Xabar berilganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida quyi palataning 2023 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilgan edi.
Majlisda kun tartibidagi masala yuzasidan quyi palatadagi siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari fikrlarini bildirdi.
Aktam HAITOV, O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari:
— Hisobot davrida fraksiyamiz tomonidan qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati, saylovchilar bilan muloqot qilish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi. Deputatlarimiz fuqarolar tomonidan bildirilayotgan muammo va kamchiliklarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratdi.
Palataning 2023 yildagi faoliyatini tahlil qiladigan bo‘lsak, qonun ijodkorligi bo‘yicha ko‘p ishlar amalga oshirilgan. Lekin parlament nazoratini amalga oshirish borasidagi ishlarimiz yetarli emas. Joylardagi o‘rganishlar, saylovchilar bilan uchrashuvlar qonunlarimizni samarali ishlamayotganini ko‘rsatmoqda.
Fraksiyamiz ushbu sohadagi tashabbuslar yetarli bo‘lmadi, deb hisoblaydi. E’tiborimizdan chetda qolgan masalalar ham ko‘p. Shu sababli 2024 yildagi faoliyatimizda bir qator yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratamiz.
Shuningdek, davlat va jamiyat hayotidagi mavjud kamchiliklarni ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda joyiga chiqib, aholi fikrini o‘rgangan holda bartaraf etish amaliyotiga e’tiborni yanada kuchaytirish, parlament nazorati yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qarorlar ijrosi ustidan parlament nazoratining ta’sirchanligini yanada oshirish maqsadga muvofiq.
Shu bilan birga, Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan 2024 yilda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha hamda investitsiya, eksport va sanoat sohalaridagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash masalasida Hukumat bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz lozim bo‘ladi.
Umuman aytganda, Qonunchilik palatasining hisobot davridagi faoliyatini O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda, fraksiyalar va qo‘mitalar nazorat-tahlil faoliyati samaradorligini oshirish, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi hamda Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini o‘rnatishga alohida e’tibor qaratadi.
Alisher QODIROV, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari:
— Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining faoliyatini yanada rivojlantirish, ishlarni amaliy natijadorlik nuqtai nazaridan samarali tashkil qilish maqsadida fraksiyaviy intizomni kuchaytirish maqsadga muvofiq.
O‘tgan davrda fraksiyaning partiya bilan o‘zaro aloqalarini yanada kuchaytirish, joylardagi maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilari va umumiy o‘rta ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va ayollar muammolarini birgalikda hal etish borasidagi ishlar davom ettirildi.
Saylov okruglaridagi faoliyat davomida o‘tkazilgan uchrashuvlarda fuqarolar ko‘targan dolzarb muammolar, deputatlarning hududlardagi o‘rganishlari davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, saylovchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan mansabdor shaxslarga jami 16 ta deputat so‘rovi yuborildi.
Fraksiyamiz tomonidan deputatlarning faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida yangicha ishlash amaliyotiga o‘tildi. Ya’ni, butun deputatlik korpusini birlashtirgan holda, partiya, fraksiya va mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari bilan hamkorlikda ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu deputatlarimizning saylov okruglarida samarali ish olib borishiga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Fraksiya a’zolari nafaqat o‘zining yordamchilari, balki mahalliy deputatlar bilan ham faol hamkorlik qilishi hisobiga joylarda aholining muammolarini yanada chuqur o‘rganish va ularni hal etish imkoni yaratilmoqda.
O‘z navbatida, ushbu amaliyot mahalliy Kengashlar deputatlariga ham qulaylik yaratib, ularning joylarda respublika darajasida aniqlangan masalalarni fraksiya majlislarida ko‘tarish, qonunchilikka taklif berish imkonini yaratmoqda.
Zuhra IBRAGIMOVA, “Adolat” SDP fraksiyasi rahbari:
— Fraksiyamiz tomonidan hisobot davrida partiya saylovoldi dasturida ilgari surilgan maqsad va g‘oyalar asosida elektorat manfaatlarini himoya qilish, xususan, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, sud-huquq, sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash, sohaga doir qonunchilikni takomillashtirish hamda parlament nazoratini o‘rnatish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Parlament nazorati sohasidagi palataning faoliyatini biz ijobiy, deb ayta olmaymiz. “Hukumat soati”, “parlament eshituvlari”da ayrim hollarda hukumat a’zolari emas, balki ularning o‘rinbosarlari ishtirok etmoqda. Bu esa parlament nazorati instutining nufuzini pasaytirmoqda va Hukumat a’zolarining mas’uliyatsizligiga olib kelmoqda.
Deputatlar tomonidan yuborilgan deputat so‘rovlariga esa javoblar yuzaki, vazirning o‘rinbosarlari yoki boshqa mas’ullardan javob qaytarish holatlari uchramoqda.
Shu sababli, fraksiyamiz kelgusida parlament nazorati instituti samaradorligini oshirish hamda bu jarayonda quyidagi jihatlarga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.
