Jamiyat islohotlari – mamlakat taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi!

Mamlakatimizda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarda fuqarolik jamiyati institutlarining roli, ahamiyati hamda ijtimoiy faolligi oshib bormoqda.

Jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy maqsadlarga erishish, fuqarolarning siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish, ularning ma’naviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarini qondirishda nodavlat notijorat tashkilotlari faol.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida «Fuqarolik jamiyati institutlari» uchun alohida bob (13-bob) ajratilib, fuqarolik jamiyatining asosi konstitutsiyaviy me’yor bilan belgilandi.

Davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali va konstruktiv muloqot mexanizmlari yo‘lga qo‘yilib, nodavlat notijorat tashkilotlarining ehtiyojlarini tahlil qilish hamda davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning muhim masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashish uchun maydon yaratildi. 

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatning har tomonlama jadal rivojlanishida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini tubdan oshirish, ularning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorligini kuchaytirish bo‘yicha tizim yaratildi.

Joriy yilning 26 avgust kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Farmonning ahamiyatli jihati shunda-ki, u bilan fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha «strategiya» tasdiqlandi, desak, har taraflama to‘g‘ri bo‘ladi. Ya’ni, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning oltita eng muhim yo‘nalishi hamda ularning qay tartibda amalga oshirilishi belgilab berilmoqda.

Davlat va jamiyat hayotida fuqarolik jamiyati institutlari faolligini yanada oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’naviy va gumanitar sohalarni rivojlantirishda ularning salohiyatidan to‘laqonli foydalanish belgilanmoqda.

Buni nimada ko‘rishimiz mumkin? Eng avvalo davlatmiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning «jamiyat islohotlar tashabbuskori» degan g‘oyasini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Mazkur g‘oyadan kelib chiqqan holda milliy davlatchiligimiz boshqaruvida tub islohotlar amalga oshirildi. Bugun jamiyat tom ma’noda islohotlar tashabbuskoriga aylandi. «Jamoatchilik ma’qul desa, ma’qul, noma’qul desa, noma’qul bo‘ladi», degan ezgu tashabbus davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida o‘z ifodasini topmoqda.

Yurtimizda qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar jamoatchilik bilan bamaslahat qabul qilinmoqda. Bu o‘z navbatida, normativ-huquqiy hujjatlarning avvalo xalq manfaatlariga asoslangan holda qabul qilinishiga zamin yaratadi.

Ta’kidlash joizki, farmon bilan O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi raisiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va uning qo‘mitalari (komissiyalar) majlislarida vakil sifatida ishtirok etish huquqi, shuningdek ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini joriy qilish, amaliyotga to‘g‘ri qo‘llash yuzasidan takliflar kiritish hamda huquq va manfaatlarini ifoda etish vakolati berilmoqda.

Shu bilan birga, jamiyat manfaatlarini ko‘zlagan, joylarda saqlanib qolayotgan dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish bo‘yicha ham qator qulayliklar belgilanmoqda.

Ya’ni, endi fuqarolik jamiyati institutlari tegishli soha va tarmoqlarda mavjud muammolarning ta’sirchan yechimini nazarda tutuvchi tashabbusli loyihalarni amalga oshirish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasini olish to‘g‘risida manfaatdor davlat organiga takliflar kiritish huquqi ega bo‘ladi. 

O‘z navbatida, ularning tashabbusli loyihalari belgilangan tartibga muvofiq tegishli davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashi tomonidan ijobiy baholangan taqdirda, uning tashabbuskoriga davlat organining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ming baravarigacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish yo‘li bilan ijtimoiy buyurtma berilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirish uchinchi asosiy yo‘nalish sifatida belgilanib, vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan sohaviy va hududiy fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan har yili kamida bir marotaba ochiq muloqotlar o‘tkazilishi, vazirlik va idoralarga har yili fuqarolik jamiyati institutlariga byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ijtimoiy buyurtma berish bo‘yicha tanlovlar tashkil etish majburiyati yuklanmoqda.

Qayd etish kerakki, «Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari» tamoyiliga mos holda «O‘zbekiston 2030 strategiyasi»da ham bu masalalarga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, 2030 yilgacha erishiladigan maqsadlarning samaradorlik ko‘rsatkichlarida «Ijtimoiy sheriklikda amalga oshiriladigan loyihalar sonini kamida 3 baravarga ko‘paytirish», «Davlat dasturlarida ishtirok etayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari sonini kamida 80 taga yetkazish» strategiyaning 83-maqsadida o‘z ifodasini topgan.

Yana bir muhim masala, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishga ko‘maklashish yo‘lida ta’sirchan jamoatchilik nazorati olib borilishini rag‘batlantirish to‘rtinchi yo‘nalish sifatida belgilanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunning 3-moddasida «Jamoatchilik nazorati sub’ektlari» belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari jamoatchilik nazorati sub’ektlaridir» deb belgilangan. Ya’ni, har bir inson birinchi navbatda o‘zini-o‘zi nazorat qiladigan bo‘lsa, undan keyin yon atrofida bo‘layotgan voqea hodisalarga befarq bo‘lmasa, albatta hech qanday boshqa nazoratga ehtiyoj sezilmaydi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 iyuldagi «Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari tashkil qilingan bo‘lib, ularning aksariyatida kengash raisi davlat organi vakillari edi. Endilikda davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari raislari fuqarolik jamiyati institutlari vakillari orasidan tasdiqlanishi, ular faoliyatining samaradorligi har yili baholanishi va natijalari e’lon qilinishi, shuningdek, jamoatchilik kengashlarining faol a’zolari davlat organining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moddiy rag‘batlantirib borilishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, farmon bilan fuqarolik jamiyati institutlarining xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda ularning uyushmalari bilan hamkorligini mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularga o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Har yili dekabr oyining birinchi haftasida «Fuqarolik jamiyati haftaligi»ni o‘tkazish, uning doirasida Oliy Majlis, Adliya vazirligida nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan uchrashuv va muloqotlar tashkil qilish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarini rag‘batlantirish bo‘yicha tadbirlar tashkil etish, «Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlash, «Fuqarolik tashabbusi» milliy mukofotini ta’sis etish, jurnalistlar o‘rtasida «Oltin qalam» milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini yoritish yo‘nalishida nominatsiya tashkil etish ham fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan tizimli qo‘llab-quvvatlashning amaliy ifodasidir.

 

Dilmurod Izzatov, 

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Toshkent shahar hududiy bo‘linmasi boshlig‘i.

O‘zA

Powered by GSpeech