki tarqoq holda yashab, turg‘un hayot tarzini olib borishadi. Darbadar hayot tarzi saqlanib qolmagan. Ular, xususan, Buxoro, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo, Toshkent va Farg‘ona vodiysi viloyatlari mahalla va qishloqlarida o‘zbeklar bilan yonma-yon yashab kelmoqda.

 Bugun O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan lo‘lilarning turmush tarzi o‘tmishdagidan ancha farq qiladi. Boshqacha aytganda, ularning hayotida yangicha ijtimoiy va madaniy rivojlanish ko‘zga tashlanmoqda. Davlatimiz tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlardan lo‘lilar ham foydalanmoqda. Natijada tez orada lo‘lilarning tadbirkorlik yoki kichik biznes bilan shug‘ullanuvchi qatlami shakllandi. Ularning farzandlari ta’lim jarayoniga keng qamrab olinmoqda, ular orasidan ma’lumotli kadrlar yetisha boshladi.

Lo‘li/ruma millatiga mansub fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa huquqlarini ta’minlash sohasida yana qanday ishlar amalga oshirilishi lozim, deb hisoblaysiz?

– Jamiyatimiz taraqqiyotida o‘zaro hamkorlik va yordamga asoslangan urf-odat va an’analar muhim o‘rin tutib kelmoqda. Bu mamlakatimizda istiqomat qilayotgan kam sonli millatlarga mansub insonlarning huquqlari ta’minlanishida hal qiluvchi omillardan biriga aylandi. Bundan kelib chiqib, lo‘li/ruma millatiga mansub fuqarolarning huquqlari ta’minlanishini takomillashtirish maqsadida yana quyidagi yo‘nalishdagi ishlar amalga oshirilishi lozim:   

birinchidan, yurtimiz  hududida azaldan istiqomat qilib kelayotgan lo‘li millatiga mansub aholining milliy-diniy marosimlarining o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish;

ikkinchidan, lo‘lilarning an’anaviy xo‘jalik yuritish shakllari va bugungi kundagi asosiy oilaviy daromad manbalarini o‘rganish orqali ular yashaydigan hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish yo‘nalishlarini tahlil qilish;

uchinchidan, lo‘lilarning milliy-madaniy ehtiyojlarini e’tiborga olish va joylarda ushbu ehtiyojlarni qondirishga xizmat qiluvchi madaniyat, sport, san’at va boshqa markazlarni tashkil etish, jumladan, ushbu millat yoshlarini umummilliy sport turlariga jalb etish;

to‘rtinchidan, ular orasida fuqaroviy birdamlikni kuchaytirish va jamiyat hayotining barcha jabhalaridagi ishtirokini yanada kengaytirish.

Hozirgi kunda, shuningdek, lo‘li millatiga mansub ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa huquqlarini ta’minlash sohasida qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda:

lo‘li millatiga mansub ayollar huquqlarining himoyalanganligi bilan bog‘liq vaziyat doimiy monitoring qilinmoqda;

bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor xotin-qizlar aniqlanmoqda;

oilasida nogironligi bo‘lgan va 2 yoshgacha farzandi bo‘lgan lo‘li millatiga mansub fuqarolarning manzilli ro‘yxatlari shakllantirilmoqda, ularga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatilmoqda;

tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan lo‘li ayollarga bu borada amaliy ko‘mak berilmoqda;

o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishlarini ta’minlash uchun lo‘li/ruma millatiga mansub yoshlar va xotin-qizlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Shunday qilib, Yangi O‘zbekiston muhitida lo‘li millatiga mansub aholi hayotida ham yangilanishlar yuz bermoqda. Bugun ularning boshqa millat vakillari bilan tenglik va hamjihatlikda yashayotgani kishini quvontiradi.

Yurtimizda ko‘p sonli millat va elatlar manfaatlarini himoya qilishga katta e’tibor qaratilmoqda va bu e’tiborni har bir fuqaro o‘z hayoti misolida his qilishi juda muhim. Shunda ularning avvalo o‘z kelajagiga, shu bilan birga, farzandlari kelajagiga bo‘lgan ishonchi yanada ortadi.

Binobarin, inson  qadri – ulug‘, inson sha’ni – eng oliy qadriyat. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida kelgusi besh yildagi barcha islohotlar aholiga munosib turmush sharoiti yaratishga qaratilgani ayni muddaodir.

 

Oydin Ibrohimova suhbatlashdi

Powered by GSpeech