Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi (UNA-OIC) tashabbusi bilan “Insonparvarlik harakatini qo‘llab-quvvatlashda ommaviy axborot vositalarining o‘rni” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Qirol Salmon gumanitar yordam markazi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (OCHA) va Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligi (UNHCR) ko‘magida Sohil va Chad ko‘li havzasidagi ko‘chirilganlar va qochqinlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Donorlar konferensiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan tadbirda qator axborot agentliklari rahbarlari, xalqaro gumanitar ishlar bo‘yicha ekspertlar ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida ittifoq bosh direktori Muhammad bin Abd Rabbo Al-Yamiy OAV insonparvarlik inqirozini yengishdagi asosiy vositalardan biri ekani, gumanitar yordam xodimlari shu kuchdan foydalanib, samarali targ‘ibot olib borishi, vaziyatni nazorat qilishi, jamoatchilikni ezgu harakatni qo‘llab-quvvatlashga undashi lozimligini ta’kidladi. Shu bilan birga hamkasblarimiz faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar ham mavjudligiga to‘xtaldi.
Insonparvarlik yo‘nalishida faoliyat yurituvchi muassasalar hamkorligini kuchaytirish, gumanitar tashkilotlar sa’y-harakati va tashabbuslarini yoritishni muvofiqlashtirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa yo‘llarini ochishga chaqirdi.
Davra suhbati yakunida qator tavsiyalar berildi. Jumladan, axborot agentliklari va umuman ommaviy axborot vositalari o‘rtasida gumanitar yangiliklar mazmuni bo‘yicha axborot almashishni rag‘batlantirish, hamkorlik vositalarini muvofiqlashtirish, xalqaro yordam institutlari faoliyatini rag‘batlantirish, jamiyatning umumiy rivojiga xizmat qilish uchun OAVda “taraqqiyot uchun muloqot” konsepsiyasini chuqurlashtirish zarurligi ma’qullandi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA
- Qo'shildi: 29.10.2024
- Ko'rishlar: 848
- Chop etish