Xususan, Qonunchilik palatasining parlament nazorati tadbirlari samaradorligini ta’minlash, jumladan, deputat so‘rovlarining ta’sirchanligini oshirish muhim ahamiyatga ega. Bunda saylovchilar tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb masalalar yuzasidan davlat organlariga yuborilayotgan deputat so‘rovlariga berilayotgan javoblarni muntazam tahlil qilib borish lozim.
Shuningdek, har uch oyda bir marotaba Qonunchilik palatasining majlisini deputat so‘rovlariga kelayotgan javoblarni tahlil qilishga bag‘ishlangan holda o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman.
Muxtasar aytganda, fraksiyalar a’zolarining qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalanish bo‘yicha faolligini oshirish lozim. Bu borada Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining ilmiy salohiyatidan foydalanish g‘oyatda muhim.
Ulug‘bek INOYATOV, O‘zXDP fraksiyasi rahbari:
— Qonunchilik palatasining 2023 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiya yig‘ilishida tahliliy muhokama qilindi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, xisobot davrida yangi tahrirdagi Konstitutsiyadan kelib chiqib, parlament faoliyatiga doir qonunchilikni takomillashtirish, uning faoliyatini yangi konstitutsiyaviy-huquqiy tamoyillar asosida tashkil etish, qonun ijodkorligi samaradorligini yanada oshirish, mazkur jarayonda jamoatchilik ishtirokini yanada kuchaytirish kabi masalalarning huquqiy asoslarini mustahkamlashga ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida e’tibor qaratildi.
O‘tgan davrda deputatlar o‘z qonunchilik tashabbusi huquqidan samarali foydalanib, fuqarolarning murojaatlari, saylov okruglaridagi o‘rganishlar jarayonida aniqlangan masalalarga huquqiy yechim topishga qaratilgan qonun loyihalari ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish uchun kiritilganligini ijobiy baholaymiz.
To‘g‘ri, o‘tgan davr mobaynida palata faoliyatida salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Shu bilan birga, keyingi yillarda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratish kerak, deb hisoblaymiz.
Birinchidan, fraksiyalar palataga kelib tushgan qonun loyihalari bilan cheklanib qolmasdan joylarda o‘tkazilgan nazorat-tahlil tadbirlaridan kelib chiqib, “Bir fraksiya — bir loyiha” tamoyili asosida shaxsiy tashabbuskorlikni kuchaytirishlari lozim.
Ikkinchidan, fraksiyalar tomonidan parlament nazoratining ta’sirchan shakllaridan yanada unumli foydalanish borasida tashabbuskorlikni yanada kuchaytirishni tavsiya etamiz. Bu esa palatada amalga oshirilayotgan parlament nazorati tadbirlarining natijadorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Uchinchidan, hisobotda saylovchilar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar soni juda ko‘pni tashkil etgan. Ammo o‘tgan davrda deputatlar tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga yuborilgan deputatlik so‘rovlarini soni esa kelib tushgan murojaatlarning bor yo‘g‘i 2 foizini tashkil etmoqda. Demak, biz keyingi yillarda deputatlik so‘rovlarini yuborish amaliyotidan samarali foydalanishimiz va aholini qiynab kelayotgan ijtimoiy masalalarni yechimi bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratishimiz lozim bo‘ladi.
Shundan kelib chiqib, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2023 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini qo‘llab-quvvatlaydi.
Xayrullo G‘AFFOROV, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari:
— Siyosiy islohotlarga boy bo‘lgan 2023 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ham o‘z faoliyatini ularga hamohang tarzda amalga oshirdi. Qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil tadbirlari, saylovchilar bilan uchrashuvlar va ularda ko‘tarilgan masalalarni bartaraf etishda salmoqli ishlar qilinganini yuqori baholagan holda 2024 yilda quyidagi asosiy yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratish kerak, deb hisoblaymiz.
Deputatlarning qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalanish bo‘yicha tashabbuskorligini kuchaytirish lozim. Bunda, aholini o‘ylantirib kelayotgan dolzarb masalalar hamda partiyaning caylovoldi dasturlarida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, qonunchilikni yanada takomillashtirishga e’tibor qaratiladi.
Parlament nazorati yo‘nalishida ham birinchi navbatda, keng jamoatchilik tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb masalalarni o‘rganish hamda mazkur masalalar yuzasidan tegishli mansabdor shaxslarning axborotini eshitib borishni yanada kuchaytirish darkor.
Parlament nazoratining barcha shakllaridan samarali foydalangan holda davlat va jamiyat hayotidagi mavjud kamchiliklarni ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda joyiga chiqib, aholi fikrini o‘rgangan holda bartaraf etish amaliyotiga e’tiborni kuchaytirish kerak, deb hisoblaymiz.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining hisobot davridagi faoliyatini fraksiyamiz a’zolari to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.
O‘zA
- Qo'shildi: 26.01.2024
- Ko'rishlar: 2174
- Chop etish