Iste’molchi hamisha haqmi?

Jahon savdo amaliyoti va ishlab chiqarishida "iste’molchi hamisha haq", degan bir oltin qoida bor. Bu qoidaning ustuvorligini ta’minlash uchun iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslari ishlab chiqilgan.

Xo‘sh, mamlakatimizda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish uchun qanday huquqiy asoslar mavjud? 

Avvalambor, mazkur masala mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladigan, yagona huquqiy makonning asosini tashkil qiluvchi konstitutsiyamiz bilan tartibga solingan. Konstitutsiyaning 65-moddasida davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratadi, iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlaydi, deb belgilab qo‘yilgan. Iste’molchilar huquqlari ustuvorligining konstitutsiya darajasida belgilab qo‘yilgani, boshqa normativ hujjatlarni qabul qilish, ularni qo‘llashda ham ushbu qoida ustuvor ekanligini anglatadi. 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 57-bobi, uchinchi paragrafi, “Tovarlar, ishlar, xizmatlardagi nuqsonlar oqibatida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash” deb nomlangan bo‘lib, mazkur paragrafdagi 1017-1020-moddalarda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishning asoslari, ushbu huquq subyekti, obyektlari va huquqlarni himoya qilish uchun qonunda belgilangan muddatlar o‘z aksini topgan. 

Jumladan, Fuqarolik kodeksining 1017-moddasiga ko‘ra, tovarning (ishning, xizmatning) konstruktiv, retsepturaviy yoki boshqa nuqsonlari oqibatida, shuningdek tovar (ish, xizmat) to‘g‘risidagi ma’lumot noto‘g‘ri yoki yetarli emasligi oqibatida fuqaroning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga yoxud yuridik shaxsning mol-mulkiga yetkazilgan zarar sotuvchi yoki tayyorlovchi (ijrochi) tomonidan, ularning aybidan va jabrlanuvchi ular bilan shartnoma munosabatlarida bo‘lgani yoki bo‘lmaganidan qat’i nazar, qoplanishi lozim. 

Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar tovarni (ishning bajarilishi, xizmatning ko‘rsatilishi) tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun emas, balki iste’mol maqsadlari uchun sotib olingan hollardagina qo‘llaniladi, deb belgilab qo‘yilgan. 

Yuqoridagilardan tashqari, 1996-yil 4-aprelda qabul qilingan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun bu sohadagi maxsus qonun hujjati hisoblanadi. 

Mazkur qonunning 1-moddasida, asosiy tushunchalarga ta’rif berilgan. Unga ko‘ra, iste’molchi – foyda chiqarib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda shaxsiy iste’mol yoki boshqa maqsadlarda tovar sotib oluvchi, ish, xizmatga buyurtma beruvchi yoxud shu niyatda bo‘lgan fuqaro (jismoniy shaxs) hisoblanadi, deb ta’rif berilgan. 

Mazkur qonunning 4-moddasiga ko‘ra, iste’molchilar: tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish; tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo‘lishi; tovar (ish, xizmat)ning xavfsiz bo‘lishi; hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni bo‘lgan tovar (ish, xizmat), shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning g‘ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, ma’naviy zararning to‘liq hajmda qoplanishi; buzilgan huquqlari yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlari himoya qilinishini so‘rab sudga, boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat etish; iste’molchilarning jamoat birlashmalarini tuzish huquqlariga ega bo‘ladilar. 

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunining 8-moddasi, birinchi qismi, 8-bandiga ko‘ra, iste’molchilar – o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq da’volar yuzasidan davlat boji to‘lashdan ozod qilingan. 

Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, respublikamizda iste’molchilarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslari to‘la ishlab chiqilgan. 

Biroq iste’molchilarning o‘z qonuniy huquq va majburiyatlarini to‘la ravishda bilmasliklari, shartnomaviy huquq va majburiyatlariga to‘la ravishda e’tibor qaratmasliklari ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida tushunmovchiliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. 

Jumladan, da’vogar sudga da’vo ariza bilan murojaat qilib, o‘zi tomonidan muddatli to‘lov sharti bilan sotib olingan tovar yetarli sifatga ega bo‘lmaganini vaj qilib, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun talabidan kelib chiqib, javobgardan penya undirishni talab qilgan. Fuqarolik ishida mavjud hujjatlar va taraflarning tushuntirishlaridan taraflar o‘rtasida, ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq shartnoma emas, oldi-sotdi shartnomasi tuzilganligi, da’vogar tomonidan mahsulotni qabul qilib olishida to‘lovlar amalga oshirilmaganligi aniqlangan. 

Mazkur holatda da’vogarning penya undirish haqidagi talablarini qanoatlantirish uchun asoslar mavjud emas. 

Shuningdek, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 22-moddasi, 1-qismiga ko‘ra, iste’molchining huquqlari buzilishi tufayli unga yetkazilgan ma’naviy zarar uchun uni yetkazgan shaxs, basharti u aybdor bo‘lsa, haq to‘lashi lozim. Ma’naviy zarar uchun to‘lanadigan haq miqdorini sud belgilaydi. 

Mazkur qonunning 20-moddasi, 1-qismiga ko‘ra, tovar (ish, xizmat)ning tuzilishiga, ishlab chiqarilishiga, tarkibiga bog‘liq bo‘lgan va boshqa nuqsonlari, shuningdek, iste’molchining hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkining xavfsizligini ta’min eta olmaydigan materiallar, uskunalar, asbob-anjomlar, moslamalar yoki boshqa vositalar qo‘llanilishi oqibatida iste’molchining hayotiga, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozimligi belgilagan bo‘lib, sotib olingan tovarning nuqsonlari oqibatida iste’molchining hayotiga, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetkazilganligini tasdiqlovchi dalillar fuqarolik ishi hujjatlarida mavjud emas. 

Da’vogar o‘ziga nuqsonli tovar sotilganligi oqibatida ma’naviy zarar yetkazilganligini vaj qilib keltirgan bo‘lsada, tovardagi nuqsonlar sotib olishidan avval mavjud bo‘lganligini va oqibatda o‘ziga mulkiy yoki boshqa tusdagi zarar yetkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni sudga taqdim qilmagan. 

Mazkur holatda, iste’molchining penya va ma’naviy zarar undirish haqidagi talablarini qanoatlantirish uchun asoslar mavjud emasligi sababli da’vo ariza qanoatlantirishdan rad qilingan. 

O‘zA 

Powered by GSpeech